NOILOJNING ILOJI

437

Yaqinda Andijonga yo‘lim tushdi. Taqdir taqozosi bilan uchala yo‘ldoshim ham qirg‘izistonlik o‘zbek o‘qituvchilari ekan. Yo‘l-yo‘lakay turli mavzularda suhbatlashib bordik.

— Hamkasbimiz Manzuraxonning nomzodlik himoyasiga keldik, — deydi Hayit­xon ismli yo‘ldoshlarimdan biri.

— Hamkasbingiz Toshkentda turadimi?

— Yo‘q, Jalolobodda yashaydi, universitetda birga ishlaymiz. Pedagogika fani bo‘yicha nomzodlikni Qirg‘izistondan kelib O‘zbekistonda himoya qildi.

— O‘zbekiston rahbariyatiga, Toshkentdagi pedagogika universiteti olimlariga, kengash a’zolariga ming rahmat, — suhbatga qo‘shildi Qizlarxon. — Qizimizning ilm qilib, fan nomzodi degan ilmiy darajaga erishishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi…

Bunday minnatdorlikdan, ayollarning faxr to‘la so‘zlari­dan ko‘nglim ko‘tarildi. Xayolimdan «Axir o‘zbekmiz-da, yashash joylarimiz boshqa-boshqa bo‘lsa ham, bir millatning farzandlarimiz», degan fikr kech­di. Yo‘ldoshlarim shu tariqa himoyaning yuksak saviyada o‘tgani-yu nomzodning mavzusi nafaqat Qirg‘iziston aholisi, balki butun Markaziy Osiyo respublikalarida yasha­yotgan o‘zbek bolalari uchun ham dolzarb ekani xususida menga so‘zlab berishdi.

— Himoyada o‘tirib, uzilib qolgan ilmiy-madaniy aloqalarimizni tiklasa bo‘lar ekan-ku, degan o‘y xayolimdan o‘tdi, — deydi Qizlarxon. — Albatta, buning uchun alohida shaxslarninggina sa’y-harakatlari kifoya qilmaydi. Bu borada davlatlarimiz o‘rtasida ham turli shartnoma­lar, kelishuv­lar bo‘lishi lozim. Axir biz ham o‘zbekmiz. Garchi Qirg‘izistonda yashasak ham, bir ko‘zimiz bilan bir qulog‘imiz O‘zbekis­tonda. Bu yerda bo‘layotgan yutuqlardan quvonsak, kamchiliklarni ko‘rib, yuragimiz ezi­ladi… O‘zbek qayerda bo‘lsa ham o‘zbek-da, o‘zinikiga intiladi.

Darvoqe, shunday: o‘zbek qayerda bo‘lsa ham o‘zbek. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda qirq milliondan ko‘p o‘zbek bor. Shundan o‘ttiz millionga yaqini O‘zbe­kistonda istiqomat qilsa, qolganlari dunyo­ning turli mamlakatlarida muqim yashashadi. Bir millionga yaqin o‘zbek ya­shaydigan Qirg‘izistonni ular otayurt deb bilishadi.

O‘zbeklar tarixi bilan shug‘ullanib, risolalar yozgan qirg‘izistonlik professor Ulug‘bek Abdusalomov o‘zining «Biz kimmiz?» kitobida shunday yozadi:
«…Tarixni yozmaslik — erinchoqlik yoki tarixiy manbalar­ning yo‘qligidan emas, balki totalitar tuzum «internatsional» siyosatining natijasi bo‘ldi. Men O‘zSEda o‘zbeklarning kelib chiqishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan bo‘lsa kerak, deb Ensiklopediyaning 13-, 14-jildlari­ni qara­sam, o‘zbek degan millat to‘g‘risida hatto maqola berilmabdi… AQShning Chikago shtatida 1966-yili 200 ming nusxada nashr qilingan «Jahon qomusiy lug‘ati»da esa o‘zbeklar to‘g‘risida maqola berilgan bo‘lib, unda shunday deyiladi: «O‘zbek — jahon xalqlari orasida birinchilardan, turkiy xalqlar o‘rtasida birinchi bo‘lib o‘troqlashgan, madaniy turmush kechiruvchi, jahon sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan millat…».

Biz mazkur maqolamizda o‘zbek millati tarixi haqida qalam yuritmoqchi emasmiz, zotan, xalqimiz tarixini o‘rganaman, degan odam uchun bugunga kelib juda ko‘p manbalar mavjud. Ushbu maqolada tashqarida yashayotgan, jumladan, qirg‘izistonlik o‘zbeklarning ta’lim-tarbiya sohasidagi yutuq va muammolari bilan fikrlashmoqchimiz, xolos.

Xo‘sh, bugun Qirg‘izistonni otayurt  deb bilgan o‘zbeklar bu borada qanday yutuqlarga erishdilar? Avvalo, bu yerda keyingi yigirma-yigirma besh yil orasida boshqa millatlar qatori o‘zbek bolalarining o‘qish, ta’lim-tarbiya olishlari uchun bir qadar sharoitlar yaratildi. O‘sh shahrida o‘zbek-qirg‘iz universiteti, Jalolobod shahrida Olim Botirov nomidagi xalqaro universitetning tashkil etilganini alohida ta’kidlash
kerak. Ayni paytda o‘zbek maktablari qatoriga xusu­siy maktab va litseylar ham qo‘shildiki, bu ilm maskanlarida bolalarga ta’lim-tarbiya berishning yangicha usullaridan ham keng foydalanilmoqda. Bu borada «Sotvoldi hoji» xalqaro xayriya jamg‘armasiga
qarashli o‘zbek litseyi faoliyati, ayniqsa, o‘rnak bo‘ladigan darajada edi. Afsuski, Qirg‘izistonda 2010-yilda kechgan mudhish fojialar oqibatida Olim Botirov nomidagi xalqaro universitet hamda «Sotvoldi hoji» xalqaro xayriya jamg‘armasiga qarashli o‘zbek litseyi faoliyati to‘xtab qoldi.

Ma’lumki, universitet, litsey va maktablar ta’lim-tarbiya o‘chog‘i, xolos. Bolalarning, talabalarning qay darajada bilim sohiblari, tarbiyali inson bo‘lib yetishishlari ko‘p jihatdan ana shu o‘choq ichida yonayot­gan olovga bog‘liq. Bu olovning tafti — berilayotgan bilimlar o‘quvchilar qalbiga qanchalik kirib bormoqda? O‘zbek tilidagi darsliklarning ahvoli bugungi kun talablariga javob beradimi? Va nihoyat, universitetlar, maktablarda o‘zbek tilining o‘rni, mavqeyi qanday?

Ayniqsa, respublikalar o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, bu savollar yanada dolzarb bo‘lib turibdi. Chunki nima demaylik, sobiq ittifoq davrida barcha respublikalarda yashay­digan o‘zbeklar uchun O‘zbekiston asosiy madaniy va ma’rifiy markaz hisoblangan. Respublikalardagi, jumladan, Qirg‘izistondagi o‘zbek o‘qituv­chilarining 90 foizi O‘zbekiston­dagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil ko‘rishgan. Darsliklar, gazeta-jurnallar, badiiy kitoblar O‘zbekistondan yetkazib berilgan. Ittifoq tarqab ketgach esa tashqaridagi o‘zbeklar ana shunday madaniy-ma’rifiy markazdan mahrum bo‘lib qolishdi. O‘rtaga chegaralar tortilib, aloqalar deyarli uzildi. Ayniqsa, O‘zbekistonda lotin alifbosiga o‘tilgach, masala yanada chuqurlashdi. Kechagi kungacha ham o‘zbek maktablarida bir payt­lar O‘zbe­kistonda chiqarilgan darsliklardan foydalanib kelindi. Bu birinchi noilojning iloji edi. Ammo vaqt hamma narsani yemiradi, qaritadi, eskirtiradi. Bundan o‘n besh-yigirma yil avval yaratilgan darsliklar bugunga kelib nafaqat jisman, ayni paytda ma’nan ham eskirdi. Ulardan foydalanishning iloji bo‘lmay qoldi. Qirg‘izistonlik o‘zbek yetakchilarining qarshisiga «Nima qilmoq kerak?» degan mangu savol yana qalqib chiqdi. Shu boisdan bir qator markazlar tashkil etilib, ularda o‘zbek maktablari uchun darsliklar yaratila boshlandi. Ammo bu ham muammoni hal qilgani yo‘q. Gap shundaki, yaratila­yotgan darsliklar mazmun jihatdan talabga javob bermaydi. Bu haqda Suzoq tumanidagi Do‘ma ota nomidagi maktabning o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Sohibaxon Razzoqova aytgan gaplar hamon yodimda: «…6-sinflar uchun chiqarilgan yangi «qarsillagan» «O‘zbek adabiyoti» darsligidan tashqari yana naq yettita fandan yangi darslik olishyapti. Darsliklarning usti shunaqa chiroyli, sifatli va puxta ishlanganki, ko‘rib havas qilasiz. «O‘zbek adabiyoti»ni qo‘limga olib, asta varaqlay boshladim, lekin mavzularning tartibini uncha anglay olmadim. Mundarijada bir-biriga sira qovushmaydigan mavzularga ko‘zim tushdi. 5-sinfda o‘tilgan ayrim keng mavzular 6-sinfda qayta beril­gan. Masalan, X.To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» romanidan olingan ayrim bob­larni biz 5-sinfda besh soat o‘qib, asar yuzasidan bilimlarimizni mustahkamlab, yozma ishlarni ham yozib bo‘lgandik. 6-sinfda aynan o‘sha boblar va yozma ish yana takror berilgan…».

O‘qituvchi «O‘zbek adabiyoti» darsligidagi ko‘plab xato va kamchiliklar haqida gapirib, shunday xulosa qiladi:
«…Undan ko‘ra Toshkentdagi «O‘qituv­chi» nashriyotida chiqarilgan «Tashi tutun, ichi butun» bo‘lgan eski nashrdagi darslikni yangilab bersa, durust bo‘larmidi?!.»

Ko‘rinib turibdiki, Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablari uchun muqovasi titilib, yirtilib ketgan bo‘lsa-da, ammo ma’nosi to‘liq bo‘lgan («Tashi tutun, ichi butun») O‘zbekistonda nashr qilingan darsliklar a’lo. Bu fikrlarni 6-sinflar uchun chop etilgan «O‘zbek tili» va boshqa fanlar darsliklari haqida ham aytish mumkin. Bunday fikrlarni boshqa bir o‘qituvchi ham tasdiqlaydi: «6-sinf uchun yaratilgan yangi «O‘zbek tili» darsligida olmosh so‘z turkumini o‘rga­nishga 12 ta paragraf ajratilgan. Vaholanki, A.G‘ulomov, I.Abdullayev, Z.Ma’rufov va M.Olim­xonova yaratgan avvalgi darslikda olmosh so‘z turkumi uchun 8 paragraf berilgan, xolos. Unda olmosh so‘z turkumiga beril­gan ta’rif qisqa, lo‘nda va yodlashga qulay. Masalan: «Ot, sifat, son o‘rnida qo‘llaniladigan so‘zlar turkumi olmosh,
deyiladi». Hozirgi darslikda esa ta’riflar ancha murakkab, yodlashga qiyinchilik tug‘diradi… Muammoni ko‘paytirmasdan, Toshkentda nashr qilingan darslikni lotin alifbosidan kirill alifbosiga o‘girish, yangi darslik yaratishdan ham oson, ham arzon-ku! Yo bu ishni qilishga ham kim­ningdir biznesi xalal beryaptimi?» deb savol qo‘yadi o‘qituvchi.

Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qi­tuv­chi Munavvarxon Yusufjonova darsliklardagi g‘alizliklar, xatolar haqida gapi­rib, «…Esizgina, muallifning vaqti, esizgina kitobga sarflangan mablag‘, o‘quvchilarning umri-yu o‘qituvchilar­ning asablari», deya afsuslanadi.

O‘z o‘rnida batafsil tanqid qilingan darsliklar haqida aytilgan fikrlarni yana bir bor qaytarishdan maqsad, «o‘lganning ustiga tepgan» qilish emas. Gap darslik yaratishning qiyinligi, muammolari haqida. Respublikalar o‘rtasidagi aloqalarning uzilgani oqibatlari haqida. Darslik shunchaki qo‘llanma emas, bitta darslik kamida o‘n yil xizmat qilishi lozim. Aks holda, u darslik bo‘lmaydi.
Buning uchun esa mualliflar darslik yaratish maktabini o‘tagan, tajribali, ko‘pni ko‘rgan, eng muhimi, har jihatdan savodli ijodkor bo‘lishlari lozim. O‘sh va Jalolobodda savodxon, tajribali domlalar, mualliflar ko‘p, ammo darslik yaratish uslublari yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, darsliklar yaratishga kirishilganining o‘zi katta yutuq. Zero, bu ikkinchi noilojning ilojidir…

Ko‘rib turganingizdek, Qirg‘iziston­dagi o‘zbek maktablarida ta’lim-tarbiyani susaytirmaslik uchun dastlab O‘zbe­kistonda nashr etilgan eski darsliklardan foydalanildi. Keyinroq esa o‘zlari ham darsliklar yara­tishdi. Lekin darslik yaratishda muammolar chiqavergach, boshqa — uchinchi noilojning iloji sari qadam qo‘yildi. Bu ayrim o‘zbek maktablarida darslarni rus tiliga o‘tkazish haqidagi qarordir.

Yo‘q, bu qarorni hukumat yoki maorif vazirligi chiqargani yo‘q. Bu qarorni o‘zbek ota-onalari, o‘zbek o‘qituvchilari, mutaxassislari qabul qilishdi.

— XXI asrni kompyuter asri deyishadi, — degan edi professor Ulug‘bek Abdusalomov. — Haqiqatan ham, hayoti­mizdagi juda ko‘p ishlar kompyuter orqali qilinadigan bo‘ldi. Lekin o‘sha kompyuterni boshqaradigan, u bilan muloqotda bo‘ladigan odamni tarbiyalash ishlari qay ahvolda? Mutaxassislar bolani o‘qisin, yaxshi bilimli kadr bo‘lib
yetishsin, deb harakat qilishsa, ota-onalar­ning ayrimlari «O‘qib nima bo‘larding, undan ko‘ra Rossiyaga borib ishlab, pul topib kel», degan va bugungi kunda oddiy maqsadga aylangan talablarni qo‘yadilar. Maktablardagi sharoit o‘tgan asrning 80-yillari darajasida. O‘chakishganday, maktablarda darsliklar yetishmaydi. Borlari chalakam-chatti tayyorlangan. Erkak o‘qituvchilar maktabni tark
etishgan. Bugun maktablardagi 60 foizdan 95 foizgacha o‘qituvchilarni ayol­lar tashkil etadi. Barcha rivojlangan mamlakatlarda islohotlar dastlab maorif sohasidan boshlani­shini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Agar oddiy o‘qituvchi bir stavka darsiga kamida 300 dollar miq­dorida haq olganda edi, o‘qituvchilik kasbi bu darajada xor bo‘lmasdi. Ana o‘shanda maktab darsliklari eng kuchli uslubchilar tomonidan yaratilgan va oqibatda bilimdon yoshlar yetishib chiqqan bo‘lardi. Bugungi o‘zbek tilida o‘qitiladigan maktablarda vaziyat qay darajada ekanini bilish uchun bir fakt­ga e’tibor berish kerakka o‘xshaydi. Ya’ni ayrim o‘zbek maktablarida ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflar ochilgan va o‘sha sinf­ga farzandlarini o‘qishga berishga intilgan ota-ona ko‘p. Ayrim o‘qituvchilar  fikricha, agar mutaxassis bo‘lsa, yuqori
sinflarda ham o‘qish rus tilida olib borilishi samara berar ekan. Sababi ota-onalar bolaning intilishini ko‘rib, unga e’tibor berishmoq­da. Darsliklar ham sifatli.

