TADBIRKORLIKMI Yo OLIBSOTARLIK?

298


Bugun “tadbirkorlik rivojlanmoqda” deb ko'p gapiramiz. Ammo, e`tibor qilsak, bu sohada mahsulot ishlab chiqarishdan ko'ra uni sotish bilan shug'ullanayotganlar ko'pligiga amin bo'lamiz. Supermarket-u minimarketlar qo'ziqorindek bodrab ketgan. Albatta, buning yomoni tomoni yo'q. Faqat “lekin”i borki, bu ham bo'lsa ulardagi narxlar masalasidir. O'ylab ko'ring, bozordan ko'tara mol olgan do'kon egasi unga yuz foiz ustama narx qo'yib sotsa, foyda qanday bo'ladi. Shunday ekan, kim ham boshini qotirib, ishlab chiqarishga pul tikardi…

«O'zbekiston ovozi» muxbiri Ro'zimboy Hasanning shu haqdagi maqolasida kishini o'yga toldiruvchi mulohazalar o'rtaga tashlangan.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

MARKETChI… TADBIRKORMI?

Cho'ntagimizdagi «aqcha»ga ko'z tikkanlar

… Ushbu «og'riq»li mavzuni yozmoq ishtiyoqi ko'pdan tinchlik bermasdi-yu, ba`zi «ammo»lar har safar qo'limni qaytarar, yaxshisi, adlu insof atalmish, hozirda kamyob ne`mat haqida maslahat maqomida, mulohazali chiqish qilsam, o'zim ham tinch, olam-da sokin, degan andishaga borardim. Ammo bir voqeani eshitib, nihoyat, yozishga jur`at qildim.

Kollejda saboq beradigan uka do'stimiz Erkinboy Safoev achinish bilan so'zlab bergan hikoya uning hamkasblariga tanishdir:

«Bo'yi-bo'yimga teng o'quvchi yigit dars saboqlariga beparvo, aksiga dars o'tayotganingda telefon kovlashtirib, yonidagilarni ham chalg'itib o'tiradi. Gaping kor qilmaydi, aytaverib og'zing horigani qoladi. Bir kuni unga navbatdagi pandu nasihatni berishga majbur bo'ldim. «Amri ma`ruf»ni uzoqdan boshladim. Yaxshi o'qisa, ertaga o'zi istagan oliygohga kirishi, biror mutaxassislikni egallashi, ro'zg'orini kam qilmay boqishi, xorijda mardikorchilik qilmasligi, vaqt kelib biror lavozim egasi bo'lishi va shunga o'xshagan nasihatimga u hech kutilmaganda: «Men kelajagimni allaqachon ta`minlab qo'yibman, kerak bo'lsa, siz bir oyda oladigan maoshcha pulni bir kunda topaman!», desa bo'ladimi. O'sha manba nimaligi bilan qiziqdim. U savolimga beparvo, yonida o'tirgan sherigiga «Sen ayt!», deb iyagi bilan ishora qildi. Shunda sherigi o'sha qiziqqanim javobini aytdi: «Otasi katta do'kon qurdi, shuni aytayapti. Hozirdan do'konda savdo qilayapti. Do'koni juda katta».

 

…Hamkasbimizning nevarasiga qo'shimcha oziqlantirish uchun shifokorlar sun`iy ozuqa tavsiya qilishgan. «Nan», deb nomlanadigan bu yemishni izlashga majbur bo'ldim. Qarangki, uning salkam yarim kilocha va yana bir kilocha keladiganlari bo'larkan. Chiroyli dumaloq idishda. Kichik «Nan» va katta «Nan» bahosi orasidagi farq ajabtovur sezilarli. Mayli, hozir gap hajm haqida emas, «tadbirkor»larning antiqa tadbirkorligi to'g'risida.

 

«Hazorasp kiyim-kechak bozori» MChJ hududida ko'tara savdo qiladigan maxsus rastalar bor. Shu yerdan katta «Nan»ning bir qutisini 112 ming so'mga xarid qilasiz. Bozordan biror besh yuz qadam narida joylashgan, tepasiga «supermarket», deb yozilgan do'konda esa shu «Nan»ni hech tap tortmasdan 140 ming so'mdan sotishyapti.

