UNUTILGAN QO'RG'ON e`tiborsizlik qachon tugaydi?

1,649

Moskvadan xat keldi

Yaqinda tahririyatga Moskvadan maktub keldi. Unda shunday satrlar bitilgan:
«Men asli xatirchilikman. Tug'ilib o'sgan joyimni juda yaxshi ko'raman. Bu tabiiy, albatta. Ayni paytda taqdir taqozosi bilan Rossiya Federasiyasidaman. O'zbekistonda bo'lgan kezlarimda «Ishonch» gazetasi taxlamlarini o'qib chiqdim va gazeta ijodiy jamoasining ishlari meni hayratlantirdi. Bu esa dilimda tugib yurgan bir taklifni bildirishga undadi. Xatirchi tumanida sobiq ittifoq davridan keyin tamomila unutilgan Langar degan maskan bor. Tog'dagi bu shaharchada uch ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Langarning iqlimi va tabiati shunchalik fusunkor va musaffoki, bu yerda pansionat, sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarini barpo etish mumkin. Bu yerliklar uzoq yillardan beri o'zgarishlarni kutib yashamoqda. Iltimos, gazetada Langar haqida ma`lumot bering. Zora, shundan so'ng Langar ham obod go'shaga aylansa…».

Abduxoliq XOLIYoROV,
Moskva shahri

Xatirchi tumani markazidan ellik kilometr uzoqlikda joylashgan tog'li Langar qish­log'i hududida tabiiy qazilma boyliklari juda ko'p. O'tgan asrning 1942 yilida asos solingan qishloq kon tufayli gullab-yashnagan. 1980 yillarda uning aholisi o'n ming nafardan ziyod bo'lgan. Ko'p millatli qo'rg'onda shahar tipidagi uylar, maktab, kutubxona, bolalar bog'chasi, shifoxona, aloqa bo'limi, muzey, hammom, maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari qurilib, aholiga xizmat ko'rsatgan. Qo'rg'ondan yetishib chiqqan Tursin Shodiev, Envir Murodov, Rustam Usmonov, Faxriddin Mahmudov, O'rol Yaxshiqulov, Shamsiddin Mamarasulov singari olimlar va o'z kasbining ustalarini ko'pchilik yaxshi biladi. Biroq bu gaplar endi tarixga tegishli.
Hozirgi vaqtda Langar qo'rg'onida 3273 nafar kishi yashaydi. 617 ta oilaning 203 nafari shaxsiy tomorqaga ega. 40 o'rinli maktabgacha ta`lim muassasasi, ikkita maktab, qishloq vrachlik punkti faoliyat ko'rsatmoqda. Aholi asosan chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan shug'ullanadi. Yerning toshloqligi va oqar suv kamligi sababli bu yerda dehqonchilik qilish mushkul. O'tgan asr oxirida qo'rg'on hududidagi kon yopilgach, odamlar ishsiz qolgan.
Shu bois aholi boshqa hududlarga ko'cha bosh­ladi va bu hol hozirgacha davom etmoqda. Chunki Langar qo'rg'oni ancha vaqtdan buyon ­e`tibordan chetda qolgan. Bu yerda 2011 yildan buyon birorta ish o'rni yaratilmagan. Hammasi qog'ozda bajarib kelingan, xolos. Ko'plab odamlar ish izlab xorijga ketgan. Bugun 825 nafar mehnatga layoqatli tub aholining atigi 214 nafari haminqadar ish bilan band. Aslida, ularni ham to'liq ish bilan ta`minlangan, deyish qiyin. Aniqrog'i, ular imkon topib, oila tebratish uchun qandaydir yumushga ega bo'lgan. Albatta, davlat muassasalarida ishlaydigan tarbiyachi, o'qituvchi va shifokorlar bundan mustasno.
Qo'rg'onda 29 ta ko'p qavatli va 285 ta yakka tartibdagi uyning aksariyati xarob ahvolda. Aholi uchun sartaroshxona, hammom, bolalar maydonchalari, sport maydonlari umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ichimlik suvi va tabiiy gaz ushalmas orzudek go'yo.
Langar qo'rg'onidagi 419 nafar 7 yoshgacha bo'lgan bolalarning bor-yo'g'i 40 nafariga mo'ljallangan 12-maktabgacha ta`lim muassasasi hovlisi kovlab tashlangan. Ayrim eshik-romlar qo'porib olingan. Binoning kunbotar tomonidagi derazalar oynasi yo'qligi tufayli turli taxta va tunukalar bilan mixlab qo'yilgan. 17 noyabr kuni soat 13:00 dan o'tganda bu yerda bo'lganimizda uning eshigiga katta qulf urilgan edi. Demak, shu kuni mazkur maktabgacha ta`lim muassasasi ishlamagan.
