O'qituvchilarga yengillik yaratildi

493

Gazetaning joriy yil 17 iyul sonida «Qog'ozda kamayayotgan qog'ozbozlik» sarlavhali maqola chop etilgan edi. Xalq ta`limi vazirligi maqolada bayon etilgan takliflar uchun minnatdorchilik bildirib, quyidagicha munosabat bildirgan.

Xalq ta`limi tizimida ayni paytda 408 ming nafar o'qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning orasida maktab direktorlarining ma`naviy-ma`rifiy va o'quv ishlari bo'yicha o'rinbosarlari hamda sinf rahbarlariga alohida haq to'lanadigan funksional vazifalarning yuklatilgani, o'z navbatida, qo'shimcha hujjatlar yuritilishini talab etadi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta`limi xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risidagi» 275-sonli qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan «Xalq ta`limi xodimlari mehnatiga haq to'lash to'g'risidagi nizom» ning 15-bandida o'qituvchilarning yillik ish rejasi choraklar va oylar bo'yicha taqsimlangan bir yildagi 1548 soat miqdoridagi ish vaqtining jamlangan hisobidan kelib chiqishi ko'rsatib o'tilgan.
Vazirlikning 2016 yil 4 fevraldagi 33-sonli buyrug'i bilan umumiy o'rta ta`lim maktablari pedagog xodimlarining ish hujjatlari optimallashtirilgan va ularning asosiy faoliyati dars, darsga tayyorgarlik ko'rish va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarga qaratilgan.
Jumladan, o'qituvchidan yillik ish rejasi, taqvim mavzu rejasi, dars konspekti, dars kuzatish daftari, sinf jurnalini yuritish hamda sinf rahbarlari uchun tarbiyaviy ishlar rejasini tuzish belgilab berilgan. Ushbu hujjatlarni yuritish o'qituvchining lavozim majburiyatlaridan kelib chiqqan holda joriy etilgan.
Hozirgi kunda vazirlik tomonidan ushbu hujjatlarni yanada soddalashtirish va kamaytirishga qaratilgan yangi huquqiy-me`yoriy hujjat ustida ishlanayotgani, o'qituvchilar yuritishi lozim bo'lgan hujjatlarni imkon qadar kamaytirish, xususan, xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda hujjatlarni elektron shaklda yuritishni joriy etish masalasi ko'rib chiqilmoqda.

Boshqa xabarlar