 Viloyat markazi Urganch shahridagi dehqon bozori hududidagi ko'tara savdo rastasidan kichik «Nan»ning bir donasini 65 ming so'mga olasiz. Agarda ko'proq olsangiz, sotuvchi bahoni yanada pasaytiradi. Endi bozordan to'rt yuz qadam masofada joylashgan «To'maris Nur» gipermarketiga kelsangiz, shu idish, shu sig'imdagi «Nan»ni 106 ming so'm deb yozib qo'yishibdi…

 Mana, sizga zamonaviy tadbirkorlik. Ko'tara bozordan yuz dona «Nan»ni arzon-garov olgan market yoki super market egasi (o'zimizcha do'kon, deyish o'rniga hamma yoqni marketlashtirganlarga ham qoyil!) har qutisida 20-30 mingdan foyda qilsa… boya tanishimiz afsusla qayd qilgan, ya`ni «ertasini ta`minlagan» do'kondorning o'g'li bir kunda oddiy o'qituvchi emas, qirq yil madrasa tuprog'ini yalagan professor bir oy ahli tolibga asabini egovlab topganini bir kunda ishlab topishiga ishonmay ilojingiz yo'q.

 …Biz bilan maktabda o'qigan yigit yuzgacha sanashni bilmasdi. Shundan uni o'sha vaqtdagi o'rta-maxsus bilim yurtiga yuborishdi. Shu erda traktorchilikka o'qidi, kolxozda moyga botdi, nafaqaga ham chiqdi. Nafaqasi oddiy qorovulniki qatori. Ammo, u yaqinda «Lasetti» mashinasi oldi. Nima evazidan? Albatta, nafaqasini yig'ib emas. Traktorchi nafaqasini yig'ib… nari borsa velosiped olishi mumkin. Uning xorijda bir necha yil ishlab qaytgan o'g'illari uyining garajini sal ta`mirlab, kichik do'kon (uning peshtog'ida ham market deb yozib qo'yilgan) ochishdi. Va qarabsizki, ikki yilga bormay yap-yangi mashina. Yangi do'kon (ular iborasicha supermarket) qurish uchun yer ham olishgan. Nima hisobidan? Yana o'sha manzilga qaytamiz. Ular haftada necha marta Hazoraspdagi mashhur ko'tara, ya`ni chakana bozordan turli oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj mollarini olib, o'z marketlarida ustiga istagancha ustama qo'yib sotishadi.

 

Bozorda savdo qiluvchi tanishimiz aytishicha, poytaxtdagi «Abu saxiy» bozorida bir donasi ming so'm turadigan matoh eng chekka qishloq do'koniga kelguncha uch marta bahosini o'zgartiradi. To'g'risi, uch hissa qimmatlashadi. Belgilangan tartibga ko'ra, «Abu saxiy»dan ko'tara mol olgan tadbirkor uni ming chaqirim yo'l bosib kelgach, 20 foizgacha ustama bilan sotishga haqli. Bu «ko'tarachi» tadbirkor keltirgan molini donalab sotishdan ko'ra, ustiga shu foizni qo'yib ko'tara sotishdan manfaatdor. Chunki, ko'tara savdoda millionlar millionlarni tug'adi. Toshkentdan ko'tara mol olgan yana bir tadbirkor endi uni turli hududlardan kelgan market egalariga yana foiz qo'yib sotadi. Bu marketchi o'z navbatida o'z foizini qo'yadi. Qarabsizki, zavodda tannarxi ming so'm bo'lgan narsa viloyatlarga kelib, marketchilarga yetkuncha uch ming so'mga chiqib turibdi.

 

Kasbimiz taqozosi bilan tumanlarda yangidan tashkil qilingan ish o'rinlari soni bilan qiziqamiz. Mahalliy hokimliklar taqdim qilgan, «o'tgan to'qqiz oyda qishloqlarda yangidan ellikta ish o'rni ochildi», deb berilmish hisobotlarning eng kamida qirq sakkiztasi savdo shoxobchalari hisobiga to'g'ri keladi.

