Buyuklar qadami uzilmas maskan

581

Ijod maktablarining ochilishi barcha shoir va yozuvchilar uchun inqilobiy voqea bo'ldi. Barcha shoir va yozuvchilar bozor iqtisodiyotidan so'ng adabiyotning yashab qolish qolmasligidan ichki xavotirga tushgan edilar. Gap she`r va romanlarning yozilish va yozilmasligida emas, hammasi yozilayotgan, gazeta va jurnallar she`ru dostonlarga to'lib bosilayotgan, adabiy kitoblar tinimsiz chop etilayotgan edi. Gap, bu adabiy mahsulotlarning sifati tugab borayotganida, she`ru dostonlarning jahon adabiyotidan uzilib, tobora mahalliylashib, tobora chuchmallashib, tobora siyqasi chiqib, maza matrasini yo'qotib borayotganida edi. Iqtisodiy boquvchisini yo'qotgan adabiyot, och nahor, sillasi qurib, kun ko'rish, jon saqlash, o'lganini bildirmaslik uchun, zamonga moslashishga, mahalliy siyosatning yugurdagiga aylanishga majbur edi. Agar u shunday qilmasa, hech kim bir tishlam non bermas edi. Ko'plar, sadaqa qilingan bir tishlam nonga qaramay, yuzini mag'rur o'girgancha, o'limga tik qaradilar va og'izlaridan qon kelib, g'azab va nafrat bilan bu dunyoni tark qildilar. Bu kunlarni, bu alamli lahzalarni o'z ko'zimiz bilan ko'rdik va bu sitamli, qayg'uli, yurakni tilka pora qilib yuboradigan onlar, biror soniya bo'lsin xotiramizdan nari ketmaydi.

Shuning uchun, ijod maktablarining ochilishi xuddi koronavirus vaqti tugab, vabo va o'lat davri tugab, sog'lom turmush tarzi boshlangan singari barcha shoir va yozuvchilar o'zlarini qaytadan tirilganday his etgan bo'lsalar, bu bayram shukuhi qalblarida surur va g'oliblik nashidasi kabi kayfiyatlarini ko'tarib turgan bo'lsa, hech ajablanmayman.

Bu nashidani men, Ijod maktabiga Mahorat darsi o'tash uchun kimni taklif etgan bo'lsam, barchasining ko'zida, so'zining ohangida, yuzlaridagi iztirobda ko'rdim. Men, bolalarni yozuvchilar bilan yuzma-yuz ko'rishtirishdan maqsadim, avvalo adabiyot, she`riyat bu faqat kitobdagi asarlar emas, adabiyot bu kitobiy narsa emas, adabiyot bu hayot ekanligini, bu kitobni yozuvchilar, boshqa olam odamlari emas, aynan siz-u biz yashayotgan olamlarning odami ekanligi, siz-u bizga o'xshagan odamlar ekanligi, faqat sizu bizdan farqli o'laroq, katta mehnat, katta zahmat, katta jasorat va matonat qilib kelayotgan, ijodning uzun va mashaqqatli yo'lida qahramonlarcha kurashib, g'olib bo'lib kelayotgan ajoyib insonlar ekanligi, va sizlar ham ulardan o'rnak olishga shay bo'lishingiz lozimligi, o'rnak olishlaringiz uchun ular olisdagi, ko'zga ko'rinmaydigan odamlar emas, yoningizdagi odamlar ekanligini uqtirish, tushuntirish, anglatish, nazariyani amaliyotda qo'llash deyiladigan ezgu tilakni ro'yobga chiqarish, buyuklar dunyoqarashiga oshno qilish, ularning ichki olamining cheksiz fazosida sizlarni sayr qildirish, ularning ruhiyati bilan sizlarning ruhiyatingizni tanishtirish edi. Va men bunga muvaffaq bo'ldim.

Ijod maktabimizga birinchi bo'lib zabardast olim, buyuk mutafakkir, dunyo adabiyotining eng ulug' asarlarini tarjima qilib, adabiyot ufqlarini kengaytirib berayotgan ulug' ustoz Ibrohim G'ofurov tashrif buyurdilar. Ibrohim akani maktabimizga taklif etganimda, u kishining turmush o'rtoqlari, O'zbekiston xalq shoiri Oydin opa Xojieva xasta edilar. “Tez yordam” mashinasi chirillab kelib, g'irillab ketib turgan payt edi. O'ylaymanki, taklifimga rozi bo'lishlari men uchun emas, umuman hech narsa uchun emas, adabiyotimizda ro'y bergan yangilikni ko'rish, adabiyotimizni halokatdan qutqarishga shaylantirilayotgan mujdalarning biri bilan tanishishga ishtiyoqmandlik, umuman adabiyotni yaxshi ko'rganliklari, adabiyot podsho bo'lsa, u kishi qul ekanliklarini his qilganliklari uchun rozilik bergan edilar.

Muhammad Ismoil

Boshqa xabarlar