Madaniyatli odamlar udumlari

512

Har bir xatti-harakat muayyan maqsadni ko'zlaydi va aniq bir vazifani bajaradi. Shu ma`noda to'yning vazifasi ham jaydari tilda aytganda, «besh-o'n nafar odamning oldiga dasturxon yozib, elning duosini olish»dan iborat. Dasturxon yozib, to'y qilish zamirida esa biror yigitning uylangani yoki qizning erga tekkanini ommaga ma`lum qilish maqsadi mujassam. Aslida, to'y — kishilik jamiyatining o'z tarixiy taraqqiyoti davomida erishgan muqaddas udum, ulkan madaniy hodisa hisoblanadi. Afsuski, keyinchalik soddagina harakatlar bilan o'z amalini topadigan bu an`anaga ko'plab ma`nolar yuklanib, u to'y qiluvchining manfaatlariga mos keladigan udumga aylandi. Eng yomoni, to'y tushunchasining tarkibida qarz ma`nosi shakllandi. Ya`ni, to'yga boruvchi to'yana berib, to'y egasini qarz qiladi. U esa faqat to'ylarda uziladi.

Shu tariqa muqaddas bir udum o'zining dastlabki mazmun-mohiyati va vazifalaridan uzoqlashib ketdi. Demak, muammoning yechimi to'yga bo'lgan qarashlarni o'zgartirish, odamlar ongni yangilashda o'z aksini topgan.
Xo'sh, kelin tushgan hovliga bir necha kun davomida borib turadigan tog'oralar nima vazifa bajaradi?! Bunga ham javob bor. Lekin javobning musbat ma`nosidan ko'ra manfiysi ko'proq. Uzoq yillardan buyon bu odatning ortiqchaligi haqida gapiriladi, biroq bu odat hamon davom etib kelmoqda. Gap shundaki, xalqimiz jamoa hayoti bilan yashaydi. Avvalo, «qudalar oldida past bo'lmaylik, ular yomon fikr­­ga bormasin, mahalladoshlari oldida ularning mavqei tushmasin, o'zimizning mahalladosh­lar ham gap qilmasin» degan qarash ko'pchilikning ongi va qalbini zabt etgan zalvorli og'ir yuk sifatida erkin harakat qilish yo'llarini to'sib turadi. Shuning uchun tog'ora yuborishga kuchi yetadigan, lekin bu urfni yoqtirmaydiganlar ham, bunga kuchi yetmaydiganlar ham bu odatni urf sifatida kam-ko'stsiz bajaradi.
Sirtdan qaraganda, to'y har kimning o'z ishi hisoblanadi. Shu sababli to'yni bir qolipga tushirish, u haqda qonun chiqarib, muayyan mezonlarini belgilash anchayin erish tuyuladi. Lekin bajarilayotgan amal an`ana sifatida jamiyat rivoji uchun to'siq bo'lish darajasiga yetib kelsa, ko'pchilikning vaqtini o'g'irlasa, mamlakatda ­to'plangan rizq-ro'zni (garchi u shaxsga qarashli bo'lsa ham) bema`ni sovurishga aylanib ketsa, u shaxsiylik darajasidan chiqib ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.
An`ana avloddan-avlodga uzatiladigan va qabul qilinadigan ijtimoiy hamda madaniy meros unsurlaridir. Mazmun-mohiyatiga ko'ra an`ana pozitiv xususiyatga ega bo'lib, davr mazmuni, odamlar ong-tafakkuri hamda ruhiy – ma`naviy olamiga mos kelgandagina qabul qilinadi. Shu bilan birga u jamiyat tomonidan qabul qilinmasligi, rad etilishi ham mumkin. Keyingi paytda yurtimizda farzand dunyoga kelgani munosabati bilan o'tkaziladigan «aqiqa» marosimi urfga aylanmoqda. Diniy qadriyat hisoblangan mazkur marosim sunnat to'yi o'rnini bossa, e`tirozga o'rin yo'q. Biroq ayrim joylarda har ikkisi ham o'tkazilmoqda. Kimdir o'tkazishiga monelik qilmaslik mumkindir, lekin bu tez orada urfga aylansa-chi? Unda ikki to'ylilik odati asta-sekin an`anaga aylanadi. Bundan ayon bo'ladiki, nomaqbul udumlarga ular an`anaga aylanmaslaridan oldin qarshi kurashish zarur.
Buning uchun esa, takror aytsak-da, ongimizni o'zgartirishimiz, unda bunyodkorlik va ezgulik an`analarini shakllantirishimiz darkor. Buning uchun bizda namuna va ulgu yetarli. Mana, yorqin misol: davlatimiz rahbari viloyatlarga safarlari davomida oddiy odamlarning xonadonlarda bo'lib, ularning dardu tashvishlari bilan tanishishdek nihoyatda xayrli bir an`anani boshlab berdi. U endilikda butun mamlakat bo'ylab keng quloch yoydi – joylardagi davlat, nodavlat tashkilotlari, o'zini o'zi boshqarish organlari rahbarlari bu ishni davom ettirmoqda. Tashriflar davomida ma`lum bo'layotgan xalqimizga xos fazilatlar kishiga huzur baxsh etadi. Ko'pgina xonadon egalari o'z hayotlaridan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun ekanliklarini quvonch bilan izhor etmoqda. Ulardan oiladagi kamchiliklar, muammolar haqida so'ralsa, faqat uch-to'rt so'z bilan javob qaytaradilar: «rahmat, o'zimiz eplaymiz, shukur»…
Quvasoy shahar mutasaddilari bir xonadonga borishganda ro'paradagi stol ortida o'tirgan uy egasi o'rnidan turmadi. Uning o'rniga ayoli peshvoz chiqdi… Hol-ahvol so'ralganda xonadon sohibi xabar olishgani uchun minnatdorlik bildirib, kamchiliklar haqida og'iz ochmadi. Ammo muammo aniq bo'lgan edi: uy egasining oyoqlari nogiron ekan. Bunday hamiyatli insonlar yurtimizda juda ko'p. Ular «Madaniy odam o'ziga ziyon yetkazsa yetkazadiki, lekin o'zini xo'rlamaydi» (R.Tagor) degan hikmatning jonli timsolidir.
Lekin… bunday insonlar qatorida turishga arzimaydigan kimsalar ham bor. To'g'ri, ular ozchilik, lekin bitta bo'lsa ham ko'p deb qarash kerak. Moddiy va ma`naviy yordam tariqasida uyi joriy ta`mirlangan odam o'g'lining ham uyini ta`mirlab berishni talab qilsa, beminnat yordam sifatida uyli bo'lgach, endi kommunal to'lovlarini ham to'lab beringlar desa… Bu ro'yxatni davom ettirishdan yurak bezillaydi. Xayriyatki, o'zining og'irligini birovning yelkasiga tashlash o'rniga fidokorona mehnat qilayotgan, yurtimiz taraqqiyotiga baholi qudrat hissa qo'shayotganlar juda ko'p. Bu an`ananing nomi bunyodkorlik. U barcha sohada mo'`jiza yaratishga qodir. Ana shunday an`analarimiz bardavom bo'lsin. Bu bizning qo'limizda. Shuni anglab yetsak, kifoya.

Topiboldi XOLDOROV,
«Nuroniy» jamg'armasi Fag'ona viloyati bo'limi raisi

Boshqa xabarlar