Imtiyozli uylar imtiyozsizlashtirildimi?

253

O'z imkoniyatlaridan foydalanib bilim olayotgan, shu bilimlarni jamiyat rivoji uchun sarflayotgan, yuksak natijalarga erishayotgan, yurt nomini dunyoga tanitayotgan yoshlarimiz ko'p. Ular o'z intellektual salohiyatini oshirish, keyingi marralarga dadil qadam qo'yishga shay bo'lgani holda, tirikchilik va oila-ro'zg'or kam-ko'stlari bilan chalg'ib qolishi ijobiy hodisa emas.

Kelajagi porloq yosh oilalarga iqtisodiy holatlarini tiklab olishlari uchun imkoniyat berish ularni yanada ruhlantirishi shubhasiz. Shunday imkoniyatlar qatorida faol yoshlarga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida beriladigan uy-joylarni keltirish mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 sentyabrda qabul qilingan «Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta`minlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida shu jarayonni yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Hozirda mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko'rsatayotgan yosh oilalar uchun 3 180 ta turarjoylar qurilmoqda. 2019 yilda ularning 2116 tasi yoshlarga topshirilishi mo'ljallangan.

Yoshlar uylari endi qay tartibda beriladi?

Yoshlar uylarini olishga yosh oila a`zolarining ikkisi ham o'ttiz yoshdan oshmagan yoxud farzand tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o'ttiz yoshdan oshmagan yolg'iz ota yoki yolg'iz onadan iborat bo'lgan oila. Shuningdek, nikohdan ajralgan beva erkak (beva ayol) bo'lishi mumkinligi belgilangan. Ularga Yoshlar ittifoqi tavsiyanomasi bilan hududiy komissiya qarori asosida imtiyozli ipoteka krediti ajratiladi. Yangi qarorga ko'ra, yosh oilalarga imtiyozli uy-joylar olish uchun beriladigan ipoteka krediti boshlang'ich badalining 65 foizigacha bo'lgan qismini 7 yil muddatga O'zbekiston yoshlar ittifoqi mablag'lari hisobidan to'lab berilishi nazarda tutilgan. Imtiyozli uy-joylarning boshlang'ich badalining qolgan 35 foizini nomzodning o'zi to'lashi kerak. Masalan, bir uyning narxi taxminan 250 million so'mga teng bo'lsa, shuning boshlang'ich to'lovi — 25 foizi 62 million so'm atrofida. Shuning 65 foizi 40 million so'mga yaqin bo'ladi. Qolgan 22 million so'm mablag'ni yosh oilaning o'zi to'lashi aytilmoqda. Boshlang'ich badalning Yoshlar ittifoqi to'lashi belgilangan qismi ssuda tarzida, ya`ni garov evaziga berilishi belgilangan. Ipoteka krediti bo'yicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlar O'zbekiston yoshlar ittifoqi mablag'lari hisobidan O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 25 foizi miqdorida to'lanishi qayd etilgan.

Avvalgi tartib qanday edi?

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrda «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta`minlashni yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori va uning 2017 yil 12 sentyabrdagi tahririga ko'ra,  faol yoshlar uchun mo'ljallangan uylar: «5 yillik imtiyozli  davr bilan, dastlabki badalni to'lamasdan, O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining  qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo'li bilan mulk qilib beriladi» deb belgilangandi. 5 yillik imtiyozli davr davomida 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan, keyingi davrda Markaziy Bankning qayta moliyalash stavkasiga ko'ra kredit uzib borilar edi. Avvalgi tartibga ko'ra, Yoshlar ittifoqi boshlang'ich badalni to'liq to'lab bergan. Besh yillik imtiyozli davrdan so'ng bu summa uyning umumiy qiymatiga qo'shib to'lab borilgan. Hozir Yoshlar ittifoqi tomonidan ssuda tariqasida beriladigan boshlang'ich badal 2019 yilning 3-choragi yakuni bo'yicha respublika byudjetining prognoz ko'rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qism hisobidan ajratilishi belgilab berilgan. Moliyaviy manbaning mavhumligi boshlang'ich to'lovning to'lanishi va yoshlarning yangi uylarga joylashishini kechiktirishi mumkin. Chunki bu birgina Yoshlar ittifoqiga bog'liq holat emas.

