MUDHISh XABARLAR «QAHRAMONLARI»

372


Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta`minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish masalalari bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Bu yo'nalishda xududlarda talay ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunga qaramay Samarqand viloyatida xotin-qizlar o'rtasidagi jinoyatlar soni ortib bormoqda.  «Mahalla» gazetasida chop etilgan Nilufar Yunusovaning Oliy Majlis Senati a`zosi, Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo'mitasi raisi Gavhar Alimova bilan suhbati shu haqda.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

SAMARQANDDA XOTIN-QIZLAR O'RTASIDA JINOYaTChILIK KO'PAYGAN. NEGA?

Ayol — jamiyat gultoji, oila farishtasi. U — go'zallik, nafosat va sadoqat ramzi. Jonidan jon berib farzandni dunyoga keltirgan, bolasining tabassumi uchun halovatidan kechadigan mehribon va mushfiq zot. Ammo, ming afsuski, bunday yuksak martabaga barcha ayollar ham munosib emas.

Keyingi paytlarda Samarqand viloyatida xotin-qizlar o'rtasidagi jinoyatlar haqida ko'p eshityapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bir-biridan mudhish xabarlar «qahramonlari»ning aksariyati samarqandlik xotin-qizlardir. Farzandlarini o'ldirgan ona, erining qotiliga aylangan ayol, qaynonasining jasadini yashirgan kelin… Bu ro'yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Jamiyatning eng og'riqli nuqtasi — xotin-qizlar o'rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar xususida Oliy Majlis Senati a`zosi, Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo'mitasi raisi Gavhar Alimova bilan fikrlashdik.

Ayol o'z-o'zidan jinoyatchi bo'lib qolmaydi

— Inson hech qachon jinoyatchi bo'lib tug'ilmaydi, — deydi G.Alimova. — Bunga uning  tarbiyasi, oilaviy va tashqi muhit, atrofidagi kishilarning qarashlari va jamiyatda tutgan o'rni ham ta`sir ko'rsatadi. Eng achinarlisi, ba`zida o'z huquqlarini yaxshi bilmasdan jinoyatga qo'l uradiganlar ham bor. Lekin ba`zi ayollarning og'ir jinoyatlarga qo'l urayotgani achchiq haqiqatdir.

Ming afsuski, maishiy masalalarda qaynona yoki boshqalarning aralashuvi bizda kuchli, bundan tashqari, bu borada ayrim yigitlarning mustaqil fikri yo'q. Bu esa ayolni jinoyatga undovchi omillardan biri. Ma`lumotlar o'rganilganda ayon bo'ldiki, xotin-qizlar tomonidan, asosan, firibgarlik, iqtisodiy va o'g'rilik jinoyatlari sodir etilmoqda. Misol uchun, eng katta firibgarlik ishi Pay­ariq tumani Chelak shahridagi ayol tomonidan sodir etilib, u yuzlab kishilarning mablag'ini aldov yo'li bilan o'zlashtirgan.

Bandligiga yetarlicha e`tibor berilmayotgani bois o'tgan yili Samarqandda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 486 tani tashkil etgan. Ushbu jinoyatlarning 177 tasi Samarqand shahrida yuz bergan. Xotin-qizlar o'rtasida profilaktik tadbirlar talab darajasida tashkil etilmagani oqibatida jinoyatchilik  Urgut tumanida 6 taga oshgan.

Tuman va shahar xotin-qizlar qo'mitalari tomonidan joylardagi huquq-tartibot organlari, mutasaddi va jamoat tashkilotlari bilan o'zaro hamkorlikning izchil yo'lga qo'yilmagani bois ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan xotin-qizlar 643 nafarga, oila, turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarlik sodir etgani uchun profilaktik hisobga olinganlar 145 nafarga, farzand tarbiyasiga salbiy ta`sir ko'rsatuvchi oilalar 470 taga oshgan. Bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan sa`y-harakatlar hech qaysi tuman yoki shahrimizda talabga javob bermaydi.

Mahalla — eng katta tarbiyachi

Samarqand viloyati mahallalarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha 1 ming 89 ta mutaxassis shtati tashkil etilgan. Ayni lavozimda ishlayotganlarning faoliyatlari o'rganilganda, ulardan 527 nafari yaxshi, 454 nafari qoniqarli, 79 nafari esa qoniqarsiz ishlayotgani oydinlashdi. Nafaqat qoniqarsiz, balki qoniqarli, deb topilgan mutaxassislarning ham ish faoliyatini jonlantirish kerak. Chunki aynan ular xotin-qizlar bilan ish olib boradi, samarali faoliyat yuritsalargina jinoyatlarning oldi olinadi.

