Saylov: andijonlik nomzodlarning telepatik qobiliyati bormi?

880

Bir-birining xayolidagi fikrni so'zsiz uqib oluvchi kishilardagi qobiliyatni telepatiya dermidi? Hozircha ilm-fan bu borada aniq to'xtamga kelmagan bo'lsa-da, his-tuyg'uni sezgi organlari ishtirokisiz masofaga uzatish va qabul qilishga qodir insonlar uchrab turishi bor gap. Bu haqda fantastik adabiyotlar, xorij filmlari orqali ozmi-ko'pmi tasavvurga egamiz.

Ne deysizki, xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga nomzodini qo'ygan yurtdoshlarimizning qariyb 80 foizi ayni shunday noyob xislat sohiblari ekan.

Yaqinda viloyatda saylov jarayoniga bevosita mas`ul shaxslardan biri iltimos qilib qoldi. Aytishicha, mahalliy kengashlarga nomzodlarning saylovoldi dasturlari tilshunos o'qituvchilar tomonidan ko'rib chiqilgan, bosmaxonada chop etishga tayyor, shunday bo'lsa-da, jurnalistlar ham birrov ko'z tashlab qo'yishsa, degan to'xtamga kelishibdi. Maqsad-muddao – dasturlarning imloviy va uslubiy xatolardan holi chiqishini ta`minlash.

Gap savodxonlik bilan bog'liq masala ustida borayotgani hamda nomzodlar kun tartibiga qo'yayotgan muammolar, ularning o'y-qarashlari qanday ekan, degan qiziqish ustun kelib, iltimosni og'rinmay qabul qildik.

Viloyat kengashi deputatligiga har bir partiyadan 60 nafardan jami 300 nafar hamyurtimizning nomzodi qo'yilgan. Bu safda navqiron yoshlardan tortib nuroniylargacha, dehqondan tortib olimlargacha borligi quvonarli.

Biroq aksariyatining partiya dasturidan kelib chiqib, o'z oldiga qo'ygan vazifalari esa bandlarning ketma-ketligidan to jumlalar tuzilishigacha bir xil. Ha, aynan bir xil. Ularni bir-biridan nomzodlarning suratlariyu qisqacha tarjimai holi ajratib turibdi, xolos.

Masalan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ko'rsatilgan bir nomzodning dasturidan uzluksiz tarbiya tizimini yaratish va yuksak ma`naviyatli, vatanparvar avlodni tarbiyalashdan tortib o'qituvchining ijtimoiy muhofazasi, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, davlat tili maqomini oshirish, dabdabali to'y marosimlariga barham berish va mahalla raisining mahalliy hokimiyatdan mustaqilligini ta`minlashgacha bo'lgan jihatlar o'rin olgan. Ayni dolzarb masalalar! Gap bo'lishi mumkin emas!

Ammo partiyaning 60 nafar nomzodi xuddi shunday fikrlab, birvarakayiga shu gaplarni kun tartibiga olib chiqsa, odamga erish tuyularkan. Axir iqtisodchining qarashlari shifokornikidan, tilshunos mutaxassisning jamiyatdagi muammolarga munosabati quruvchi-muhandisnikidan farqlanmaydimi? Andijon shahridan Izboskanu Paxtaobodning, Xonobod shahridan Bo'ston va Ulug'nor tumanlarining hududiy muammolarida ham sezilarli tafovut borki, buni sizu bizdan ko'ra o'sha yerning tub aholisi yaxshi biladi. Shunday ekan, xalq orasidan deputatlikni ko'zlab maydonga chiqqan nomzod dasturida odamlarni o'ylantirayotgan masalalarni nazarda tutishi kerak emasmi?

O'zbekiston Ekologik partiyasi xususida ham xuddi shu gapni aytish mumkin – nomzodlarning telepatiya qobiliyati birdaniga ishga tushib, birining miyasidagi fikrlarni ikkinchisi, ikkinchisidan uchinchisi… ko'chirib, 60 kishi aynan 12 ta masalani shartta qog'ozga tushiribdi-qo'yibdi chog'i. To'g'ri, kun tartibiga qo'yilayotgan masalalarning barchasi muhim, ularning yarmi ro'yobga chiqqan taqdirda ham Andijonda salkam Shveysariya tabiati yaratilishi mumkin.

Biroq, boz aytganimizdek, hududlarning ekologik muammolari ham turfa. Deylik, biror-bir trikotaj korxonasi ham qurilmagan chekka qishloqdan deputatlikka talpinayotgan vakil saylovoldi dasturida “aholi yashovchi hududlarda sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta`sirini kamaytirishni” dolzarb vazifa sifatida qo'yayotgan ekan, unga nisbatan saylovchilarning munosabatini tasavvur qilib ko'ring endi. Axir xalqimiz anoyi emas.

Aytaylik, Bog'ishamol adirliklaridan ko'zga do'ppidek tashlanuvchi Andijon shahriga bahor-yoz oylarida bir qur nazar solgan inson daraxtlar siyraklashib, hududni yaxshigina chang-to'zon qoplaganini yaqqol ko'radi. Nahotki ekologik partiyaning biror-bir vakili balandparvoz gaplardan tiyilib, “Atigi yetti-sakkiz yil avval ham bunday emasdi, bir guruh nafs bandalari Andijonning chinorlarini mebelga qurbon qilaverib, ahvol shu ko'yga keldi. Deputat bo'lib saylansam, shu masala uchun jiddiy kurashaman, axir bugun ko'p kasalliklarning birinchi omili havoning bulg'anishidan”, degan mazmunda o'z dasturiga reja kiritolmasa? Yoki jamoatchilikni o'ylantirayotgan masalalar nomzodlar, ular ortida turgan partiya rahbarlari uchun qiziq emasmi?

To'g'ri, mahalliy kengashga nomzodlar orasida saylovoldi dasturini o'ziga xos tarzda tayyorlaganlari ham yo'q emas. Xususan, O'zLiDeP, XDP, “Adolat” SDPning ayrim (!) vakillari o'z hududlaridan kelib chiqib, muhim deb bilgan masalalarni kun tartibiga olib chiqishibdi. Ammo ular ham barmoq bilan sanarli darajada. Umumiy manzara esa yuqorida tilga olingan partiyalarnikidan qolishmaydi. 

…Partiyadoshlarining fikrini so'zsiz anglaydigan nomzodlar xalqning dardini, ko'nglidagi gaplarini ham bemalol uqib olishi mumkin-ku, degan yaxshi gumondamiz. Shunday alomat zotlarni deputatlikka saylamay bo'ladimi axir?

Nurillo NO'`MONOV

Boshqa xabarlar