Zarurning zarari qancha? yoxud alifboni isloh etish bilan savodsizlikka barham bera olamizmi?

423

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarini lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga kiritilayotgan o'zgarishlar haqidagi munozaralar-u bahslar qizitmoqda.
Albatta, barcha o'z fikrini aytishga haqli. Shu yurtning fuqarosi, qolaversa, uzoq yillardan buyon mazkur sohada izlanish olib borayotgan mutaxassis sifatida ayni holatlar meni ham befarq qoldirmadi. Zero, bu, avvalo, savod masalasi, eng muhimi, tilimizning ertangi kuni bilan chambarchas bog'liq.
Garchi, uzoq mulohaza qilib yurgan bo'lsam-da, dilimdagilarni baribir tilimga ko'chirishga to'g'ri keldi.

Joriy yilning 22 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan til masalasiga bag'ishlangan konferensiya bo'lib o'tgan va ushbu masalar ham muhokama etilgandi.

Haqiqatan ham, til masalasi biz uchun nihoyatda dolzarb. Savodsizlik avj olayotgan, aytayotgan so'zimiz bilan yozayotgan yozuvimiz bir-biriga mos kelmayotgan, ayni chog'da, ko'cha-ko'yda, hattoki, rasmiy hujjatlarda ham xatolarimiz oshib-toshib borayotgan bir pallada bu masala nihoyatda muhimdir.
Ayni damda o'sha konferensiya­­da tilga olingan va ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida muhokamasi avj olgan birgina masala – lotin grafikasiga asoslangan o'zbek alifbosiga o'zgartirish kiritish bo'yicha ishlab chiqilgan takliflarga e`tibor qaratmoqchimiz.
Aslida hammasi shundan boshlanadi. Zero, savod chiqarish dastlab «alifning kaltak emasligi»ni bilishdir. To'g'rimi?
Eng avvalo, tarixdan misol. Har doim alifbo o'zgarishi savod darajasining tushib ketishiga olib kelgan. Eslaysizmi? Biz o'quvchilik paytimizda tarix kitoblarida bo'lardi: «Sobiq ittifoq tuzilgunga qadar xalqimiz savodsiz edi!?».
Shu onda esa mashhur shoir Rauf Parfining «Eng uzoq yozilgan tarjimai hol»i yodga tushadi:

… Otam – bog'bon. Savodsiz,
bizningcha,
Mashrabni o'qirdi eski yozuvda.
Onam – pillakor. Savodsiz,
bizningcha,
Hazrat Navoiyga tishi o'tardi.