 …Yoshligimizda farzandining uzoq shaharga borib o'qishini istamagan otalari «Nima o'qib, zavod qurarmiding!», deb dakki berishardi. Keksa avlod vakilari uchun «zavod qurmoq» dunyodagi eng mushkul, orzumand yumush edi. Yana orzu edikim, shu zavod qurgan banda el ehtiyoji uchun kerakli nimadir ishlab chiqarardi. Otam rahmatli o'tmishda dovrug' taratgan insonlar haqida gap ketganda, Xivaga qirq sakkiz yil xonlik qilgan Muhammad Rahimxon soniyni emas, o'sha zamonlarda Hazorasp qal`asida zavod qurgan Madrimboy degan bir sarmoyador insonni ko'p eslardilar. Qal`aga borganlarida yo'li tushgan manzillarni «Madrimboy zavodining qiblasida ekan» yoki «Madrimboy zavodi yonidan o'tdik», deb takrorlashni yoqtirardilar.

 Madrimboy qurgan zavoddan otam besh tanga manfaatdor bo'lmagan, albatta. Bolalik vaqti shu zavodni atay borib ko'rganlar, baland minorasidan chiqib turgan tutuni umrbod yodlarida qolgan. Ammo, shu zavod yuzlab odamlarga qora qozonini qaynatish vositasi bo'lgan.

 Xon zamonlarida zavod qurganlarni birov tadbirkor atamagan. Sarmoyador bandalar deyishgan.

Bolalik vaqtimizda – o'tgan asrning oltmish, yetmish, sakson va nihoyasida ham bizning biror o'n ming kishi istiqomat qiladigan qishloqda uchtagina do'kon bo'lardi. Ularning ikkisi oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollari sotsa, birisi xo'jalik mollari do'koni edi. Uni oddiy xalq «temir do'kon» derdi. Haftada bir marta bozor bo'lardi. Qolgan neki zarur bo'lsa, shu do'konlardan olinardi. E`tiborlisi, hamma tovarlarga bahosi ko'rsatilgan yorliq ildirib qo'yilardi…

 

Hozirda qishlog'imiz aholisi deyarli ikki baravar oshgan. Do'konlar, yo'q, marketlar soni esa yuzdan ortiq. Birorta marketda sotilayotgan molda baho ko'rsatilgan yorliq yo'q. Shunda sotuvchi bilan xaridor o'rtasida «Manavi qancha?», «Falon so'mga bermaysizmi?», deb savdolashish odatiy holga aylangan.

 Xo'sh, do'kondorlik, aniqrog'i, marketchilik tadbirkorlikmi? Qadimda bunday insonlarni savdogarlar, deyishgan. Bu kasb payg'ambarimizdan meros. O'sha zamon savdogarlari karvonlarda necha oylar mashaqqat chekib, uzoq shaharlardan mahsulot keltirib sotishgan. Undayam adlu insofni unutishmagan. «Insof yarmi bo'lsin!», iborasi shu zamonlardan qolgan. Ya`ni, yarim yillab zahmat chekib, keltirgan moliga sotib olgan narxining yarmidan ko'p ustama qo'yilmagan.

Hozir… ko'pi bilan o'n chaqirim uzoqdagi bozordan ko'tara mol olgan do'kon egasi unga yuz foiz ustama qo'yishni o'zicha «tadbirkorlik» atab tursa… Shundoq ko'tara bozordan olgan mahsulotga yuz qadam naridagi market egasi ham ko'ngliga tushgan foizni ilashtirsa…

 Sarmoyador insonlar «tadbirkorlik»ning eng oson, eng serdaromad yo'liga mukkasidan ketishgan, topganlari – do'kon qurish, bilganlari – do'kon qurish. Xaridor cho'ntagidagi pulga insofsizlarcha sherik bo'lish.

 …Do'konlarlarni, yo'g'-e, marketchilarni tadbirkor atashga sira til bormaydi. Ular haqida gap ketganda, oddiy xalq hali hamon eskitdan qolgan iborani ishlatishadi – «OLIB SOTARLAR».

 Yana bilamanki, bir-birining cho'ntagidagi aqchaga ko'z tikkan millatning xalqqa aylanishi qiyin kechadi…

Ro'zimboy HASAN,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

2019 yil 29 yanvar

“O'zbekiston ovozi” gazetasi, 8-9-sonlar.

Boshqa xabarlar