Salomlashish hikmatlari

380

Assalomu alaykum! Ushbu so'zlar zamirida juda katta hikmat yashirin.
Xalqimiz va ajdodlarimiz buni yaxshi bilgan va qadrlagan. Biz bugun ham ushbu ezgu va go'zal qadriyatlarimiz bilan faxrlanamiz.

Bobom bergan tillolar

Yosh bola edim. Besh-olti yoshlarda. Bir kuni uyga shoshib kirdim. Bobom o'tirardi. Menga qaradi-da:
– Nima yo'qotding, bolam, – dedi.
Atrofga qarayman, cho'ntaklarimni kovlayman – hamma narsam joyida.
– Hech nima, – dedim.
– Yo'q, bolam, nimanidir yo'qotding, topib kel, – dedi.
Indamasdan tashqariga chiqdim. Uzoq o'ylandim. Hech narsa yo'qotmaganman. Oxiri eshikni g'irchillatib ochib, ichkariga yuzlandim. Bobom yostiqqa yonboshlagancha yotibdi. Menga o'tkir nigohi bilan yuzlandi:
– Topdingmi?
Men esa yerga qaragancha sovqotgan qo'llarimni ishqalab, yerga qarab turardim. Bobom yana eshikni ko'rsatdi…
Eshik ortida o'ylanib turganimda ichkaridan enam chiqib keldi. Boshini biroz pastlatgancha, «Uyga kirayotganda salom bermading» deya qulog'imga pichirladi.
Tillo topib olgandek, og'zim qulog'imda ostona hatlaboq bobomga qarata:
– Hessalomalaykum, – dedim.
Bobom esa:
– Hessalomalaykum emas, Assalomu alaykum, deyiladi, bolam, – deya xatomni to'g'riladi…
Bobom bergan bu «tillo»lar menga bir umrga asqotmoqda.

Tarbiya oqsayapti

Qo'shningiz, jigarlaringizdan biri siz bilan salomlashmadi, dilingiz og'rimaydimi? Keyingi ­paytlarda salomlashish kamayib ketayotgandek. Yoki buzib, qisqalikka intilish, boshqacha – «zamonaviy» salomlashish odatga aylanayotgandek. Ayrim hollarda ba`zilar salom-alikni buzib ishlatishadi. Bilsa-bilmasa xorijiy so'zlar orqali ko'rishmoqqa intilishadi. Bu esa qaysidir ma`noda ona tilimizga nisbatan hurmatsizlik sanaladi. Shunday ekan, barchamiz yoshlarni salom-alikka, va asosiysi, to'g'ri salomlashishga o'rgatishimiz lozim.
– Yoshlar orasida salomlashmaslik yoki «Assalomu alaykum» so'zini buzib, qisqartirib ishlatish chet el filmlarining ta`sirida paydo bo'lgan, nazdimda, – deydi O'zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati bo'limi rahbari Dilmurod Xudoyshukurov. – Turli beo'xshov harakatlar tarzidagi ko'rishish ham taqlid natijasidir. Yoshlar shu yo'l bilan tengdoshlari orasida o'zlarini zo'rroq, nufuzliroq ko'rsatishga urinadi. Qizig'i, bunday qiliqlar katta yoshdagilar orasida ham kuzatilyapti. So'kinib so'rashadiganlar ham yo'q emas. Bundaylarga aql o'rgatsangiz, maslahat bermoqchi bo'lsangiz, aksar hollarda gapingizga quloq tutishmaydi. Demakki, oilada muhit yaxshi emas, tarbiya oqsayapti.

Eng ezgu tilak

– «Assalomu alaykum» so'zlari arab­chadan tilimizga o'girganda «sizga tinchlik tilayman» ma`nosini beradi, – deydi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali Jabborov. – Tinchlik tilashdan ulug'roq, ezguroq tilak yo'q. Payg'ambarimiz «salomlashishni o'rtalaringizda yoyingiz» deganlar. Zero, salomlashish odamlar orasidagi mehrni kuchaytiradi. Islom qoidalariga muvofiq tanishmi, begonami – farqsiz, hammaga salom bermoq joiz. Begona odamga salom bersangiz munosabatlar iliydi, keyingi safar u ham salom beradi. Bir necha marotaba uchrashganingizdan so'ng tanishga aylanib qolasiz. Payg'ambarimiz bir-biringizga qo'l berib, tabassum bilan ko'rishganingizda gunohlaringiz kuzdagi daraxt barglaridek to'kiladi, deganlar. Qoidaga ko'ra, kichik yoshdagilar kattalarga, ozchilik ko'pchilikka salom berishi, mabodo kichik yoshdagi kishi salom bermasa, unga yoshi ulug' salom berishi lozim. Bu harakatning tarbiyaviy xususiyati bo'lib, salom bermagan kishini uyaltirasiz. Keyingi safar u bu xatosini to'g'rilashga harakat qiladi. Salom berilganda alik olmasa, xafa bo'lmaslik kerak. Bunday holatda alikni farishtalar olishadi. «Assalomu alaykum» so'zini buzib aytish ma`nosiz so'zlamoq bilan barobardir. Ayrimlarning salomlashishni unutib qo'yishini esa bartaraf etish mumkin. Oilada tarbiyaga e`tibor qaratilmog'i, bu borada, ayniqsa, yoshi kattalar g'ayrat ko'rsatishlari shart.

«Kimliging shundan ma`lum»

– Salomdan kishining aql-u farosatini baholash, uning kibrli yoki kamtarin inson ekanini bilish mumkin, – ­deydi filologiya fanlari nomzodi Shahnoza Almamatova. – Oliy o'quv yurtida o'qib yurgan kezlarimiz keksa bir o'qituvchimiz doim biz, talabalarga salom berardi. Uning kamtarligi hammada havas uyg'otgan. Hazrat Navoiy bejiz «El ichra o'lturmoq yuqoriroqdin, el ichra o'lturmoq yuqoriroq bil» mazmunidagi misralarni bitmagan. Ya`niki, o'zni eldan yuqoriroq tutishdan ko'ra, el orasida bo'lgan afzal. Shu ma`noda, avval salom bermoq va mazkur harakat bilan odamlarni ko'rishishga, yaqinlashishga undamoqlik katta savob. Aql-u zakovatda tengsiz ota-bobolarimiz bolalarni ertaklar orqali salomlashishga o'rgatishgan. Xususan, yalmog'iz qanchalik yovuz bo'lmasin, salom berishni unutmagan qahramonni ikki yamlab, bir yutib yubormaydi.
Xalqimizda salomga oid ajoyib qadriyatlar bor. Chunonchi, biror kishidan mujda keltirilganida «U salom aytdi» deyiladi. Shunda sog'inch­ning, mehrning taft-u haroratini his etamiz, bizni qadrlashlarini anglaymiz. Qisqasi, salom-­alikda hikmat ko'p.

Muqimboy ISMOILOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar