Xodim har doim himoyada bo'lishi shart

118

Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Jizzax shahar kengashi 100 ta boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotini birlashtirgan. Shundan oliy va o'rta maxsus ta`lim tizimida 7 ta, xalq ta`limi tashkilotlari va muassasalarida 40 ta, maktabgacha ta`lim tashkilotlarida 31 ta, madaniyat muassasalarida 10 ta ­boshlang'ich tashkilot faoliyat ko'rsatadi.

O'tgan davrda tashkilot tomonidan qator xayrli tadbirlarni amalga oshirdi. Xususan, Jizzax shahridagi maktab va maktabgacha ta`lim muaassalarida Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi asosida o'quvchi-yoshlarni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to'g'ri foydalanish ko'nikmasini shakllantirish, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Ishchi-xodimlarning dam olish vaqtlarini mazmunli o'tkazishini tashkil etish maqsadida shu yilning mart oyiga qadar viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Sh.Rashidov nomli yodgorlik filiali, Hamid Olimjon va Zulfiya bo'limlariga kasaba uyushmalari faollarining sayohatlari uyushtirildi. Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida tashkilot va muassasalarda faoliyat ko'rsatayotgan xodimlarning dam olishi uchun yetarlicha sharoitlar yaratildi. Samarqand shahriga 300 nafar, Buxoro shahriga 100 nafar, Xiva va Urganch shaharlariga 100 nafar, Toshkent shahriga 125 nafar xodimlar va ularning oila a`zolari ­sayohatga olib borildi.
Jamiyatda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Xodimlar o'rtasida jismoniy tarbiya va sport ishlarini yo'lga qo'yish borasida sportning voleybol, futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, armrestling, velomarafon turlari bo'yicha mintaqaviy va shahar miqyosida sport musobaqalari o'tkazildi. «Sport – mustahkam oilamiz poydevori» nomli spartakiada musobaqalarining viloyat bosqichida ota-ona va qiz bola yo'nalishi bo'yicha 14-maktabdan Mahmudovlar oilasi, ota-ona va o'g'il bola yo'nalishi bo'yicha «Umid» maktab-internatidan Sh.Xudoyberdievlar oilasi g'olib bo'lib, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi ta`sis etgan diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish uchun targ'ibot ishlari tizimli yo'lga qo'yilgan. Shu yo'nalishda boshlang'ich kasaba uyushmalarida o'tkazilgan tadbirlarda mutaxassislar mehnatni muhofaza qilish, ish o'rinlarini shahodatdan o'tkazish, xodimlarni maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta`minlash va boshqa masalalarga oid ko'tarilgan savollarga batafsil javob berdilar.
Ayni vaqtda ta`lim va madaniyat ­maskanlarida karantinni belgilangan me`yorlar va qoidalar asosida o'tkazish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimdagi ishchi-xodimlarning huquqiy himoyasini ta`minlash, ta`lim va tarbiya ishlarining uzluksizligiga erishish uchun sohada raqamli texnologiyalardan unumli foydalanilayotir.

Rustam ISOQOV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari
kasaba uyushmasi Jizzax shahar kengashi xodimi

Boshqa xabarlar