Millat qalbini jo etgan san`at

381

Ochilbek Matjonov xonanda, sozanda, bastakor, baxshi va shoir.
Diltortar qo'shiqlarimizning mohir ijrochisi, maqom bilimdoni sifatida xalqimizning mehrini qozongan.
Mumtoz yo'nalishdagi «Yorima ayting», «Bormi, yoronlar», «Bir munosib yor garakdir», «Nori bo'lmasa» kabi, shuningdek, «Gul ifori», «Ichan qal`a» yalla ashulalari muxlislar qalbidan joy olgan. Hofiz bilan suhbatimiz u hayotini baxsh etgan maqom san`ati haqida bo'ldi.

– Maqom… Millat taraqqiyotida ushbu san`at qanday ahamiyatga ega?
– Lug'atlarda «maqom» so'zining 20 dan ziyod ma`nolari keltirilgan: o'rin, joy, daraja, martaba, mansab… Mana, hozir siz bilan suhbatlashib o'tirgan chog'imiz quyosh ufq maqomiga keldi. Musiqada asosan parda ma`nosida ishlatiladi. Sababi, maqomlar ma`lum pardada aytiladi, avji, tushumi bor. Har birini o'z o'rnida qo'llash joiz.
Maqomlar millat ruhiyatini yuksaltiruvchi, o'zligimizni anglatuvchi, haq sari boshlovchi san`at durdonalaridir. Yoshlar tarbiyasida undan samarali foydalanishimiz kerak.

– Keyingi yillarda maqom san`atini rivojlantirish davlat e`tiborida. Prezident qarori ham qabul qilindi. Qator festivallar o'tkazilmoqda. Biroq, negadir, hali ham maqomga bo'lgan munosabatida qandaydir kemtiklik bordek. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?
– Avvalo, davlat rahbarimizga o'z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Sababi, maqom va xalq o'rtasida ulkan jarlik yuzaga kelgan va u tobora chuqurlashayotgan, mutasaddilar, san`atkorlar bunga e`tiborsizlik qilayotgan bir pallada maqom san`ati qaddini rostlash va uni rivojlantirishga doir maxsus hujjatga imzo chekdi. Keyingi yillarda o'tkazilgan festivallar, tanlovlar maqom san`atiga qayta hayot baxsh etdi. Prezident o'z vakolati doirasidagi barcha choralarni ko'rdi, qolganini biz amalga oshirishimiz kerak.
Mana men maxsus maktabda o'quvchilarga saboq beraman. Shogirdlarimga maqomning ulug'vorligi haqida va`z o'qiyman, o'rgataman. Maktabimizda men kabi 22 nafar o'qituvchi maqom, an`anaviy ijrodan saboq beradi. Ammo biz sinfda o'quvchilarga bergan ma`lumotlar bilan sinfdan tashqaridagi holat o'rtasida keskin tafovut bor. Tashqarida ularni boshqa dunyo kutib turibdi. Har kuni yuzlab musiqalar jarang­layotgan pallada yoshlarning bulardan qay biri asl san`at ekanini ajratib olishi oson emas. Shu bois, maqomni xalq shuuriga singdirishda uzluksizlik bo'lishi shart.
Maqom millatning qalbi sanaladi. Undan uzoqlashish qalbdan yiroqlashish, o'zlikdan uzoqlashishdir. Buni anglaydigan paytimiz allaqachon keldi. E`tibor qilgan bo'lsangiz, mumtoz navolarimiz televizorda faqat erta saharda yangraydi. Bu paytda yoshlar uxlab yotgan bo'ladi. Maqomlar faqat keksalar uchun degan qarashdan voz kechish kerak.
Musiqa ilmi rivojiga munosib hissa qo'shgan insonlardan biri Najmiddin Kavkabiy «Musiqa buyuk ilohiy kuchdir va u insonlar orasida ayrim insonlarga xosdir» degan ekan. Bunda maqom kuylovchilar emas, aynan eshituvchilar nazarda tutilgan. Demak, maqom ting­lash, tushunish uchun ham insonga saviya, musiqiy did zarur.
Maqom tinglashmaydi, deb qo'l qovushtirib o'tirmasligimiz kerak. Biroq, biz imkoniyatni to'liq safarbar qilmayapmiz. Maqom targ'ibotiga yetarli e`tibor bermayapmiz. Maqomni targ'ib qilish davlatning emas, avvalo, biz san`atkorlarning vazifasidir.

– Maqom barchaning yuragiga yetib borishi uchun nimalar qilish kerak?
– Birinchidan, konsert dasturlarini ko'paytirish zarur. Maqomning umrboqiyligini ta`minlash uchun madaniyat uylarida, maktablarda, oliy ta`lim dargohlarida bepul konsertlar uyushtirib turish maqsadga muvofiq. Bugun yoshlar ko'proq internetga qiziqadi. Internet tarmoqlariga ko'proq maqomlarni joylash zarur. Hozirda ushbu tarmoqlarda joylashtirilgan musiqalar orasida maqomlarimiz salmog'i juda kam.

– Muxlislaringiz uchun san`atga qanday kirib kelganingiz, bugungi yutuqlarga qanday erishganingiz qiziq, albatta.
– Oilada uchinchi farzandman. Men tug'ilgach, gilam fabrikasida ishlab kelgan onam ishdan bo'shagan. Xivadagi 121-ko'zi ojizlar maktab-internatida tahsil oldim. Onam meni maktabga, darslardan so'ng musiqa maktabiga olib borardi. Mashhur Bola baxshining kenja shogirdlaridanman. Keyinchalik Bola baxshining o'g'li Matyoqub Abdullaev qo'lida 1989 yilda Xivada tashkil qilingan dostonchilik maktabida ta`lim oldim. Maktabni tamomlab, Xarratov nomidagi Urganch musiqa bilim yurtida o'qidim. Bu yerda ham ustozdan omadim chopdi. Madrahim Yoqubov qo'lida tarbiyalandim. Konservatoriyada esa Quvondiq Iskandarovga shogird bo'ldim. U kishi olamdan o'tgach, Mahmudjon Tojiboevdan tarbiya oldim. Jo'rabek Nabiev va boshqa ustozlardan o'rganishga harakat qildim. Umuman, bu kunlarga yetishimda ko'plab ustoz­larimning xizmati bor. Otaboy Xolliev, Matnazar Xudoynazarov, Farhod Davletov, Azamat Otajonov…
Komiljon ustoz «Mendan oldin kim kelsa, go'zal san`at ichiga, barchasini pesh tutdim, bo'ldi xoliroh menga» degan ekanlar. Men ham maqomni maromida kuylagan barcha insonlarni ustozim deb bilaman.

– Sizni ko'pchilik ilmli yigit ­deyishadi. Konservatoriyada ham saboq bergan ekansiz. Poytaxtdan tashlab qaytishingizga nima sabab bo'lgan?
– Bilasiz, u paytlari Toshkent shahrida doimiy ro'yxatdan o'tish juda qiyin edi. Har qancha urinmay, bu muammoni hal qilolmadim. Qolaversa, ijarada yashashning o'zi bo'lmaydi. Har oyda ijara puli to'lashga va oilamni iqtisodiy ta`minlashga Konservatoriyadan oladigan ish haqim yetmasdi.
– Ilmiy izlanishlaringiz-chi, ular ham to'xtab qoldimi?
– To'xtagani yo'q, ammo sekinlashdi. «Xorazm suvoralarida parda, ritm va so'z xususiyati» mavzusida magistrlik ishi yoqlagandim. Shu yo'nalishda izlanyapman. Ammo manbalarning kamligi pand beryapti. Ilmiy unvon olish-olmasligimdan qat`i nazar, suvoralarni ilmiy tahlil qilib, kitob yozish niyatim bor.

– Dostonchilik maktabida o'qiganman, dedingiz. Qaysi dostonlarni bilasiz?
– «Vazirgon», «Avazxon», «Xirmondali» dostonlarini yod olganman. Hozir ham ba`zida aytib turaman. Bir narsani tan olishimiz kerakki, xalq og'zaki ijodi, dostonchilik barcha san`atlarning asosidir.

– Maqom san`atini asl holida saqlab, kelajak avlodga yetkazishda xizmatlaringiz katta. San`atni takomillashtirish ham muhim. Bu boradagi izlanishlaringiz haqida ham aytib o'tsangiz.
– Mumtoz san`at rivojida Komiljon Otaniyozov, Ortiq Otajonov, Otajon Xudoyshukurov, Rahmatjon Qurbonovlarning hissasi katta. Men ular darajasida bo'lmasa-da, o'z imkoniyatlarimdan kelib chiqib o'nlab ashulalar yozdim. Qo'shiqlarim vaqt sinovidan o'tsa, yuz yillardan keyin ham jaranglab tursa, armonim yo'q. Yosh xonandalarga mumtoz yo'nalishda ashulalar yozib beryapman. Bir necha she`rlarimni mashhur xonandalar qo'shiq qilib kuylashyapti. Qolaversa, iste`dodli yoshlarni kashf qilish, qo'llab-quvvatlash orqali san`at rivojiga baholi qudrat hissa qo'shyapman. Orzuim maqomlarni barcha sevib tinglaydigan, his qiladigan kunlar kelishini ko'rishdir.

Muhabbat To'raboeva

suhbatlashdi

Boshqa xabarlar