KORONAVIRUS TAHDIDI VA BIRDAMLIK SIMFONIYaSI

2,546

Uni birgalikda ijro etishimiz shart

Tahlil

Go'zal kunlar kelishini kutma.Unga tomon bormog'ingni unutma.

Jaloliddin RUMIY

Bugun dunyoning barcha puchmoqlarida tahlikali bir sharpa kezib yuribdi. Kezganda ham, ko'rinmas qo'li bilan insonlarning shirin joniga chang solish harakatida bo'lmoqda. Uning yana bir dahshatli izi jahon iqtisodiyotini tanazzulga yetaklamoqda. Farovonlik va taraqqiyotga zarba bermoqda. Kun-u tun shovqinga to'lgan shaharlar birin-ketin jimgina bo'shab qolmoqda… Bu mash`um pandemiyaning dunyo va biz kutmagan manzaralari… Hali yana nimalar ro'y berishini esa hech kim bilmaydi… Ammo xalqimizning qalbida bir ishonch borki, bu sinovlardan talafotsiz o'tish umidi – Allohning marhamati, davlat rahbarining oqilona siyosati, millat birdamligiga ishonchdir.

20_main.jpg

Tarixdan ma`lumki, insoniyat turli epidemiya va ommaviy qirg'inlarni boshidan ko'p o'tkazgan. Ammo, yana shunisi ham ma`lumki, ularning aksariyati mahalliy miqyosda bo'lib, faqat ba`zan bir yoki ikki qit`a chegarasini hatlab o'tgan edi.
Bugun insoniyat o'z tarixida ilk bor nafaqat farovonligi va odatiy turmush tarziga, balki sayyoradagi milliardlab odamlarning hayotiga tahdid solayotgan jiddiy xavf bilan yuzma-yuz keldi. Bu xavf butun jahonni larzaga va sarosimaga solmoqda. Hattoki, birinchi va ikkinchi jahon urushi ham bunchalik darajada miqyos kasb etmagan va bunchalik ko'p davlatni qamrab olmagan edi.
Ha, so'z o'sha bugun barchaning dili-yu tilida bo'lgan, barchaning ko'ngliga xavotir solib turgan pandemiya – koronavirus tahdidi haqida bormoqda…

Kiprikdagi yoshdek…

Depositphotos_351959920_l-2015-pic620-620x350-76973.jpg

Koronavirus pandemiyasi… Afsuski, bu ofat tamaddunning bugungi rivojlanish davri, globallashuv va chegaralar shaffofligi, harakatlar tezkorligi zamonida ro'y bermoqda. Va, yana ham taassuflisi shuki, bugun hech bir davlat, garchi o'z qudrati bilan shu kungacha maqtanib kelgan bo'lsa-da, o'z hududida ushbu infeksiyaning tizginsiz tarqalishining oldini olishga kafolat berolmasligi ma`lum bo'lib qoldi. Italiya, Ispaniya, Fransiya, AQSh hamda boshqa rivojlangan va texnologik jihatdan qudratli davlatlardagi fojiali vaziyatlarga nigoh soling-a… Odamlarning diydasidagi yoshlar, bo'shab qolgan shaharlar, doktorlarning charchoqdan kirtaygan ko'zlari… Mashhur shoir Abdulla Oripov ta`biri bilan aytganda, “kiprikdagi yoshday” qalqib turibdi dunyo…
Butun dunyo yangi 2020 yilni xurramlik bilan kutib olayotgan kezlarda, Xitoydan kelayotgan ba`zi xabarlarga hech kim xavotir bilan qaramagani, bizdan olisda-ku, degan xayolga borgani ham bor gap. Ammo, oradan uch oy o'tib, 2020 yilning 31 martiga kelib, dunyoda 780 ming nafardan ortiq odam koronavirusga chalindi, 38 ming nafarga yaqin kishi vafot etdi. Barcha qit`ada, hatto, odam oyog'i uncha-muncha yetavermaydigan hududlarda ham koronavirus alomatlari aniqlandi.

O'zbekiston bu xavfni kutmagan edimi?