42 nafar o'qituvchi, 354 nafar o'quvchisi bor bo'lgan 58-umumta`lim maktabida ichimlik suvi, oshxona va sport zali yo'q. Maktab elektr bilan yoritilmaydi. Stadion va sport inshootlari to'g'risida esa gapirish ortiqcha. Eshigi to'kilib qolgan hojatxona binosi g'oyat achinarli ko'rinishda. Maktab binosi 2011 yildan buyon umuman ta`mirlanmagan. Bu maktabga isitish uchun 32 tonna 200 kilogramm ko'mir ajratilganini aytmasa, kishi ko'nglini yoritadigan biror yaxshi mujda yo'q. Qo'rg'ondagi 37-umumta`lim maktabi 2010 yilda qurilgan. 2017 yilda joriy ta`mirdan chiqarilgan. Bu yilgi qish mavsumi uchun 23 tonna 200 kilogramm ko'mir keltirilgan. 96 nafar o'quvchiga mo'ljallangan maktabda ayni chog'da 140 nafar bola o'qimoqda. O'qishga talabgorlar ko'paygach, direktor va o'qituvchilar o'zlari ishlaydigan xonalarini o'quvchilarga bo'shatib berishga majbur bo'lishdi.
Maktab direktori Husniddin Jiyanovning yozma ravishda bildirishiga qaraganda, 37-maktabga majlislar zali, ochiq va yopiq sport maydonlari, mehnat, musiqa, o'qituvchilar, direktor, Yoshlar ittifoqi yetakchisi, informatika xonalari, oshxona yoki bufet, qorovulxona, ko'mirxona, sifatli pechlar, hojatxona, yong'in xavfsizligi anjomlari, ichimlik suvi va suv havzasi, kompyuter vositalari, nusxa olish uskunalari, 10 dona parta, 20 dona stol, 20 dona stul, futbol, voleybol va gandbol to'plari, darvozalarga ilinadigan to'rlar, 100 metrdan ziyod temir panjara zarur…
Shu o'rinda aytib o'tish joizki, langarlik o'qituvchi va o'quvchilarning shunday qiyin muhitda qo'lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari ham yo'q emas. 37-umumta`lim maktabining 9-sinf o'quvchisi I. Sunnatillaeva tasviriy sa`at bo'yicha Xatirchi tumani miqyosida o'tkazilgan tanlovda uchinchi o'rinni egallagan. 5-sinf o'quvchisi Barno Fayzullaeva yugurish musobaqasida tuman maktablari o'quvchilari orasida ikkinchi o'rinni olgan. O'qituvchi Nodira Hakimova Alisher Navoiy tavalludiga bag'ish­lab o'tkazilgan «Xamsa – ezgulikka yetak­lovchi yo'l» ko'rik-tanlovida ikkinchi o'ringa munosib ko'rildi. Quvonarlisi, ikkala maktab o'quvchilarida intilish, kelajakda biror-bir sohaning yetuk mutaxassisi bo'lish ishtiyoqi juda baland. Ular bilan suhbat chog'ida xayolimizdan «Maktablar-ku ta`mirlanar, unga qadar o'quvchilar qalbidagi ishtiyoq, istak-xohish so'nib qolmasa bo'lgani…», degan og'riqli o'y o'tdi.
Qo'rg'ondan qaytar chog'imizda hokimiyatdan bildirilgan xushxabar dilxiralikni biroz bo'lsa-da, yumshatdi. Aytishlaricha, Langar kelgusi yil hisobidan «Obod qishloq» das­turiga kiritilgan. Demak, qo'rg'on tez orada o'zgacha manzara kasb etadi. Havosi toza, buloqlari ko'p, tabiati chiroyli. Bu maskanga xorijlik sayyohlarni jalb qilish mumkin. Turli dam olish mas­kanlari, davolash-profilaktika sanatoriylari qurilsa, yo'llar obod qilinsa, bu joyga odamlar yana qaytishi aniq. Hududning geo­grafik joylashgan o'rni ham qulay. Nurota, Narpay, Paxtachi, Kattaqo'rg'on, Ishtixon tumanlariga yaqin. Samarqand, Navoiy va Buxoro shaharlariga borib kelish qiyin emas. Qolaversa, Qoraqalpog'iston va Xorazm aholisi ham yo'l-yo'lakay bu yerga tushib o'tishi mumkin. Xullas, unutilgan qo'rg'on tez orada tilga tushib, obod go'shaga aylansa, ajab emas.

Normurod MUSOMOV,
«Ishonch» muxbiri

Tahririyatdan: Muxbirimizning Langar qo'rg'oni haqidagi maqolasi aslida ancha katta edi. Uning qisqartirilgan variantida asosiy kamchiliklar tilga olingan, xolos. Maqolaning to'liq matni bilan gazetaning ishonch.uz saytida tanishish mumkin. Bu mavzu tahririyatning alohida nazoratiga olingan. Binobarin, kelgusida Langar qo'rg'oni haqida yana maqola chop etiladi. Uning qanday mazmunda bo'lishi esa mutasaddilarga bog'liq…

Boshqa xabarlar