Qanday qilib, deysizmi? Albatta, ular arab alifbosini bilardi. Aytmoqchi bo'lganimiz shuki, o'sha alifbo almashishi jabrini bugun ham tortmoqdamiz! Ajdodlarimiz bitgan qanchadan-qancha asarlarni o'qiy olmaymiz…
Bu gaplarni qo'ya turaylik. Mustaqillikka erishgach, biz lotin alifbosiga asoslangan yangi alifbomizni qabul qildik. Bu kerak edi. Davr taqozosi shunday edi. Ammo uni qayta-qayta isloh etishdan ne naf?
Balki, isloh etishga arzirli joylari bordir, dersiz. Chunonchi, «o'» va «g'» harflariga o'zgartirish kiritish, «ng» harfiy birikmasi va tovushini alifbodan chiqarish bo'yicha berilgan takliflarda mantiq bordek. Biroq «sh» va «ch» harflarini o'zgartirishga ehtiyoj bormi? Taklif etilayotgan «sh» va «ch» harflarining yangi shakli qo'lyozmada qanday aks etishini amalda sinab ko'rish uchun qayta-qayta yozib ko'rdim. Negadir o'xshamadi…
Xat-savod chiqarish uchun qo'liga qalam olgan bolakay bu harflarni qanday yozarkin? G'ayritabiiy elementga ega bu harflar uning husnixatiga qanday ta`sir ko'rsatar ekan?..
E`tibor bersak, dunyodagi aksariyat tillarda harfiy birikmalar mavjud va bu na yozuvda, na talaffuzda u qadar murakkablikni yuzaga keltirmaydi (agar shunday bo'lganida ular bundan allaqachon voz kechgan bo'lardi).
Keyinroq Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov bilan bo'lgan suhbatdan ma`lum bo'ldiki, alifbo masalasida tortishayotganlar uch guruhga bo'lingan: birinchi guruh alifbo shu holatda qolishi kerakligini, ikkinchi guruh ayrim harflarni o'zgartirishni, uchinchi guruh esa o'zbek tilidagi 6 ta unlini 9 taga ko'paytirishni taklif qilayotgan ekan.
Fikrimizcha, uchinchi guruhning taklifiga mutlaqo qo'shilib bo'lmaydi. «H» va «x» harflarini to'g'ri qo'llash ko'nikmasini egallash qanchalik qiyinligi (hatto ayrim filolog-mutaxassislar ham bu masalada ba`zan ikkilanib qoladi), imloviy xatolarning katta qismi shu harflarni chalkashtirib yozish bilan bog'liq ekanini yaxshi bilganimiz holda, nahot bunday holatlar ko'payishini istaymiz?
Shuhrat Sirojiddinov ma`naviyat, alifbo masalasida shoshma-shosharlikka yo'l qo'yish mumkin emasligini, bu boradagi achchiq tarixiy taj­ribalarni to'g'ri eslab o'tadi. Xo'sh, alifboga kiritayotgan hozirgi o'zgartirishlar xalqqa singib ketishiga, shu bilan savodxonlik keskin oshib ketishiga kim kafolat beradi? Bizning yana xato qilishga haqimiz bormi?
Alifboga o'zgartirish kiritish masalasi keyingi yil may oyigacha bo'lgan davrda umumxalq muhokamasiga qo'yilar, agar qabul qilinsa, u bilan bog'liq o'zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilar ekan. Kirill va lotin yozuvlari parallelizmi jamiyatda qancha muammo, ­e`tiroz va savodsizlikka sabab bo'layotgani bizga kamlik qilyapti chog'i? Yo'qsa, ikki alifbo va uch xil imlo (kirilcha, lotincha va yangi lotincha)ni o'zimizga aslo ravo ko'rmasdik.
Alifbo masalasi kun tartibiga chiqqach, ijtimoiy tarmoqlardan biridagi bir yarim ming nafarga yaqin ona tili va adabiyot fani o'qituvchilarini jamlagan «Metodik yordam markazi» chinakam bahs-munozara maydoniga aylandi. Foydalanuvchilar alifbodagi o'zgarishlar jamiyatda savodsizlikni avj oldirishini yakdillik bilan e`tirof etgan holda «Lingvistlar jamiyati»ni tuzib, bunday islohotga qarshi chiqish, umumxalq muhokamasida faol bo'lish kerakligini ta`kidladilar. Fikri ojizimcha, bunga ularning ma`naviy haqi bor.
Shu o'rinda yana bir savol tug'iladi: masalaning ma`naviy oqibatlarini oldindan to'liq tasavvur qila olmasmiz, lekin moddiy zararini-chi?
Shu to'rtta harfni o'zgartirish davlat byudjetidan milliardlab mablag', sarf-xarajat talab etishini ham e`tibordan soqit qilmasligimiz kerak.
Oddiygina misol sifatida birgina darsliklar masalasini olib ko'raylik. Qancha-qanchadan darslik­lar almashishi kerak. Shusiz ham xatolarga to'la darsliklarimizni ­qayta-qayta bosish davlat va ota-­onalarga qanchaga tushishini hisob­lab bera olasizmi? Badiiy asarlar-chi? Bugun kiril-u lotin orasidagi avlod yangi lotin alifbosi o'rtasida yana sarson bo'lsinmi? Ko'chalar, mahallalar, tumanlar-u viloyatlar nomlari, do'konlar-u savdo markazlari, idoralar nomlari bitilgan peshlavhalar, oddiygina muhrdan tortib, ­pasportlargacha almashishi kerak. Garchi bosqichma-bosqich amalga oshirilsa-da bularning barchasi qancha mehnat, kuch va mablag' talab etadi.
Mening fikrimcha, alifboga o'zgartirish kiritish tarafdorlari keltirayotgan sabablar va dalillar yetarli emas (shaxsan men ular ro'kach qilayotgan sabablarga va bugungi kunda dunyoning qaysidir chekkasida kimdir «Coca-cola»ni «Joja-jola» deb o'qishiga ishonmayman). Jamiyatdagi savodsizlikka, peshlavhalardagi xatolarga qarshi kurashni alifboni o'zgartirish orqali emas, sifatli ta`lim (busiz na savodxonlikka, na taraqqiyo­tga erisha olamiz), imlo qoidalarini takomillashtirish orqali amalga oshirganimiz ma`qul emasmi? «Sh» va «ch»ga «dum» qo'yish orqali yozuvda o'ta qulaylik yaratamiz, hammani birdan savodxon qilib yuboramiz» desak, xato qilamiz.
Ta`lim muassasalaridan tashqari amalda qo'llanmayotgan yozuvni o'zgartirishga bel bog'lagandan ko'ra, qabul qilinganiga salkam o'ttiz yil bo'layotgan yozuvga tezroq o'tish haqida bong ursak o'rinli bo'larmidi?..
«Alifboni isloh qilishdan muddao nima?» Yaqinda yosh o'qituvchilardan biri shunday savol beribdi. Haqli, o'ylashga majbur etadigan savol. Balki, bu islohot amalga oshsa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining jamiyatdagi nufuzi bir pog'ona yuksalar, kimdir moddiy, kimdir ma`naviy rag'bat olar?.. Lekin masala shu bilan to'liq hal bo'ladimi?!
Bu savol millatimiz taqdiriga, ma`naviyatiga befarq bo'lmagan har bir insonni o'ylantirishi va o'z so'zini aytishga majbur qilishi kerak. Toki yaqin tarixda yo'l qo'ygan xatolarimiz yana takrorlanmasin!

Shahnoza ERGAShEVA,
filologiya fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar