Go'zallik yaratuvchilar yoxud ish bilganga ming tanga

2,413

Xonadonlarimizga bahoriy tarovat bag'ishlab turadigan gullarni o'stirish birmuncha qiyin ish. Ayniqsa, alohida e`tibor talab etadigan xona gullari injiq va go'dakdek nozik bo'lganidan ularni parvarishlash hammaning ham qo'lidan kelavermaydi.

Gul o'stirish qachon va qanday boshlanganini aytish mushkul. Yashash joyi va uning atrofi har doim chiroyli bo'lib yashnab turishi va hayotdan go'zallik istagan kishilar niyatidan boshlangan, deyish mumkin. 15 sotix yerda turfa gullarni yetishtirayotgan Toshkent tumanidagi «DAILV GREEN» (Doimo yashil) fermer xo'jaligi rahbari, tadbirkor Xayrullo Saidg'aniev shunday yaxshi niyatli kishilardan biri. Xayrulloning mehnatkash, tirishqoq bo'lishiga ­oiladagi muhit o'ziga xos ta`sir ko'rsatgan. Otasi Qudratillo Saidg'aniev yer bilan tillashadigan, uddaburon, haqiqiy mirishkor edi. Shunday muhitda ulg'aygan yigit 16 yoshidan boshlab tadbirkorlikka qo'l urdi. 15 sotix yerning har qarichidan unumli foydalanish barobarida 6 nafar kishini ish bilan ta`minladi. Ishchilarga mehnat qilishi uchun barcha sharoitni yaratib berdi. Bundan tashqari, bozorlarimiz to'kinligiga hissa qo'shish maqsadida 1,5 gektar yerga sabzi, gulkaram, qalampir, bodring, pomidor, bulg'or qalampiri kabi ertapishar sabzavot ekinlari ekib, yana 4 nafar kishini ishli qildi. Yosh tadbirkor bu yili sabzavot mahsulotlarini chet elga eksport qilish niyatida mehnat qilmoqda. To'g'risi, bu ishlarni yo'lga qo'yishda anchagina qiyinchilik­larga duch keldi.

«Sabrdan keyin zafar kelishini o'zingga bashorat qil, umrning barakasi — chiroyli ishlardadir», degan purma`no hikmatni ko'ngliga jo qilgan Xayrullo Saidg'aniev izlanishdan, mehnatdan aslo charchamadi. Ishni to'g'ri tashkil qilgani bois o'zi ham, boshqalar ham bahramand bo'lmoqda. Mehnati ortidan har yili 100 million so'mlik sof foyda ko'rmoqda. Sahovatpesha tadbirkor ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarga moddiy yordam berishni an`anaga aylantirgan.
— Xayrullo yangi marralarni ko'zlab, maqsad sari intilayotgan izlanuvchan yoshlardan. Joriy yilda tumanda ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini rivoj­lantirish bo'yicha ishlab chiqilgan dastur asosida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda uning ham hissasi bor. U mehnati ortidan ham daromad ko'rayapti, ham yoshlarni ish bilan ta`minlamoqda. Qolaversa, qanchadan-qancha xonadonlarni gulga burkayapti, dasturxoniga qut-baraka ulashayapti, — deydi Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent tumani kengashi raisi Jahongir Saidov.
Issiqxonada ishlayotgan Shohsanam Oripova va Malohat Dehqonova bilan suhbatlashdik:
— Unumli ishlashimiz uchun barcha sharoit bor. Gullar yaqin kishimizdek bizga xushkayfiyat bag'ishlaydi. Salviya, shafran, bananza, olesium, viola, aloe, begoniya, geran, kaktus, xitoy atirguli, rayhon, oleandr, palma, binafshagullar, gloksiniya, jasmin, mons­tera, paportnik, fikus, spatifillum kabi gul turlarini parvarishlayapmiz.
Gulchilar ta`riflaganidek, har bir gulning o'ziga xos xususiyati bor. Masalan, xitoy atirguli parvarish qilinayotgan xonada biologik maydon kuchli bo'lib, unda yashovchilar kasalliklarga, salbiy quvvat tarqatuvchilarga nisbatan chidamli bo'ladi. Spatifillum — «ayol baxti» deb ataluvchi gul havoni ozon bilan to'ldiradi, ijobiy quvvat baxsh etib, odamning mehnat qobiliyatini oshiradi. Xona havosini tozalashda xlorofitum (pahmoqgul)ga teng keladigani yo'q. Xonada u bo'lsa, sizga qimmatbaho kondisioner ham, havoni namlantiruvchi uskunalar ham kerak emas. Xayrullo insonga go'zallik, nafosat va ruhiy quvvat baxsh etadigan ana shunday eng sara gullarni yetishtirib, odamlarga ulashadi. Uning xonadonida o'sayotgan rango-rang gullarga boqarkanman, shoirning quyidagi misr­alari xayolimga keladi:
Qadamlarim ufq sari chorlaydi,
Qanchalab taqdirlar
ila bog'laydi.
Mehnatimdan bahra olsa
odamlar,
Ertangi kunimda quyosh porlaydi.
Qalbimda gul ochgan orzular bog'i,
U — quyoshning do'sti, dilda
yo'q dog'i.

Komila BOYMURODOVA

Boshqa xabarlar