ANDIJONLIK KASABA UYuShMA FAOLLARI: “SINOVLI KUNLARDA TOMOShABIN BO'LIB TURMAYMIZ!”

322

Yotib yeganga tog' ham chidamas, degan gap bor-a? Bu naqlning isbotini, ayniqsa, kam ta`minlangan va ehtiyojmand oilalar shu kunlarda boshdan o'tkazayotgan bo'lsa, ne ajab?!
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Izboskan tumani kengashi raisi Akbarali Ahmadaliev ayni masalada tizim faollari bilan kengashib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo'lgan eng asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ro'yxatini shakllantirdi. Bir haftaga yetgulik zaxiraning o'rtacha qiymati 150 ming so'm atrofida hisob-kitob qilindi hamda kengash hisobidan tumandagi 60 ta oilaning har biriga ana shu mahsulotlar yetkazib berildi.
Hamkasblardan o'rnak olgan Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Paxtaobod tumani kengashi vakillari tayyorlagan oziq-ovqat mahsulotlari esa hududdagi ko'makka muhtoj 49 ta xonadonga tarqatildi.
Asaka tumanining Chek mahallasidagi Hamdo'stlik hamda To'ramchek ko'chalari aholi eng zich joylashgan hamda o'ta serqatnov yo'llardan biri. Agrosanoat xodimlari kasaba uyushmasining tuman kengashi raisi Salimjon Hayitov hamda tizimning bir guruh faollari ayni ko'chalarni dezinfeksiya qildirsak, xavf-xatarning oldini olishga hissa qo'shgan bo'lamiz, degan qarorga kelishdi. Uzunligi ikki kilometrga teng har ikki ko'chada mutaxassislar tomonidan rejadagi ishlar sanitariya talablari asosida ro'yobga chiqarildi. Bu kabi xayrli yumushlar “Sinovli kunlarda tomoshabin bo'lib turmaymiz!” degan ezgu niyatning amaldagi ifodasi, albatta.

Boshqa xabarlar