Muhim anjuman bo'sag'asida

1,060

Avval xabar berganimizdek, Kasaba uyushmalari Federasiyasi tashabbusi bilan 24-26 aprel kunlari Toshkentda «Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O'zbekiston tajribasi» mavzusida Xalqaro konferensiya bo'lib o'tadi. Ushbu nufuzli anjumanda qatnashish uchun tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar hamda kasaba uyushmalari markazlari vakillarining mazkur anjuman haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

— O'zbekistonda o'tkazilayotgan o'ta muhim va nufuzli tadbirda ilk bor ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lib turganimdan xursandman. Kezi kelganda ta`kidlashni istardimki, mana bir necha yillardan beri mehnatkashlar faoliya­ti bo'yicha XMT Byurosi bilan hamkorlik qilayotgan ushbu davlat biz uchun ustuvor mamlakatlar ro'yxatidan joy olib kelmoqda. Bu yurtingizda aholi farovonligini oshirish, bandlik, munosib mehnat ­sharoi­ti hamda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yo'nalishlarida amalga oshirilgan katta ishlar samarasidir. E`tiborli jihati, kasaba uyushmalari o'zining asosiy vazifalari bilan bir qatorda, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti hamda ijtimoiy sohada qonun ijodkorligi faoliyati bilan ham jiddiy shug'ullanayotir. Konferensiyada dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilamiz va to'plangan tajribalarimiz bilan o'rtoqlashamiz, bu esa barchamiz uchun faqat naf keltirishiga ishonchim komil.

Mariya Xelena ANDRE,
Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar faoliyati bo'yicha Byurosi (ACTRAV) direktori:

 

— Bu mening ushbu mamlakatga birinchi tashrifim emas. Biz yetarli darajada hamkorlik qilib kelayotirmiz. An`anaviy davra suhbatlari, seminar va treninglarda muntazam qatnashamiz. Shu bilan birga, ta`kid­lashim lozimki, mazkur konferensiya o'zining ko'lami va qatnashchilarning soniga ko'ra tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Anjumanda Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha kasaba uyushma markazlari ilk bor ishtirok etayotgani esa yanada quvonarlidir. Shubha yo'qki, Toshkent anjumani o'zining samarali natijalari bilan barchamiz uchun foydali bo'ladi.

Sergius
GLOVASKAS,
XMTning mehnatkashlar
faoliyati bo'yicha
Byurosi (ACTRAV)ning
Evropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri:

— Biz delegasiyamiz a`zolari bilan O'zbekistonga avtomobilda keldik. Bilasizmi, ikki davlat chegarasida odamlar gavjum, ularning yuzidagi minnatdorlikni ko'rmaslik mumkin emas. Qariyb chorak asrdan buyon masofa nuqtai nazaridan yonma-yon yashab kelgan bo'lsa-da diydorlashish imkonidan mahrum bo'lgan qarindosh­lar, og'a-inilar uchun mamlakatlarimiz o'rtasidagi inqilobiy munosabatlar o'zgarishi olamshumul yangilik sifatida qabul qilinmoqda. Axir bu insonlar taqdiriga daxldor xursandchilik. Ikki davlat rahbarlari xohish-irodasi bilan qo'yilgan ezgu qadamlar «ikki tilda so'zlashuvchi bir xalq»ning bir-biriga beqiyos mehrini uyg'otganini so'z bilan ta`riflash qiyin. O'zbekistonga kirib kelar ekanmiz, bizni yo'llardagi tig'iz transport oqimi chin ma`noda hayratga soldi. Buni xalqning farovonligi belgisi, bir so'z bilan aytganda, uning yaxshi yashayotganidan bir dalolat sifatida baholadik.
Qolaversa, bugun O'zbekiston va Tojikiston kasaba uyushmalari o'rtasida o'zaro hamjihatlik va hamkorlikda ishlash ­bo'yicha Memorandumni imzolaganimiz, o'ylaymizki, munosabatlarimizda muhim qadam, izchil hamkorlik yo'lida mustahkam zamin bo'lib xizmat qiladi. O'zbekiston kasaba uyushmalarining global muammolar yuzasidan o'ziga xos muloqot maydoni yaratib, xalqaro konferensiya tashkil etayotgani yanada quvonarli. Anjuman ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolamiz.

Qosim Qodiriy,
Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi:

 

— O'zbek va qozoq xalqlarini dunyodagi eng yaqin qardosh ellar desam mubolag'a qilmagan bo'laman. O'zim tarixchi bo'lganim uchun ham bizning o'tmishimiz bir-biriga uzviy tutashib ketganini alohida ta`kidlagim keladi. Sizlarning muvaffaqiyatingizni o'z xalqimning yutug'i sifatida baholayman. Bugun O'zbekiston dunyoga shiddat bilan uyg'unlashuvni boshladi, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilayotgan ulug'vor va ezgu g'oyalar, istiqbolli, har ikki davlat uchun nihoyatda yuksak ahamiyatga ega bo'lgan tashabbuslarni Qozog'istonning har bir fuqarosi mamnuniyat bilan kutib olmoqda. Biz hamjihatlik tarafdorimiz. Xalqaro konferensiya kun tartibiga qo'yilgan masalalar biz uchun ham muhim va ahamiyatli. Biz unda faol ishtirok etib, ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash niyatidamiz.

Marat Togjanov,
Qozog'iston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisining o'rinbosari:

— Biz O'zbekistonning barcha yo'nalishlardagi ochiq va pragmatik siyosatini to'la qo'llab-quvvatlagan holda, bundan buyon izchil hamkorlik taklif etilayotganidan bag'oyat xursandmiz. Xalqlarimiz o'rtasidagi azaliy yaqinlik ham bunga hamohangdir. Aynan shunga ko'ra ham O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining yaqin qo'shni mamlakatlar kasaba uyushmalari bilan o'zaro aloqalarni yanada mustahkamlash niyatida ekanligi bizni behad quvontiradi. Chunki birgalikda muhokama qiladigan, hamjihatlikda yechim izlaydigan masalalarimiz oz emas. O'ylaymizki, ertaga boshlanajak xalqaro konferensiya bu fikrlashuvlar uchun o'ziga xos platforma vazifasini o'taydi.

Risgul Babaeva,
Qirg'iziston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisining o'rinbosari:

 

 

O'z muxbirlarimiz.

 

Boshqa xabarlar