Afsuski, O'zbekiston bu global tendensiyadan chetda qololmadi. Shiddatkor taraqqiyot, globallashuvning yangi bosqichiga qadam qo'ygan mamlakatimiz uchun ham bu ofat tahdidi yetib keldi. Bugungi kungacha mazkur virusdan zararlangan yurtdoshlarimiz soni 181 nafarga yetdi, ikki bemor hayotdan ko'z yumdi. Va yana ham achinarlisi, illat hamon tarqalayotgani haqidagi xabarlar kelib turibdi. Demak, virus yon-verimizda bemalol kezib yuribdi…

photo_2020_03_24_22_19_50.jpg

Aslida, O'zbekiston bu xavfni kutmagan edimi? Albatta, bugungi shiddatkor iqtisodiy taraqqiyot, migrantlari ko'p bo'lgan mamlakat va shaffof chegaralarga ega va globallashuv jarayoni shahdi oshib borayotgan O'zbekiston bu xavfdan holi emas edi. Buni mamlakat rahbariyati ham yaxshi bilardi. Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoev avval boshdanoq ushbu pandemiya 34 millionlik xalqimiz hayoti va sog'lig'i uchun qanchalik xavf tug'dirishi mumkinligini aniq-tiniq idrok qilgan edi.
Koronavirus epidemiyasini pandemiyaga aylanmagan vaqtda ham, hali dunyo, hatto, Yevropa jiddiy qabul qilmagan bir kezda, ya`ni shu yilning 29 yanvarida davlatimiz rahbarining maxsus komissiya tashkil etish borasidagi farmoyishi qabul qilingan, bu bilan kelishi muqarrar bo'lgan og'ir sinovlarni munosib yengib o'tishning tamal toshi qo'yilgandi.

Do'st shunday kunda bilinadi

Bugun koronavirus pandemiyasi qachon mag'lub bo'ladi yoki kamaya boshlaydi, degan savolga hech kim aniq javob berolmaydi. Demak, biz vaziyatning har qanday kutilmagan rivojiga hamisha tayyor turishimiz kerak.
Shu sabab dunyo bugun bir-biriga yordamga shoshilmoqda. O'zbekiston ham dastlab Xitoyda ushbu infeksiya tarqalgan kezlarda bir emas, ikki bor insonparvarlik yordamini jo'natdi. So'ngra, Eronga, keyinchalik Vengriyaga…

bdee0f47_c827_4c5f_b64c_b9edc9e835fb.jpg

Meni, ayniqsa, ta`sirlantirgani Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning so'zlari bo'ldi. U bu haqda shunday degandi: “Bu masalada biz Vengriya doimiy a`zosi bo'lgan Yevropa Ittifoqidan yordam so'radik, biroq hech qanday ko'mak kelmadi. Kuzatuvchi maqomida bo'lganimiz Turkiy Kengash mamlakatlari esa yordam qo'lini cho'zishdi”.
Qarangki, bugun O'zbekistonga do'stlar qo'l cho'zishmoqda. BAA, Xitoy kabi davlatlardan yordam kuchlari kelgan bo'lsa, dunyoning yirik tashkilotlari o'z madadini berishmoqda.
Yana ham ta`sirlisi shuki, asli o'zbekistonlik bo'lgan, butun dunyoga dong'i ketgan mesenatlar Fattoh Shodiev va Alisher Usmonovlarning xayriyalari haqida barchamiz eshitdik.
Bularni aytishdan maqsad shuki, barcha-barchamiz bugun bir maqsad yo'lida birlashsak, bu sinovdan albatta mag'rur o'tamiz.

Qat`iyat, iroda va ishonch

O'zbekiston koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida qat`iy choralarni amalga oshirmoqda. Buning uchun esa mustahkam iroda kerak.
Davlatimiz rahbarining aniq va puxta o'ylangan qarorlari asosida mamlakatimiz uchun koronavirus oqibatlarini minimallashtirish uchun qat`iy choralar amalga oshirilmoqda.
E`tibor bering, Prezidentning dastlabki 2020 yil 19 martdagi farmoni shunday edi: “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”. So'zlarni birma-bir o'qing: birinchi navbatdagi deyilmoqda. Demak, barchasi izchillik va qat`iyat bilan davom ettiriladi, ma`nosini beradi bu jumlalar.

