UDUMLARIMIZ MA`NAVIYaTIMIZGA MOSMI?

183

Inson tabiati qiziq. Bir qarasang, oddiy va jo'n, bir qarasang, qattiq yong'oq kabi sir-sinoatga to'la. Ana shu ajabtovur fe`l-atvorimiz tufayli turfa muammolarga duch kelamiz, masalani yechish yo'llarini topolmay, chora izlaymiz. Hayratlanarlisi, o'sha jumboqlar ixtirochisi ham sizu-biz. Keyingi paytda to'ylarni ixchamlashtirish masalasi ommaviy axborot vositalarining bosh mavzularidan biriga aylandi. Teleshoularda ham, gazeta jurnallarda ham shu gap. E`tibor bersangiz, biron kishi noto'g'ri gapirmaydi, har fikrda bir olam ma`no bor. O'ylab qolasan: shuncha aqlli zot to'y-ma`raka va boshqa marosimlarni kamchiqim, ortiqcha dabdabasiz o'tkazish tarafdori ekan-u, “suvning nishobini noto'g'ri olayotganlar” kim ekan?

Nazarimda, birinchidan, biz ilmga amal qilmaymiz, aniqrog'i, “uydagi maslahat ko'chaga to'g'ri kelmay qoladi”. Aynan shu borada ko'p yaxshi takliflarni o'rtaga tashlagan ayrim do'stlarimiz amalda boshqacha ish tutadilar, shaxsiy namuna borasida mum tishlab turaveradilar. Yana ham achinarlisi, omma oldidagi “botir”lar o'z uyidayoq qarshilikka uchraganlarida ortiqcha g'alvadan qutulish uchun murosa yo'lini tanlaydilar.

Ikkinchidan, jamiyat va jamoatchilik oldida obro'-e`tibor topgan erkaklarimiz ham uy bekalari bilan yuzma-yuz kelganda qat`iyat, dadillik o'rniga sukutni afzal biladilar.

Bugun to'y-hashamlardagi ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik, kimo'zarlik kabi illatlar “zamon”ga moslashdi. Chindan ham, urf-odatlarimiz shakl-shamoyili ixchamlashdi, biroq “mohiyati” va “iqtisodiy asosi” o'sha-o'shaligicha qolayotgani hech kimga sir emas.

Yaqinda Andijon shahridagi “Soy” MFYda yashovchi Mashhura  Mirdadaevani(ismlari o'zgartirildi) qaynonasi haydab yuboribdi. Boisi, ota-onasi vafot etgani tufayli hayit, bayramlarda kuyovni yo'qlab boradigan kishisi yo'qligi emish. Bu birgina voqea emas. Aynan moddiy manfaatdorlik, kuyovlarning “gap”i, “tug'ilgan kun”i, “diplom yuvdi”si, “farzand ko'rdi”si kabi bosh-uchi ko'rinmaydigan marosimlar tufayli Andijon shahrida oilaviy ajrimlar kamaymayapti. Oilaviy nizolarning asosiy qismini “qaynona-kelin” munosabati tashkil etayotganiga qaramay, bu yo'nalishda o'tkazilayotgan tadbirlar quruq rasmiyatchilikdan iborat bo'lib qolmoqda. To'y-hasham bilan bog'liq barcha urf-odat, an`analarni yangi “loyiha”lar bilan boyitadiganlar qaynonalar ekanini hamma biladi. “Oila” ilmiy-amaliy markazi, mahallalardagi “Ota-onalar universiteti”, “Qaynonalar maktabi”da ana shu toifa bilan ko'plab o'quv mashg'ulotlari, suhbat va muloqotlar, munozaralar uyushtirilyapti. Afsuski, bunday tadbirlar go'yo “osmonga uzilgan o'q” kabi hech qanday samara berayotgani yo'q. Aksincha, dabdababozlikka qarshi fikr-mulohazalar ko'paygani sari, bu illatning ko'z ko'rib, quloq eshitmagan turlari dunyoga kelmoqda.

Andijonda ilgari kuyov navkariga sigaret, o't oldirgich, dastro'mol kabi buyumlar tortiq qilinardi. Endilikda bunga barham berildi. Shu bilan muammo o'z yechimini topdimi? Albatta, yo'q. Endilikda mavjud an`analar, udumlar zamonaviylashtirilmoqda. Masalan, ayrimlar kuyov navkariga bittadan paxta gulli choynak tortiq qilishni odat qildi. Bu yangi udum zamirida qanday ma`no borligini hech kim bilmaydi.

Kuyovning tug'ilgan kuni ham “qayta ko'rib chiqildi”. Ilgari faqat kuyov bolaga bosh-oyoq sarpo olib borilgan bo'lsa, endi ro'yxatga oila a`zolarining hammasi qo'shildi.

Andijon shahrida bir dona kuyov patirining narxi 15 ming so'm. Qudadan, shunchaki hol-ahvol so'ragani borish uchun kamida o'nta patir, a`lo navli choy va yana ikki kilogramm toza konfetdan iborat “tashrif qog'ozingiz” bo'lishi shart. Aks holda, reyting bahoingiz pasayib, qizingizga bosim kuchayaveradi.

Qissadan hissa shuki, udumlarimiz xuddi ertakdagi ajdahoning boshiga o'xshaydi. Birini uzib tashlasangiz, to'rttasi o'sib chiqaveradi. Xalqimiz bu “ajdaho”ni yenga olarmikan?

Yana bir misol. Farzand tug'ilganda “ikki o't oralig'ida”gi kelin qolib, “yallo” qilib yurgan kuyov bolaga 100-200 dollar suyunchi berish udumga aylanganiga ancha bo'ldi.  Kuni kecha Qo'rg'ontepa tumani Qo'shtepa mahallasida yashovchi Komilaxon opaning uyida juda noqulay vaziyat yuz berdi. O'tgan yili turmushga uzatgan qizining ko'zi yorishi munosabati bilan tong otmasdanoq kuyov bola va erkak quda suyunchi so'rab, eshik qoqishdi. O'zi amal-taqal qilib qo'l uchida kun ko'rayotgan bu oila xushxabar uchun kuyovga “ko'kidan” qistirish maqsadida tong sahardan qo'shnilar darvozasini taqillatib, ancha sarson bo'ldi…

Andijonliklar tomonidan yana bir yangi odat, to'yda kuyov  tomonga chorpoya, chorpoyaga xontaxta, xontaxtaga turli pishiriq va shirinliklar, pista-bodom qo'shib olib borish  o'ylab chiqarildi.

Bugun mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizning dunyo hamjamiyati istehzosiga sabab bo'ladigan ana shunday kamchiliklarga qarshi jiddiy kurash boshlanganini qutlash kerak. Shu bilan birga bunday sa`y-harakatlarga barcha birday hissa qo'shishi lozim. Shundagina “ajdahoning boshi” qayta o'sib chiqishiga yo'l qo'ymagan bo'lamiz.

Abdulaziz MATTIEV,

Andijon davlat universiteti 2-bosqich magistranti.

Manba: Nuroniy gazetasi 37-son

Boshqa xabarlar