Suhbatdoshim yuqoridagi dalillarni keltirarkan, sezib turibman, nainki yuz-ko‘zla­rini, ayni paytda yuragini ham g‘am bosgan. Ayniqsa, quyidagi so‘zlarni aytish unga oson bo‘lmadi, ko‘zida yosh aylandi.

— Safedbulonda Tojixon opa Toshpo‘latova ismli maktab direktori bor. O‘sha kishi shunday deb qoldi: «Ota-ona­lar maktabga qo‘shimcha qurilgan binoda rus tilida o‘qitiladigan maktab ochishni talab qilishmoqda. O‘ylab qarasam, o‘zbek tilida o‘qiymiz, deb orqada qolib ketyapmiz. Axir Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, Buxoriy kabi dunyo taniy­digan allomalar ham o‘z davri­ning ilg‘or tili bo‘lgan arab tilida ijod qilishgan-ku. Shu bois o‘zbek tilidagi darsliklar yetishmasa yoki bizga bu borada birov yordam bermasa, maktablarda rus tilida o‘qitish foydadan xoli bo‘lmasa kerak…

Eng e’tiborlisi (!) ushbu masalani hal
qilishga B.Yelsin nomidagi  Qirg‘iz­Rossiya slavyan universiteti ham qo‘shil­gan. Maktablarni kitoblar bilan ta’minlash hamda uslubiy jihatdan yordam uyushtirish va moliyaviy masalalar bo‘yicha Rossiya maorif vazirligi bilan muzokaralar olib borilib, ishga kirishilganiga ancha bo‘ldi… Shu joyda ushbu masalaga bog‘liq yana bir muammo ustida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Bu Qirg‘izistonda o‘zbek maktablarining yildan-yilga qisqarayotganidir. Bundan besh-o‘n yil oldin Respublikada 274 ta o‘zbek maktabi faoliyat yuritar edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra endilikda ularning soni 43 taga tu­shib qolgan. Qolganlari qirg‘iz-o‘zbek-rus aralash sinfli maktablarga aylantirilgan.

Tasavvur qiling, bir milliondan ortiq o‘zbek aholisining bolalari bugun rus tilida ta’lim olishmoqda. Yana o‘n yil, yigirma-o‘ttiz yildan keyin nima bo‘ladi? Albatta, bu maktablarda «O‘zbek adabiyoti», «O‘zbek tili» o‘qitiladi. Ammo bugungidek, chalakam-chatti darsliklardan ham, ulardan olinayotgan bilimlardan ham voz kechish payti kelmaydi, deb kim ayta oladi? Rus tilida o‘qishga o‘tgan o‘zbek bolalari millatning tarixini, adabiyotini unutib yubormasmikan? O‘zbekning
qadriyatlarini, urf-odatlarini, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbekligini saqlab qola olarmikan? Nahotki, noilojning iloji shu qadar achchiq?!

Yoqubjon Xo‘jamberdiYev

Manba: “M a’rifat” gazetasi

(2019-yil 17-avgust, 64-son)

Бошқа хабарлар