20200306_gaf_u39_352.jpg

Ayni vaqtgacha bir qonun, bir nechta farmon va qarorlar qabul qilindi. Qo'shni davlatlar rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlarda choralar izlandi. Shaxsan davlat rahbari bir necha bor videoselektor yig'ilishi o'tkazib, xalqqa murojaat qildi. Barcha mas`ul shaxslar oldiga ijro mexanizmlari, moliyalashtirish manbalari ko'rsatilgan, ko'rilishi kerak bo'lgan chora-tadbirlar kompleksini qamrab olgan, aniq belgilangan vazifalarni qo'ydi.
Bu vazifalar barcha tarmoq tibbiy xodimlarini ishga solish, zarur yotoq o'rinlarini tayyorlash, asbob-uskuna va dori-darmonlar bilan ta`minlash, chet ellarda qolayotgan vatandoshlarimizni olib chiqib ketishgacha bo'lgan keng ko'lamli harakatlarni qamrab oldi.
Darhaqiqat, O'zbekiston xorijdagi o'z vatandoshlarini tashlab qo'ymadi. O'zbekistonning barcha davlatlardagi elchixonalari qoshida maxsus shtablar tashkil etilib, o'n kun davomida 20 ta charter reyslari tashkil etilib, Rossiya, Turkiya, BAA, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya, Germaniya kabi davlatlardan 4000dan ortiq yurtdoshimiz vatanimizga olib kelindi. Qo'shni mamlakatlardan esa 80 mingdan ortiq fuqaro kirib keldi. O'rnatilgan karantin tartibiga ko'ra, ularning barchasi 14 kunlik majburiy nazorat –karantinga olindi. Buning uchun 11 ta tibbiyot muassasasi, 97 ta sanatoriy, oromgoh va yotoqxonalar karantinda ishlash uchun tayyorlandi.
Bugungi kungacha 30 mingga yaqin test tekshiruvlari amalga oshirildi. Xitoydan 200 mingta test-tizimi hamda 50 ming dona himoya kombinezonlari xarid qilindi. Bularning barchasi virusning tomir otib ketishiga yo'l qo'ymaslik, fuqarolarning himoya qilinishi uchun katta omil bo'lishi shubhasiz.
Shu o'rinda davlatimiz rahbarining mamlakat ahliga bir necha bor qilgan murojaatini alohida ta`kidlashni istar edim. Men yurt otasining kuyinishlarida yurtimizning har bir fuqarosiga bo'lgan otalarcha mehr, ularning taqdiriga cheksiz xavotirni ko'ryapman.Shunday paytlarda xalqimizning o'z xalqi uchun qalbi otashdagi cho'g' kabi yonayotgan shunday yurtboshisi borligidan cheksiz faxr va iftixor tuyaman.
Davlatimiz rahbarining birgalikda koronavirusni yengamiz, degan qat`iy ishonchi yurtimiz ahliga ham katta matonat baxsh etmoqda.
Biz musobaqalashmayapmiz, balki odamlar hayotini o'ylayapmiz
Bugun yurtdoshlarimiz mamlakatni koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali mobilizasiya qilish borasida olib borilayotgan tezkor va malakali harakatlarni faxr bilan qayd etmoqdalar. Buni barchamiz ko'rib, bilib turibmiz.
Bu, ayniqsa, ba`zi boshqa davlatlardagi kechikkan va samarasiz tadbirlar fonida yanada yaqqolroq ko'zga tashlanmoqda. Ba`zilar O'zbekistonda amalga oshirilayotgan va yaxshi samara berayotgan chora-tadbirlarni bir hafta-o'n kun o'tib, o'z mamlakatlarida qo'llamoqdalar.
Ko'pgina chet ellik mutaxassislar o'z maqolalarida ana shu jihatga alohida e`tibor qaratmoqdalar. Kichik va o'rta biznesga soliq ta`tillari berish, barcha turdagi tekshirishlardan, davlat tasarrufidagi 3600 ta ob`ektda ijara to'lovidan ozod qilish, xususiy biznes vakillariga oziq-ovqat va asosiy mahsulotlarga narxlarni oshirmaslik kabi dolzarb choralar shular jumlasidan.
Bunga javoban 30 mingdan oshiq tadbirkor ana shu qiyin bir vaziyatda narxlarni oshirmaslikka yozma ravishda kafolat berdi.
Davlatimizning imkoniyati va kuch-qudrati, ijro intizomi samaradorligi karantinga mo'ljallangan yangi ob`ektlarning O'zbekistonda rekord darajadagi qisqa fursatlarda qurib bitkazilayotganida ham namoyon bo'lmoqda. Xitoyning bunday ob`ektlarni 10 kun ichida qurib bitkazganiga butun dunyo lol qolgan edi. O'zbekistonda esa bunday ob`ektlar deyarli o'sha muddatda, hatto undan ham qisqa fursatlarda foydalanishga topshirildi. Hozirda ushbu ob`ektlarga karantin nazoratiga olingan dastlabki ming nafardan ortiq shaxs joylashtirildi.

photo_2020_03_28_20_03_31.jpg

Albatta, amalga oshirilayotgan va kelajakda qilinajak profilaktik chora-tadbirlar samarasidan boshimiz aylanmasligi kerak. O'zbekiston dunyo bilan musobaqalashmayapti, balki odamlar hayotini o'ylayapti. Mana shuni anglasak, va mamlakatning qudrati ko'p narsaga yetishi mumkinligiga ishonsak, bas. Zero, bu ishlar O'zbekiston Respublikasi rahbariyatiga xos xalqimizni har qanday sinovlardan ishonchli himoyalashdek qat`iy siyosiy irodasining yaqqol ifodasidir.
Shu bilan birga, bugungi tadbirlarning samarasi faqatgina davlat ko'rayotgan choralar bilangina amalga oshadi, deb o'ylash mutlaqo to'g'ri emas. Bu yerda karantinning asl sabablariga chuqur nigoh solish, har bir inson, jamiyatning har bir a`zosiga ko'p narsa bog'liq ekanini teran anglash sharti bor. Prezident topshirig'i bilan tashkil etilgan, hukumat rahbari boshchiligidagi Respublika Shtabi barcha ommaviy axborot vositalari orqali qayta va qayta, takror va takror da`vat etayotgani, ogohlikka chaqirayotgani — har bir insonning uyda qolishi sharti bosh masala ekanini hech birimiz unutmasligimiz zarur! Bu virus na martaba va na mansabni, na boylik va na davlatni ayab o'tirgani yo'q. Uning cheklanish chegarasi nima ekani hammamizga ayon bo'lib ulgurdi. O'z xonadonini tark etmaslik insonning o'zini, oilasini, yurtini, atrof-muhitdagi barcha insonlarni sevishi, hurmat qilishi, e`zozlashi mezoniga aylanganini tushunmaslik va unga rioya etmaslik bugungi kun uchun eng katta XIYoNATdir!.

Mehnat bozoridagi vaziyat

Koronavirus ofati jahon iqtisodiyoti turg'unlashayotgan, shakllangan xo'jaliklararo ishlab-chiqarish zanjirlari uzilayotgan, asosiy xomashyo tovarlari narxi pasayayotgan, milliy valyutalar qadrsizlanayotgan, ko'plab mamlakatlarda yashash darajasi pasayayotgan, ishsizlik ortayotgan, byudjet xarajatlari qisqarayotgan bir paytga to'g'ri keldi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) COVID-19 pandemiyasi dunyo miqyosida mehnat sohasini va yuz millionlab odamlarning ijtimoiy ahvolini qiyinlashtirib qo'yishidan jiddiy xavotirda ekanini ta`kidlamoqda. Tashkilot bayonotlarida bu virusni dunyo aholisining 40 dan 70 foizigacha yuqtirib olishi mumkin, degan vahimali taxmin va farazlar ham borligi rost.
Bo'hron iqtisodiyot va mehnat bozorida taklifdagina (tovar va xizmatlar ishlab chiqarish) emas, balki talabda (iste`mol va investisiya) ham aks etib, jiddiy oqibatlar keltirib chiqarmoqda. Katta-kichikligidan qat`i nazar, barcha korxonalar katta muammolar girdobida qolgan. Bular, eng avvalo, aviasiya xizmati, turizm, mehmonxona tarmoqlaridir. Hozirdanoq bir qator sohalarda daromadlarning keskin kamayishi, bankrotlik va ish o'rinlarini yo'qotish xavfi paydo bo'ldi.
Harakatning cheklangani, chegaralarning yopilgani va karantinga oid tadbirlar natijasida ko'plab ishchi-xodimlar o'z ish joylariga borolmayapti, bu esa ularning ish haqini kamaytiryapti yoki umuman to'xtashiga olib kelyapti. Bu esa juda jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ushbu umumbashariy tendensiyalar bevosita bizning mamlakatimiz uchun ham dolzarbdir.
Ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning uzoqni ko'ra bilish salohiyatini, to'g'rirog'i, adolat mezoniga asoslangan siyosatini biz oldinroq his qilgan edik. Yana ham aniqroq aytganda, o'tgan yilning adog'ida O'zbekiston ilk bor mamlakatda 5 millionga yaqin qashshoq aholi yashayotganini ro'y-rost tan olgandi. Shu maqsadda qashshoqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish bo'yicha davlat dasturi qabul qilindi, avval mavjud barcha davlat va jamoat tashkilotlarini o'zida birlashtirgan maxsus tarmoq vazirligi tashkil etildi.
Bu bugungi kunda – pandemiyaning oldini olishda, ayniqsa, karantin vaqtida, alohida e`tibor va g'amxo'rlikka muhtoj aholining nochor qatlamini qo'llab-quvvatlashda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etayotganining guvohi bo'lib turibmiz.
Eng muhimi, biz bugun aniq ma`lumotlarga egamiz. Ular asosida esa mazkur tizimni samarali boshqarish imkoni mavjud.

