KO'NGILOChAR MASKANDAGI KO'NGILSIZLIKLAR…

197

yoxud korxonadagi ish normasining tarbiyaga aloqasi xususida

Bundan bir necha yil ilgari Jizzax shahrida barmoq bilan sanarli istirohat bog'lari mavjud edi. Shu bois, ko'pchilik farzandlarini Samarqand yoki poytaxtdagi dam olish maskanlariga olib borardi. Biroq, bunday sharoitni hamma oila boshliqlari ham yaratib berolmasdi…

So'nggi yillarda viloyatda olib borilayotgan ­bunyodkorlik ishlari natijasida Jizzax shahrida bir necha istirohat bog'lari barpo etildi. Bu maskanlarda bolalar maydonchalari, turli attraksionlar, salqin ichimliklar do'koni, kutubxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati yo'lga qo'yildi. Sanashda yana davom etish mumkin. Biroq… istirohat bog'laridagi ko'ngilsiz holatlarni ko'rib, kishining qalbi o'rtanadi…
Masalan, shahardagi «O'rda» ekologik bog'i nafaqat istirohat va dam olish, balki Vatanimiz tarixi, xalqimizning milliy ozodlik harakatlari, o'tgan asrning boshida bo'lib o'tgan Jizzax qo'zg'oloni bilan bevosita bog'liq tarixiy, madaniy, ma`rifiy maskan hisob­lanadi. Shuning uchun bu joy keyingi o'ttiz yilda ikki bor qayta obodonlashtirildi. Birinchi marta 2008 yilda katta hajmda qurilish, obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bog' 2019 yilda qayta rekons­truksiya qilindi. 10 milliard so'm mablag' evaziga bog' maydonida uning tarixiy inshootlariga, ekologiyasiga zarar yetkazmagan holda qurilish, ta`mirlash, obodonlashtirish ishlari bajarildi.

Bog'ni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rekonstruksiya qilishda tarixiy inshootlarni, ekologik xilma-xilligini saqlab qolishga alohida e`tibor berildi. Hududdagi tarixiy obida va daraxtlar muhofazaga olindi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus asosida bog' hududida ma`naviy-ma`rifiy maskanlar barpo etildi. ­Vertolyot, samolyot maketlari ham ana shu majmuaning bir qismi hisob­lanadi.
Ammo… Maketlarning singan oynalari, tirnab tashlangan o'tirg'ichlar, o'rindiqlarga turli so'zlar yozilganini ko'rgan kishining dili beixtiyor xira tortadi.
Achinarlisi, bu kabi «buz­g'unchilik»ka viloyatdagi bosh­­qa istirohat bog'larida ham duch keldik. 2017 yilda Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan davlat arbobining byus­ti va uning qarshisida so'lim bog' yaratildi. Xiyobonga yaqin joyda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykali va chiroyli bog' barpo etilib, madaniy-ma`rifiy ­maskanga aylantirildi.
Biroq… Yana yuqoridagi manzara. Go'shadagi o'rindiqlar abgor holatda yoki sindirilgan. Chiqindi idishlari to'la. Ayrimlar bu yerga turli xil yozuvlarni yozib, o'zlaricha ishqiy kechinmalarini tarixga muhrlamoqchi bo'lgan…

Hozir ota-onalarning aksariyati bolalar tarbiyasiga vaqt ajratmaydi. Ishi ko'pligini vaj qiladi. Bu esa yoshlarimiz ma`naviyatini ahyon-ahyonda o'tkaziladigan shoshilinch tadbirlar bilan shakllantirib bo'lmasligiga, bu ota-­onaning, oiladagi boshqa kattalarning madaniy-ma`naviy darajasiga bog'liq bo'lgan doimiy ish ekaniga yana bir karra amin bo'lamiz.
Shu bois, xodimlarning dam olish kunlarini mazmunli o'tkazish bo'yicha korxonalarda kasaba uyushmalari bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqqan bo'lib, jamoa shartnomalarida xodimlar uchun haftasiga qirq soatdan ortiq bo'lmagan ish vaqti normasi belgilangan. Ana shu me`yorga har bir tashkilot rahbari e`tibor berishi zarur. Xodim esa ­oilasida bolalar tarbiyasi bilan shug'ullanishga, ularni istirohat bog'lari, muzeylarga, teatrga olib borishga vaqt topishi lozim. Shunda bolalar o'tirg'ichlarni sindirmaydigan, yodgorliklarga chizmaydigan, muqaddas joylarga hurmat-ehtirom saqlaydigan bo'lishadi. Shunda bolalarning ma`naviyatida bo'shliq ko'zga tashlanmaydi.

Muqimboy ISMOILOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar