Gazetadan raddiya talab qilgan hokim sudda yutqazdi

812

Andijon viloyati hokimligi nashri – “Andijonnoma” gazetasining o'tgan yil 2 mart kungi sonida taniqli jurnalist Qobiljon Asqarovning “O'zi xon, ko'lankasi maydonmi?” sarlavhali tanqidiy maqolasi chop etilgandi.

Anchayin shov-shuvlarga sabab bo'lgan mazkur chiqishda so'nggi yillarda Andijon tumanidagi tashkilotlarda kadrlar qo'nimsizligi avj olganligi, ayniqsa, qishloq xo'jaligidagi qoloqlik sabablari, unumdor yer maydonlaridan boshqa maqsadda foydalanish holatlari, fuqarolar murojaatiga e`tiborsizlik, ta`lim tizimidagi kamchiliklar xususida so'z yuritilib, hokim Ulug'bek Isomiddinovning rahbarlik faoliyati keskin tanqid ostiga olingandi.

Shundan so'ng tuman hokimi gazetada tilga olingan holatlarning birortasi tasdig'ini topmadi, maqola “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to'g'risida”gi qonunlarga zid tarzda chiqarilgan, degan iddao bilan sudga naq 19 banddan iborat da`vo kiritib, tahririyatdan raddiya talab qildi.

Fuqarolik ishlari bo'yicha Andijon tumanlararo sudi nizoni o'rganib chiqib, maqolani qisman qonun talablariga zid topdi. Soddaroq tushuntirsak, da`voda keltirilgan masalalarning qariyb oltmish foiz qismiga raddiya chop etish majburiyatini yukladi.

Shundan so'ng tahririyat FIB viloyat sudiga kassasiya shikoyati keltirdiki, sizlar ham masalani chuqurroq o'rganib ko'ringlar, axir jurnalist maqolani havodan olib yozgan emas, degan mazmunda.

Hay`at ishni qariyb beshta sud majlisida o'rganib chiqdi hamda hokim Ulug'bek Isomiddinov tomonidan keltirilgan 19 banddan iborat da`voning 18 tasini rad etdi. Tahririyatga maqolaning xulosa qismida jurnalist biroz hissiyotga berilganligi sabab da`voning mana shu 19-bandi uchun raddiya bosish majburiyatini yukladi.

Xo'sh, maqolaning raddiya berilishi ma`qul deb topilgan xulosa qismida nimalar haqida so'z borgandi?

Mana, tanishing: “O'zining ismi-sharifini oshkor etmagan faxriylardan birining ta`kidlashicha, tuman hokimi bo'lmish Ulug'bek Isomiddinovning yaxshi xislatlari ham bor. Ulardan eng muhimi, ozodalik, sog'lom turmush tarzi bilan bog'liq. Hokimga duch kelgan odam ko'rishgani qo'l uzatgudek bo'lsa, “Qo'lingni tort! Qachon yuvgansan? Sovunni bilasanmi?” deya so'roqqa tutilishi tumanda juda ko'pchilik uchun yangilik emas. Axir el og'ziga elak tutib bo'larmidi?”

Shunga qaramay, maqolada keltirilgan qolgan barcha masalalar sud tomonidan asosli deb topilganligi hokimning tanqidni hazm qilishga, xato-kamchiliklarini tan olishga o'rganishi, shu bilan birga, ish tutumini ham keskin o'zgartirishi zarurligini taqozo etadi.

Nurillo NO'`MONOV,

ishonch.uz

Boshqa xabarlar