Yangi vazifalar yuzaga kelmoqda

O'zbekiston infeksiyaga qarshi kurashish uchun tezkor ravishda Respublika hamda mintaqaviy komissiyalar, shuningdek, 10 trillion so'm (1 mlrd. AQSh dollaridan oshiqroq) miqdoridagi Inqirozga qarshi jamg'arma tashkil etdi.
Kuni kecha esa BMT o'rta va past daromadli davlatlarga koronavirusga qarshi kurash va uning oqibatlarini yengishda yordam berish uchun maqsadli jamg'arma tashkil etishga qaror qildi.
Bu bilan BMT O'zbekiston tajribasini faoliyatga tatbiq etyapti, deyishdan yiroqmiz, albatta. Ammo eng to'g'ri yo'llardan biri ham aslida shu edi.
Biz yuqorida siyosatda uzoqni ko'ra bilish qobiliyatining ahamiyati va Mirziyoevning qarorlari haqida so'z yuritgandik. Ulardan biri aynan jamg'arma tuzish va uning manbalarini to'g'ri yo'naltirish edi.
Shu ma`noda ba`zi mulohazalarni ham o'rtaga tashlamoqchimiz. Tajriba shuni ko'rsatmoqdaki, ba`zi mamlakatlarda bo'lgani kabi, oddiy pul tarqatish kutilgan va manzilli samara bermaydi.
Mazkur yo'nalishda qilinishi lozim bo'lgan ishlar anchagina.
Birinchidan, oilaviylik koeffisientini hisobga oladigan bo'lsak, ayni damda yurtimizda qashshoqlik darajasida kun kechirayotgan 1 millionga yaqin oila bor. Ular manzilli ko'makka muhtoj. Shu o'rinda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yaqinda tashkil etilgan Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi o'z hududidagi ijtimoiy ko'makka muhtoj insonlarni, hududlarning past-u balandini yaxshi biladigan halol va diyonatli yurtdoshlarimizni safarbar etib mahalla idoralari orqali bunday ehtiyojmand oilalarning manzilli ro'yxatini shakllantirishga kirishgani tahsinga loyiq ish bo'lmoqda.
Darhaqiqat, bugungi karantin kunlarida kundalik ehtiyoj tovarlari va oziq-ovqat ro'yxatini tuzib, ularni Inqirozga qarshi jamg'arma hisobidan markazlashgan holda sotib olish tartibini yo'lga qo'yish juda o'rinli ish bo'lar edi.
Mahalla idoralari arizalariga asosan, jamoat tashkilotlari va ko'ngillilar ishtirokida ushbu kundalik ehtiyoj tovarlarini aniq oilalarga yetkazishni ta`minlash zarur. Homiylar, xayriya va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan yordamni ham shu yerning o'zida taqsimlash mumkin bo'ladi.
Ikkinchidan, mamlakatning har bir tumanida aholi ehtiyojlari uchun manzilli zahiralar yaratish maqsadida maxsus omborlar tashkil qilinayotgani ham ayni muddao bo'lmoqda.
Bugun biz shunday sinovli davrdan o'tmoqdamiz. Muhimi, qalbda ishonch bor. Bu ishonch Allohning marhamati, Alloh elga bosh etgan davlat rahbarining oqilona siyosati hamda millatning birdamligiga bo'lgan ishonchdir.
Ayni vaqtda yodimga bir vaqtlar o'qiganim – fransuz yozuvchisi Alber Kamyuning “Vabo” asari tushmoqda. Asarni adabiyotshunoslar qanday baholashadi, bilmadim-u, ammo men uning bir hayotiy falsafasini chuqur anglab yetganman. Bu ham bo'lsa odamlar uchun individuallikdan ham yuksakroq qadriyatlar mavjud degan aqida edi. Va yana anglaganim shuki, barchamiz insonmiz, degan hayotbaxsh bir ishonch ostida birlashishgina dunyoni qutqarib qolishi mumkin. Birlashish simfoniyasini esa barchamiz birgalikda ijro etamiz.
So'zimni esa Prezident Shavkat Mirziyoevning bir so'zi bilan yakunlashni ma`qul topdim: “…ko'pni ko'rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo'lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o'tadi”.

Qudratilla RAFIQOV,

Oliy Majlis Senati a`zosi,siyosatshunos

O'zA

Boshqa xabarlar