Jamoatchilik yo'qlamasi: hokimlar darsga borishyaptimi?

411

Prezidentimiz raisligida shu yil 23 avgust kuni xalq ta`limi masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishi yodingizdami? Anjumanda tizimni rivojlantirish, o'qituvchilarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish haqida ko'p yaxshi gaplar aytilganligi bugun ham turli davralarda tez-tez tilga olinyapti.

Davlatimiz rahbari katta-kichik amaldorlarning ta`limga munosabatini muhokama qilar ekan, hokimlar o'zlarining o'ta bandligini bahona qilib, maktabga borishga vaqt topa olmasligi, uni yuzinchi darajali masala deb nazar-pisand qilmasligini qattiq tanqid ostiga olgandi.

Shu kuni alohida topshiriq berilgandiki, yangi o'quv yilidan barcha hokimlar va boshqa rahbarlar maktablarga haftasiga kamida uch marotaba borishi, jamiyatdagi o'zgarishlar, islohotlar mohiyati xususida dars berishlari zarurligi qoida tariqasida joriy etilgan edi.

Ayni tashabbusdan ko'zlangan maqsad-muddao aniq: avvalo ta`lim muassasasiga qadam qo'ygan hokim tizimdagi kamchiliklar bilan yaqindan tanishadi, muammolarni bartaraf etish choralarini ko'radi. O'quvchilar bilan o'tkazilajak suhbatlar esa, zamonaviy tilda aytganda, yoshlarga qaysidir ma`noda motivasiya beradi. Kichik bir sabab shaxs kamolotida katta evrilishlarga turtki bo'lishi mumkinligiga tarixda misollar kammi?

…Shunday qilib, yangi o'quv yilining dastlabki soatlarini hokimlar “Mustaqillik darslari” bilan boshlab berishdi. Ularning hali u, hali bu maktabda yoshlar bilan uchrashayotganligi haqidagi xabarlar mahalliy telekanallarda, ijtimoiy tarmoqlarda o'n kuncha aylanib turdiyu, keyin negadir mavzuga oid chiqishlar keskin kamayib ketdi.

Hademay maktablarda qishki ta`til boshlanadi. O'tgan uch yarim oy davomida hokimlar qaysi maktablarga borishdi? Saboqlar ko'proq qanday mavzularga bag'ishlandi? Yoki topshiriq ijrosi “galochka” uchun ado etilib, keyin butkul unutildimi?

Ayni mavzuda surishtiruv boshlangan 12 dekabr kuni Oltinko'l tumani hokimi Nazirjon O'rinboev 26-maktabning 11-sinf o'quvchilariga dars o'tganligi, uchrashuv bitiruv imtihonlariga tayyorgarlik masalalariga bag'ishlanganligi ayon bo'ldi. Hokim buvaning topshiriq ijrosini kun tartibidan tushirmayotganligi, xususan, so'nggi uch hafta ichida 11-, 12-, 35-, 46-maktablarda yuqori sinf o'quvchilari bilan bir necha bor muloqot qilganligi xususida tizimdagi manbalardan ma`lumot oldik. Suhbatlar asosan yoshlarning hayotda o'z o'rnini topishlari, kasb tanlovi bilan bog'liq mavzularga bag'ishlangan.

Bo'ston tumani hokimi Inomjon Mamadalievning kasbi jurnalist emasmi, ayni kunga qadar o'zi qiziqqan fan – adabiyot bo'yicha bir qator maktablarda dars o'tganligidan boxabar bo'ldik. Hokimning so'nggi bor 6-dekabr kuni 22-maktabning 11-sinf o'quvchilari bilan o'tkazgan muloqoti “Saylov saboqlari” mavzusiga bag'ishlangan. Maktabdagi manbamizga ko'ra, amaliy seminar tarzidagi mashg'ulotga bir qator maktab direktorlari hamda xotin-qizlar qo'mitasi vakillari ham taklif etilgan.

Xo'jaobod tumani hokimi Otabek Rasulov so'nggi to'rt kun ichida 22-, 31-maktablarda bo'lib, qator sinflarda dars o'tgan. Muloqotlar asosan hayotiy mavzular atrofida kechganligi aytilmoqda.

Jalaquduq tumani hokimligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, hokim Sodiqjon Turdiev maktab o'quvchilari bilan uchrashishga vaqt ajratolmagan. Kun tartibidagi masalaga nima uchun panja ortidan qaralayotgani xususida jo'yali javob olishning imkoni bo'lmadi.

Marhamat tumani hokimi Shuhrat Qamchiev ham ta`lim sohasiga hamon yuzinchi darajali masala deb qarayapti chog'i, so'nggi ikki oy ichida maktablarga hech yo'li tushmabdi. “Oxirgi marta oktyabr oyida agrosanoat kollejida hamda o'zi rahbarlik qilayotgan sektor hududidagi 3-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatida dars o'tgandi”, deydi tuman hokimligi matbuot kotibi Muhammadamin Orifjonov.

Andijon shahri hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulshanoy Qo'chqarova hokim Bahromjon Haydarovning shu kunga qadar 6-, 19-, 24-, 30-maktablarda iqtisod fanidan dars o'tganligini ta`kidlaydi. Shahar xalq ta`limi bo'limi rahbariyati esa aksincha – 11-, 23-, 41-maktablarda yuqori sinf o'quvchilari bilan uchrashganligini qayd etadi. Bu ma`lumotlarning qay biriga ishonish kerak?

Andijon tumani xalq ta`limi bo'limi rahbariyati hokim Ulug'bek Isomiddinov yangi o'quv yili boshlangandan buyon hududdagi 36-maktabda ikki-uch bor dars o'tganligi, xususan, oxirgi mashg'ulotda yuqori sinf o'quvchilari bilan saylov mavzusida suhbatlashganligini ta`kidlashdi. Ammo hokim kabinetidan chiqishi bilanoq har qadami xususida ma`lumot berishga odatlangan, qaerlarga borayotganligiyu kimlar bilan uchrashayotganligi haqida muntazam xabar va suratlar joylab boriladigan hokimlik telegram kanalida esa so'nggi to'rt oy davomida ayni mavzuda biror-bir ma`lumotga ko'zingiz tushmaydi.

Darvoqe, bir qarasang tadbirkoru quruvchilar, bir qarasang kosiblar davrasida yurgan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning ta`lim muassasalariga ham tez-tez qadam ranjida qilayotganligidan ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik yaxshi xabardor, albatta. Bunday uchrashuvlarning qay darajada samara berayotgani esa alohida mavzu.

Nurillo No'`monov

Boshqa xabarlar