«Olim kerakkim, mutaqqiy bo'lsa va ogoh…»

684

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yadro fizikasi ­institutida Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuvda fan bilan ishlab chiqarish o'rtasidagi integrasiyani mustahkamlash, har bir ilmiy ishga mahsulot sifatida qarab, xaridori oldindan aniq bo'ladigan tizim yaratilsagina maqsadga erishish mumkinligini alohida ta`kidlagan edi.

Fanning dolzarb vazifalarni hal etishda fidoyi olimlar, o'z kasbiga sadoqatli mutaxassislarning mehnatini rag'batlantirish, iqtidorli yoshlarni ilmga va oliy ta`lim faoliyatiga jalb etish katta ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari bu jarayonga alohida ­e`tibor qaratib kelmoqda. Qator farmon va qarorlar bilan ilmiy hamda ilmiy-texnik faoliyat natijalarini jadal va keng joriy qilishning huquqiy, moddiy asoslari belgilab berildi.
Mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi negizida ta`lim hamda ilm-fan yutuqlari markaziy joy egallashini to'liq his etgan holda soha vakillari bu mas`uliyatni chuqur his etmoqda.
Ilmiy faoliyatda muvaffaqiyatni ta`minlaydigan ichki va tashqi omillar mavjud. Ichki omil – fandagi muayyan masalani hal etishga qaratilgan harakatlar majmuasi bo'lib, tadqiqotchining mavjud salohiyati, fanda tutgan o'rni, masalaga bo'lgan munosabati va psixologik kechinmalaridan iborat. Tashqi omil esa ilmiy faoliyat natijalarini ro'yobga chiqarishga, o'sishi va rivojlanishiga qaratilgan harakatlar jamlanmasi bo'lib, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag'batlantirish, moliyaviy ko'mak berish, zarur sharoitlarni yaratish orqali ko'proq namoyon bo'ladi. Har ikki omilning uyg'unligi esa ta`lim va ilm-fandagi samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
O'tgan 20-25 yil vaqt oralig'ida ilmiy tadqiqotlar saviyasining umumiy darajasi tushib ketishi, fandagi o'zbekis­tonlik olimlar ulushining bir muncha pasayi­­shi, ilmiy ishlanmalarning joriylashtirish mexanizmlarining ma`qul darajada ishlamagani kabi holatlarni olimlar o'rtasidagi ichki raqobatning mavjud emasligi bilan ham izohlash mumkin. Barchaning mehnati natijalari bir xillashtirilib, oylik moddiy daromadlarning miqdori ilmiy faoliyat samaradorligi bilan emas, faqatgina ilmiy unvon va darajalarning mavjudligi bilan chegaralanib qoldi. Buning oqibatida esa tegishli ilmiy darajalarga yetishgan ayrim olimlarda bir oz «xotirjamlanish», «o'zibo'larchilik» holatiga o'tish, ilm-fan sohasida yangi masalalarni qo'yish va ularni hal etish o'rniga ajratilayotgan grant mab­lag'lari doirasida chegaralanish kabi holatlar paydo bo'ldi.
Tabiiyki, bu gaplar butun ilm ahli uchun umumiy bo'lgan holat hisoblanmaydi. Yuzaga kelgan vaziyat va muammolar o'z yechimini bir kunda topmasligi barchaga ma`lum. Buning uchun tizimli ravishda faoliyat yuritish zarur. Shu o'rinda mamlakatimizda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni amalga oshirish, innovasion rivojlanishni ta`minlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishda mavjud moliyaviy va moddiy resurslardan samarali foydalanishni ta`minlashga qaratilgan 14 iyuldagi «Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Prezident qarori ham tarixiy ahamiyatga ega bo'lganini alohida ta`kidlash joiz. Bu hozirgi kunda oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchini orttirishga, ilmiy-tadqiqot muhitini mus­tahkamlash va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish orqali moddiy daromadlarini orttirishga imkoniyat yaratadi. Bu boradagi islohotlar barqarorligini ta`minlash oylik ish haqlari va boshqa moddiy daromadlarning miqdorini ilmiy tadqiqotlarning samaradorligidan kelib chiqqan holda belgilaydigan ichki raqobat tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog'liq. Bunda xorij taj­ribasini chuqur o'rganish, tahlil qilish va mahalliy xususiyatlarini inobatga olish katta ahamiyatga ega.
Ichki raqobat tizimini shakl­lantirish ilmiy-tadqiqot jarayonini boshqarishda bir qator qulayliklarni keltirib chiqaradi. Ma`lumki, hozirgacha mavjud bo'lgan tizimga binoan ilmiy loyihalarning samaradorligi oraliq, yillik va yakuniy monitoring kuzatuvlari orqali aniqlangan. Ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning hozirgi kungacha amal qilib kelgan tizimi sohada mavjud bo'lgan muammolarni o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni ta`minlamadi. Aynan ichki raqobat tizimining joriy etilishi va uning amaldagi ijrosini ta`minlash tegishli oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari javobgarligining oshirilishi masalaning yechimi sifatida qabul qilinishi mumkin. Bu holat O'zbekiston Respublikasi Ma`muriy islohotlar konsepsiyasining maqsad va vazifalariga monand keladi. Tizimning muvaffaqiyatli ishlashi ushbu faoliyat turi samaradorligini nazorat etishga qaratilgan turli xil komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalarni tubdan qisqartirish imkoniyatini beradi. Eng muhimi, natijalarning sifat darajasini baholash, samaradorligi va raqobatbardoshligini belgilash jarayoniga sub`ektiv yondashuvlarni cheklashga yordam beradi va korrupsiya elementlari ulushlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Ilmiy faoliyatni qo'llab-quvvatlash, ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish, fan va ishlab chiqarish integrasiya­sini kengaytirish borasidagi qabul qilinayotgan qarorlar mamlakatimizning ertangi kunidagi taraqqiyotining zamini hisoblanadi. Fan va oliy ta`lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash keng doiradagi masalalarni hal etish imkoniyatini bermoqda. Eng avvalo, bu fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga, mavjud iqtisodiy va ijtimoiy masalalar yechimiga zamonaviy fan yutuqlari va tajribasini qo'llashga, ilmiy bilimlarni targ'ibot qilish hamda jamiyatda ilmiy faoliyatga bo'lgan hurmat va munosabat darajasini orttirishga olib keladi. Zero, olimlarining ilmiy salohiyati yuqori mamlakat har qanday iqtisodiy va ijtimoiy silsilalarga bardoshli bo'ladi.
Hazrat Navoiy «Mahbub ul qulub» asarida ilm va olimlar haqida so'z yuritar ekan, «olim kerakkim, mutaqqiy bo'lsa va ogoh» deya alohida qayd etadi.
Bugun biz, olimlarning asosiy vazifamiz shunday bo'lmog'i kerak: har bir ilm taraqqiyotga xizmat qilsin, elga naf keltirsin.

Komiljon TOJIBOEV,
Botanika instituti direktori,
akademik

Boshqa xabarlar