Yoshlar yangi qarorni qanday qabul qildi?

Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi qonun hujjatlari muhokamalari portaliga joylashtirilganida unga ko'plab munosabatlar bildirildi. Ularning aksariyati yoshlar uylariga nomzodlar yoki nomzodlik arafasida turganlardir. Yangi qarorga ko'ra, imtiyozli ipoteka kreditining boshlang'ich badalining 35 foizini to'lash yosh oila zimmasiga tushyapti. Endigina oliy ta`limni tugatib, bir ishning boshini tutib, yaqindagina yosh oilalar safiga kirganlar boshqalarga arzimagan mablag' bo'lib ko'ringan bu summani to'lashga qiynalishini hisobga olish kerak. Aynan shu o'zgarish yoshlarni sergaklantirdi. Hisoblab ko'rsak, 2019 yilda korxona va tashkilotlardagi nominal o'rtacha ish haqi 2 million so'mni tashkil qiladi. Ta`lim tizimida bu ko'rsatkich 1,6 millionga yetgan. Agar oila a`zolarining ikkovi ham ishlasa, oilaning o'rtacha bir oylik daromadi 4 million so'mni tashkil qiladi. Toshkent shahri miqyosida hisoblasak, bir oilaning oylik xarajatlari 2 million bo'ldi, deylik. Uyga nomzodlarning ayni vaqtda ijarada yashashini hisobga olsak, yana bir-bir yarim million so'm qo'shiladi. Agar ularning farzandlarini ham hisobga olsak, bu xarajatlar yanada oshishini taxmin qilish mumkin. Shunday sharoitda Yoshlar ittifoqi tomonidan boshlang'ich badal to'lanishi ana shunday sharoitdagi yoshlarga katta madad bo'layotgan edi. Biroq qaror bilan ana shu imtiyozning kamayishi yoshlarning noroziligiga sabab bo'lmoqda.

Bundan tashqari, nomzod doimiy ish joyidan va davlat soliq xizmatidan oxirgi 12 oydagi daromadlari to'g'risidagi ma`lumot berishini ham hisobga olish kerak. Deylik, oilada faqat bir kishi davlat tashkilotida ishlasa yoki 12 oy davomida yetarli darajada maosh olmagan bo'lsa, ipoteka krediti olishda muammo paydo bo'lishi mumkin. Chunki yosh oilaning kreditni to'lashga layoqatli ekaniga ishonch hosil qilish zarur. Imtiyozli uy-joy degani tekin uy-joy degani emas, balki davlatning o'z yoshlariga uzoq muddatga bildirgan ishonchidir.

Muhokamalar shu yilning 10 sentyabriga qadar davom etib, 11 sentyabr kuni qaror loyihasi deyarli o'zgarishsiz tasdiqlandi. 12 sentyabrdan boshlab faol yoshlarga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar berish yangi tartiblar asosida amalga oshirilyapti.

Aslida murakkab iqtisodiy sharoitda davlatning yoshlarga shuncha imtiyozlar berayotgani katta ish. Bu imtiyozlarga ega chiqadigan yoshlar mamlakat taraqqiyotiga ta`sir ko'rsatadigan potensialga egaligini hisobga olsak, bu ularni ruhlantirishga, kelajakda o'z kasbiy faoliyatidan chalg'imasdan, moddiy muammolarni o'ylamasdan ishlash, ijod qilish va yanada yuqoriroq natijalarga erishishiga turtki bo'ladi.

Bilasizmi?

Quyidagilar yoshlar uylarini imtiyozli shartlar asosida olishi mumkin:

– turarjoy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, san`at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar (davlat mukofotlari, «O'zbekiston belgisi» ko'krak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari);

– O'zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yosh oilalar (O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida);

– faoliyat yuritayotgan mehnat jamoasida alohida namuna va xizmat ko'rsatgan yosh oilalarga (davlat hokimiyati organlari, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining rahbarlari tavsiyasiga ko'ra, O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida).

Ibrohim XODJAEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

“Mahalla” gazetasi

(2019 yil 26 sentyabr, 42-son)

Boshqa xabarlar