Yangi ox,anglar jozibasi

300

Zomin tumanidagi so'lim O'riklisoy oromgohida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining seminari nihoyasiga yetdi.

O'riklisoy toshlariga ming yillardan buyon urilib oqayotgan suvlarning sharqirashi va tog' havosi epkini qalblarga huzur baxsh etadi. Allaqaerlardan bulbullarning xonishi eshitiladi. Beixtiyor qiyaliklar bag'ridagi abadiyatdan darak berguvchi archalar e`tiboringizni tortadi, ularning yoshlikka esh yashilligi ko'ngillarni sokinlik so'qmoqlariga yetaklaydi. Quyosh bu go'zallikka xalal berishni istamagandek tog'lar panasida. Faqat nurlargina osmon hukmdori tez orada o'z joyini egallashidan mujda keltiradi.
Ana shunday tabiatning sehrli quchog'ida yosh ijodkorlarning adabiy bellashuvi, sabog'i boshlandi. Nazm ixlosmandlari Azim Suyun, Abdusaid Ko'chimov, Xosiyat Rustamova, Sirojiddin Rauf kabi shoirlardan she`riyat sirlarini o'zlashtirib, ijodlariga baho oldilar. Erkin A`zam, Luqmon Bo'rixon, Sobir O'nar kabi yozuvchilar yoshlarni nasrning nafis jihatlaridan xabardor etdilar. Adabiy tanqid, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, badiiy publisistika yo'nalishlarida ham yurtimizning taniqli adabiyotshunoslari, yozuvchi, shoir va jurnalistlaridan o'rganish imkoniyati yaratildi.
Yo'nalish va mavzudan kelib chiqib, turli janrlardagi ijod namunalari o'qildi. Sohalarda erishilayotgan natijalar, kuzatilayotgan kamchiliklar, e`tibordan chetda qolayotgan masalalar, qisqasi, sabablar, oqibatlar ijod nuqtai nazaridan tahlil etildi. ­Fikr-mulohaza bildirish, tafakkurda uyg'ongan g'oyalarni bayon etish, mavjudlarini takomillashtirish, yo'qlarini yuzaga keltirish bo'yicha takliflar bildirish mumkin bo'ldi davralarda.
Badiiy publisistika yo'nalishida janrlar rang-barang­ligini ta`minlash, bolalar adabiyoti yo'nalishidagi asarlar salmog'ini oshirish, ijodiy ishlarda hayot haqiqatini aks ettirish, dramaturglar safini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ulug' shoir va yozuvchilarimizning asarlarini chet tillarga o'girish, mazkur sohada mutaxassislar tayyorlash yuzasidan fikrlar bildirildi. Xullas, yangi so'z, yangi fikr aytmoq hamda mukammal asarlar yaratmoq orqali xalqimizga xizmat qilish ishtirokchilarning mushtarak maqsadiga aylandi desak, adashmaymiz.
Bu jarayonda yoshlar o'z ishlariga munosib baho va rag'bat – ruhiy quvvat oldi. Shundan so'ng seminar ishtirokchilarining tabiat qo'yniga, xususan, Zomin sharsharasiga sayohati uyushtirildi.
Quyosh ufqqa bosh qo'yganda navbat yana mushoiraga yetdi. Bu safar ijodiy namo­yishni ustoz­lar boshlab berdilar. Teran va keskir, ma`no va mohiyatdan ildiz olgan satrlar dillardan tillarga ko'chganda hissiyotlar mavjlandi. Yosh shoirlarning o'qish uslublari, qiyofalari, mazmundor she`rlari Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf kabi ulug' siymolarni ko'z o'ngimizda jonlantirgandek bo'ldi.
O'riklisoydagi Navoiy tog'-metallurgiya kombinatining yangi qurilgan sihatgohi amfiteatrida tadbirning tantanali yopilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ushbu nufuzli anjuman navbatdagi adabiy-ma`rifiy tadbirgina emas, davlatimiz tomonidan yoshlarga, yosh ijodkorlarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning yorqin ko'rinishi, Prezidentimizning besh muhim tashabbusini hayotga tatbiq etishning yana bir amaldagi ifodasi sifatida katta tayyorgarlik va tashkilotchilik bilan o'tkazildi. Aynan shunga ko'ra, yakuniy yig'inda ustoz ijodkorlar, ishtirokchilar tomonidan anjuman faqat yosh ijodkorlarni yetishtirishdagina emas, adabiyotimiz taraqqiyotida muhim o'rin tutishi e`tirof etildi.
O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ushbu anjumanni yuksak darajada tashkil etishda yaqindan yordam bergan Jizzax viloyati va Zomin tumani hokimligiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Seminar so'nggida barcha sho'`ba yig'ilishlari, mahorat darslari ishtirokchilariga sertifikatlar, O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Jizzax viloyati hokimligi, homiy tashkilotlar, uyushma «Do'stlar klubi»ning esdalik sovg'alari topshirildi.

Muqimboy ISMOILOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar