Bankdan tadbirkorga savol: “Eshak loydan o'tguncha”midi?!

658

MIB ixtiyoriga Andijondagi “Eko termo plast” MChJ hisobidan “Turonbank” foydasiga oz emas, naqd 737 million so'm undirish haqida sudning ijro varaqasi kelib tushgandi. Ijrochilar javobgarning izidan borishsa, pullarni undirish ne, hatto qarzdorga jinoiy ish ham ochish kerakday.

Xullas, fuqaro M.M. “Turonbank”dan katta miqdorda kredit oladi. Shartnomaga ko'ra “Lasetti” avtomashinasi hamda bir qator mulklar ta`minot uchun garovga qo'yiladi. Ammo biroz vaqt o'tgach, kreditni qaytarish paysalga solinaveradi. Qarzdor bankning takror-takror ogohlantirishlariga parvo qilsa qani?!

Tadbirkor qarasa, bank uni sudga beradigan alpozda. Yaxshi biladiki, sud qarori ijroga qaratilgach, qarzi evaziga garovdagi mol-mulklari, jumladan, yengil mashinasi ham bank foydasiga musodara qilinishi turgan gap.

Qarzdor shularni o'ylab, bankdan avvalroq “otni qamchilashga” tushdi. “Lasetti”ga imi-jimida xaridor topdiyu, X. Mamajonovga “Mashinam taqiqda emas, ishonovring, istagan vaqtingizda nomingizga rasmiylashtirib beraman”, deya 7900 dollarga pullab yubordi.

Keyin-chi? Keyin nima bo'ldi?

“Ishim bitdi, eshagim loydan o'tdi”, deya bankni ham, avtoulovga pulni qurtdek sanab bergan tanishini ham aldagan M.M.ga byuroning Asaka tumani bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ish qo'zg'atildi hamda prokuraturaga yuborildi.

Nurulla NO'`MONOV,
Ishonch.uz

Boshqa xabarlar