Muhokamada matbuot istiqbollari

527

Siz nima deb o'ylaysiz, matbuotning kelajagi bormi? Internet jurnalistikasi va ijtimoiy tarmoqlar kun sayin rivojlanib borayotgan bir pallada raqobatga bardosh bera oladimi? Bosma nashrlarda berilayotgan maqolalar gazetxon uchun qay darajada ahamiyatli?

Farg'ona shahrida O'zbekiston Jurnalis­tika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi hamkorligida tashkil etilgan «Axborot maydonida elektron OAV, ijtimoiy tarmoqlar va bosma nashrlar mutanosibligi» mavzusidagi ilmiy-­amaliy konferensiyada shu kabi savollar atrofida bahs va muhokamalar bo'ldi. Unda mamlakatimizdagi yetakchi markaziy nashrlar bosh muharrirlari, internet saytlari vakillari, vodiy viloyatlarida faoliyat ko'rsatayotgan bir guruh jurnalistlar ishtirok etdi.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Muhammadjon Obidov keyingi paytda har sohada dunyoga yuz ochayotgan O'zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham jiddiy o'zgarish­­lar ko'zga tashlanayotganligi, matbuotni chinakam xalq minbariga aylantirish yo'lida katta sa`y-harakatlar olib borilayotganligi xususida so'z yuritdi. Shu bilan birga, jurnalistlar oldida turgan bir qator muammolar, gazetalarning ertangi kuni bilan bog'liq muhim masalalar borligini ham ta`kidlab o'tdi.

Tan olish kerak, so'nggi yillarda OAVga bo'lgan e`tibor keskin o'zgardi. Taqqoslash uchun gazetalarning hech bo'lmaganda oxirgi bir yillik taxlamlarini varaqlab ko'raylik. Mamlakatda kechayotgan islohotlar jarayoni, odamlarning ong-u tafakkuridagi o'zgarishlarni aks ettiruvchi hayotiy maqolalar ko'payayotganligini ko'ramiz. Shu bilan birga, taraqqiyotga to'g'anoq bo'layotgan omillar, yon-atrofimizdagi ijtimoiy muammolar, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyilni hali-hamon hazm qilolmayotgan ayrim rahbarlarning eskicha ish uslubi ro'yi-rost ochib berilayotgan tanqidiy materiallar soni ortib bormoqda. Ayni jarayon elektron OAVda ham yaqqol ko'zga tashlanayotir. Internet nashrlarining auditoriyasi kengaymoqda. Odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatdagi o'zgarishlarga faol munosabat bildirishayotir. Bularning barchasi so'z erkinligi, ochiq-oshkoralik tamoyillarining hayotda o'z ifodasini topayotganidan dalolat.

O'zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko'chimovning ta`kidlashicha, ayni paytda matbuotda o'tkir tish­li-tirnoqli materiallar sonini oshirishni hayotning o'zi taqozo etmoqda. Davlatimizning bugungi siyosatiga to'siq bo'layotgan muammolarni dadillik bilan jamoatchilik e`tiboriga havola etishimiz kerak. Buning uchun jurnalistlardan puxta bilim, jasorat, yangicha yondashuv talab etiladi. Yana bir jihat, ichki senzuradan qutula olmagan odam hech qachon katta mavzularni ko'tarib chiqa olmaydi. Qolaversa, chet ellik hamkasblarning ish tajribasini kuzatib borish zarur.

«Hurriyat» gazetasi bosh muharriri ­Qulm­­an Ochilning fikriga ko'ra, matbuotda tahlil ham, tanqid ham bor. Biroq chop etilayotgan har bir maqolada ham yangi fikr ko'zga tashlanayapti, deb ayta olmaymiz. Hozir hamkasblarimiz to'p­langan katta-kichik davralarda «Gazetaning kelajagi bormi? Internet nashrlari uning o'quvchilarini tortib olmayaptimi?» degan savol tez-tez muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, hech bir OAV matbuotning o'rnini bosa olmaydi. Gazetaning ommabop bo'lishi esa uning qiyofasini belgilovchi muharriri hamda tahririyatdagi jurnalistlarga bog'liq.

Shu o'rinda xorij OAVlari xususida so'z yuritsak. Aytaylik, Xitoyda internet tezligi bizga nisbatan ancha yuqori. Elektron nashrlar juda ommalashgan. Shunga qaramay, bosma davriy nashrlar o'quvchilari soni so'nggi paytlarda yiliga 3 foizga ortayotganini kuzatish mumkin. Yaponiyada gazetalar million-million adadda bosilmoqda. Hindistonda tonggi gazetalarning muxlislari ortsa ortmoqdaki, kamaygani yo'q. Xorij filmlarini kuzatsangiz, aksariyat qahramonlari nonushtani gazetalarning yangi sonini varaqlash bilan bosh­lashadi. Internet ta`siri tufayli Buyuk Britaniyada yuz yildan ziyod vaqt davomida chop etib kelingan nufuzli gazetalardan biri inqirozga yuz tutdi. Biroq oradan uch yil vaqt o'tar-o'tmay, o'quvchilarning istak­lariga binoan yana nashr etila boshlandi. Bundan ko'rinadiki, bosma matbuotning axborot maydonida o'z o'rnini mustahkam saqlab qolishi uning saviyasi, mavzu-mundarijasi, odamlarning dilida, tilida turgan gaplarni o'z sahifalarida aks ettirishiga bog'liq.

Konferensiyada, shuningdek, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiya­lar universiteti prorektori Fayzulla Mo'minov, «O'zbekiston ovozi» gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov, «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, «Xalq so'zi» gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Jamoliddin To'xtashev, «daryo.uz» internet nashri rahbari Alisher Azimov,  Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo'limi raisi Nazirjon ­Saidov va boshqalar matbuotni chinakam xalq minbariga aylantirish, jurnalistikaning ta`sir kuchini yanada oshirish, odamlarga xolis, haqqoniy va tezkor axborot yetkazish, eng muhimi, xalqning fikrini shakllantirish borasida oldinda turgan vazifalar, bu yo'ldagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Jamshid ERGAShEV,

Nurillo NO'`MONOV,

«Ishonch» muxbirlari

Boshqa xabarlar