Mahallalardagi Yarashtirish komissiyalari orqali ajrashish yoqasiga kelib qolgan 1853 ta oila aniqlanib, ularning nizolashuv sabablari o'rganildi, 1168 tasi yarashtirilib, ajrashib ketishlarining oldi olindi. Ba`zan oilaviy ajrimlardan so'ng ayollar o'rtasida jinoyatga qo'l urish holati kuzatilmoqda.

Shar`iy nikoh — ayollarning qonuniy huquqlarini cheklaydi

Uyma-uy yurish jarayonida viloyatda o'tgan yil davomida 4732 ta shar`iy nikoh bilan yashab kelayotgan oila aniqlanib, shu paytgacha ulardan 3903 tasining nikohi qonuniylashtirildi.

Mahallalarda oilalarning qonuniy manfaatlarini ta`minlash borasidagi tushuntirish ishlari talabga javob bermaydi. Birgina Pastdarg'om tumani «Qorovul tepa» mahallasidagi ayolning ikki go'dagini o'ldirishi barchani larzaga soldi. Xuddi shunday Toyloq tumanida ayol o'z bolasini sotayotgan paytda qo'lga olinib, qonun oldida javob berdi. Bunday holatlar jamiyatning og'riqli nuqtasidir.

Qo'shrabot tumanidagi vaziyat o'rganilganda 34 nafar shar`iy nikoh bilan yashab kelayotgan fuqarolardan 13 nafari ilgarigi oilasidan ajrashmagan, 66 nafar bolaning tug'ilganlik haqidagi guvohnomasi olinmagan. Tuman markazidan 60-100 km. masofa uzoqda joylashgan qishloqlarda 12 nafar bola uyida tug'ilgan, ularning hujjatlari yo'qligi bois tug'ilganlik haqidagi guvohnomalar berilmagan.

Payariq tumanida ota yoki ona birinchi turmushidan qonuniy ajrashmasdan boshqa birov bilan turmush qurgani farzandining tug'ilganlik guvohnomasini o'z vaqtida olmasligiga hamda otalikni belgilash, yolg'iz ona sonining ko'payishiga, ajralishlar ko'rsatkichining oshishiga sabab bo'lib kelmoqda.

Ayol qiyin vaziyatga tushsa…

Prezident Shavkat ­Mirziyoevning 2018 yil 2 iyuldagi «Ijtimoiy reabilitasiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo'rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq, Samarqand va Kattaqo'rg'on shaharlarida zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rganlarni reabilitasiya qilish va moslashtirish, o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari tashkil etildi, barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Albatta, markazlar binosini namunali ko'rinishga keltirish mumkin, ammo joylardagi mas`ullar markazlarning faoliyatini jamoatchilik asosida jonlantirishi muhim ahamiyatga ega. Samarqand shahar Farhod shaharchasidagi «Cho'ponota» mahallasida «Umid» ayollar ijtimoiy moslashuv markazida yashash uchun barcha sharoitlar muhayyo: oshxona, yotoqxona, bolalar, tibbiyot xonasi, psixolog, huquqshunos xonalari tashkil etilgan. Qiyin vaziyatga tushib qolgan ayollar bu yerda tikuvchilik, sartaroshlik kabi hunarlarni o'rganishadi. Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari tashkil etilganidan beri bu yerga 217 nafar xotin-qiz murojaat qilgan. Ularning 87 nafariga tibbiy, 35 nafariga huquqiy, 16 nafariga kredit olishda yordamlashilgan. 12 nafar ayol turmush o'rtog'i bilan yarashtirilgan.

Jinoyatning oldini olishimiz kerak

Ma`lumotlarga ko'ra, ayollar o'rtasidagi jinoyatlarning 80 foizini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan xotin-qizlar sodir etmoqda. Aslida jinoyatchilikning oldini olish uchun nafaqat mutasaddi tashkilotlar yoki mahalla faollari, balki har birimiz mas`uliyat bilan kurashsak sa`y-harakatlar samara beradi. Aks holda, ayollar «qotil», «firibgar», «jinoyatchi» degan tavqi la`natga duchor bo'laveradilar.

«Mahalla» muxbiri

Nilufar YuNUSOVA yozib oldi

2019 yil 21-27 fevral, 11son

«Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar