Ehtiyot bo'ling: «o'lik jonlar»

375

yoxud «ishlamagan tishlaydi!» iborasi hamon amaldami?

Ota-ona o'z farzandlarining yaxshi parvarishlanishiga harakat qiladi. Bu narsani boshqalardan ham kutadi. Masalan, maktabgacha ta`lim muassasasiga topshirayotganda bolasi ishonchli qo'llarda bo'lishini istaydi. Ammo kun bo'yi ishda bo'lib, faqat kechki payt uyga olib qaytishga ulguradigan kishi farzandi qatnayotgan «bog'cha» dagi ahvol, sharoitni qaerdan ham bilsin?
Milliy matbuot markazida Maktabgacha ta`lim vazirligi rahbariyati ishtirokida joriy yilda ichki audit ishlari natijalariga bag'ishlangan matbuot anjumanida sohada bugungi kunda dolzarb bo'lib turgan ayrim muammoli masalalar muhokama etildi.

Har qadamda kamomad…

Anjumanda ta`kidlanishicha, ichki auditda 2018 yilda umumiy qiymati 11 mlrd. so'mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan va 278 ta o'rganish natijalari chora ko'rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Shu yilning birinchi choragida esa bu ko'rsatkich 109 ta o'rganish hujjatlarida 5,4 mlrd. so'mga teng bo'ldi.
Bunda «Davlat xaridlari to'g'risida»gi qonunning buzilishi, byudjet mablag'larini noto'g'ri rejalashtirish, moddiy boyliklar ortiqchaligi va badal pullarini kam hisoblash kabi noqonuniy holatlar aniqlangan.

Bog'chadagi o'zibo'larchilik

Tahlillarga ko'ra, noqonuniy xarajatlarning asosiy qismi «o'lik jonlar» , ya`ni maktabgacha ta`lim muassasasiga turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan, lekin haqiqatda muassasada umuman ishlamaydigan «stajchi xodimlar» tufayli yuzaga kelmoqda.
– Ular, avvalo, davlat byudjetiga katta miqdorda zarar keltiryapti, – dedi vazirlikning audit xizmati boshlig'i Dilshod Normatov. – Noqonuniy maosh va mehnat stajiga ega bo'lgandan keyin ular pensiya ham olishadi. Bunday «xodimlar» ning qaerda va nima ish qilayotgani esa noma`lum. Eng yomoni, MTMlarda ish o'rni qolmaydi. Vazifalarni tegishli mutaxassislikka ega bo'lmagan xodimlar bajaradi. Tekshiruvlar paytida ayrim joylarda tarbiyachi vazifasini oshpazlar, farroshlar bajarib kelayotgani aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa aloqador davlat organlari ko'magisiz bu muammoni hal etish mushkul. Qolaversa, xodimlarga o'z lavozimi doirasidan tashqarida bo'lgan qo'shimcha ishlarni yuklash, vaqtida berilmaydigan oylik maoshi, buning ustiga xodimlarning maosh va mukofotlarini «tuya qilish» holatlari ham aniqlandi.
Masalan, Farg'ona viloyatining Oltiariq tumanidagi 16-sonli MTMda 2015-2018 yillarda xodimlar nomiga to'lov qaydnomalari orqali chiqarilgan 115 mln. so'm naqd pullari haqida xodimlarning o'zlari

Bilishmagan ham. mudirami yoki ekspluatator?

Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi 14-sonli MTMda ishlagan xodimlar 5-6 yil mobaynida ish haqini o'z vaqtida olmagan, bundan tashqari, dam olish kunlari fermer xo'jaliklarida ishlashga jalb qilib kelingan.
Qizig'i, bu muassasada ishlab kelgan qaynonani hamma bog'cha mudirasi, kelinini esa tarbiyachi deb bilishgan. Tekshiruv davomida aslida, aksincha, hujjatda kelin bog'cha mudirasi, qaynona tarbiyachi lavozimida ishlashi ma`lum bo'ldi. O'rganish va taftishlar natijasida muassasada 197,5 mln. so'm miqdoridagi davlat byudjeti mablag'lari o'zlashtirish yo'li bilan talon-taroj qilingan.

To'lov pullarini kimga  beryapsiz?

Belgilangan tartibga ko'ra, ­MTMga bolalar ta`minoti uchun to'lovlar tijorat banklari yorqali naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda to'lanishi lozim. Lekin amalda aksariyat ota-onalar to'lov pullarini guruh tarbiyachisi, bog'cha mudirasi yoki u biriktirgan xodimga berishadi. Ular yig'ilgan pulni bankka g'azna hisobvarag'iga kirim qilish uchun topshirishlari kerak. Bu, o'z navbatida, xodimga pulni noqonuniy o'zlashtirishga imkon beradi.
Taftish ishlari vaqtida poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 226-sonli MTMda 96 mln. so'm, Uchtepa tumanidagi 19-sonli MTMda 100 mln. so'm, shuningdek, Jizzax shahridagi 24-sonli MTMda 64,3 mln. so'm miqdoridagi to'lov pullari g'aznaga kirim qilinmagani aniqlangan.
Matbuot anjumanida barcha aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo'yicha to'langan hujjatlar qonuniy chora ko'rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgani, bu kabi noqonuniy holatlarga bundan buyon barham berish, o'z haq-huquqlarini talab qilishda ota-onalar ham, muassasalar xodimlari ham e`tiborli bo'lish­lari zarurligi ta`kidlandi.

A`zam ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar