Jurnalistikaga oid 10 jildlik kitoblar nashrdan chiqdi

90

   Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga, ayniqsa, mahoratli  jurnalist kadrlarni tayyorlashga va jamiyatda so'z erkinligini ta`minlashga katta e`tibor qaratilmoqda.

Buning uchun professional o'qituvchi va murabbiylar bilan birgalikda, ilmiy adabiyotlar va qo'shimcha manbaalarga katta ehtiyoj bor. Yashirishning hojati yo'q, jurnalistikaga oid ilmiy adabiyotlar kamligi tufayli, aksar hollarda talabalar  xorijda chiqqan kitoblardan foydalinishga majbur bo'lishadi. Ularda sohaga tegishli atama va tushunchalar aniq va chuqur tahlil qilingan bo'lsa-da, ona tilida yozilgan adabiyotning o'rnini hech narsa bilan tenglashtirib bo'lmaydi.

 Shu ma`noda yaqinda “O'zbekiston” nashriyotida chop etilgan 10 jildlik jurnalistikaga oid kitoblar soha rivoji, qolaversa “Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”ning debochasida talabalar, ustoz-murabbiylar, magistr va doktorantlar uchun ham katta yangilik, hushxabar bo'ldi.

   Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida chop etilgan ushbu kitoblarning taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda kitobni chop etish ishlarini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlagan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi mas`ullari, O'zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti va O'zbekiston Milliy universiteti professor-o'qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Qo'llanmaning har bir jildi, ulardagi boblar, mavzularni aniqlash maqsadida yuqoridagi oliy ta`mlim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Jurnalistlar malakasini oshirishi markazi, O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston milliy axborot agentligi, O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Dunyo” axborot agentligi vakillari, taniqli ijodkorlardan iborat tarkibda Ishchi guruh tuzildi.

Bir necha bor maslahat yig'ilishlari o'tkazildi. Har bir jild bo'yicha mas`ul muharrirlar tanlab olindi va ularning tavsiyalari asosida mualliflar tarkibi shakllantirildi.

Qo'llanmaning “Jurnalistika nazariyasi, tarixi va taraqqiyoti”, “Jurnalistika huquqi va etikasi”, “Medialingvistika va tahrir”, “Media-marketing va menejment”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari”, “Audiovizual jurnalistika”, “Onlayn jurnalistika va mediada yangi trendlar”, “Zamonaviy media muhitda PR-xizmatlar”, “Ixtisoslashgan jurnalistika”, “Jurnalistika sosiologiyasi va psixologiyasi” deb nomlangan har bir jildlari 1000 nusxadan nashrdan chiqarildi.

Tayyorlangan qo'llanma oliy ta`lim muassasalarida ta`lim jarayonida foydalanish bilan bir qatorda, “Jurnalistning shaxsiy kutubxonasi”dan ham o'rin olishga munosib, deb e`tirof etildi. 

Zebo NAMOZOVA

Boshqa xabarlar