“KORONAVIRUS”GA MAKTUB

52

“Hurmatli” KORONAVIRUSJON!
Bizning yurtga tashrif buyurganingdan buyon, Sening hurmatingni joyiga qo'yish maqsadida barchamiz — katta-yu kichik uyda o'tiribmiz. Qo'limizdan kelgancha Seni xafa qilmaslik maqsadida uydan ko'chaga chiqmaslikka harakat qilyapmiz. Izzat-ikromingni joyiga qo'yib “allada aziz, to'rvada mayiz” qiliiiib o'tiribmiz.
Sen tufayli uyda qolib, xonadonimizda yig'ilib qolgan yumushlarni birma-bir saranjomlab olyapmiz. Ba`zi bir “Ko'cha xandon, uy zindon” qabilida ish tutadigan yurtdoshlarimiz ham uyda — o'z oilasi bag'rida o'tiribdi.
Odamlarimiz bir yoqadan bosh chiqaryapti. Qiynalganlarga yordam qo'li cho'zilyapti. Eng quvonarlisi, ko'pchilik ibodat qilyapti. Ba`zi noinsoflarga insof kiryapti. Sen kelding-u oilalar jamul-jam bo'lib, xonadonlarimizga fayz kiryapti.
Lekin… Beodoblikka yo'ymaginu, bir narsa so'rayman. Faqat Sen xafa bo'lma. To'g'ri tushunishga harakat qil. Safaring qachon qariydi?
Bunday noo'rin savol berishimdan maqsad, bolalar ham uyda o'tirib qoldi-da. Bilasan-ku, ular judayam sho'x. Bamisoli olov. Yerga ursang, osmonga sapchiydi. Bu “shumtakalar”ni ko'chaga chiqarmay, xonadon ichida olib o'tirishning o'zi bir azob.
Endi o'zing bir o'ylab ko'r. Bu “dyurasel”lar na kichik va na katta hovliga sig'masa, ko'pqavatli uylarda yashayotganlari haqida gapirmasa ham bo'ladi. Ularni uy ichida olib o'tirishning o'zi bir jasorat.
Voy, buyam mayli. Er-xotinlar bir-birining ko'ziga “balo” bo'lib ko'rina boshlayapti.
Sening sharofating bilan uyda o'tirib qolgan er xotinini o'tirsa o'poq, tursa so'poq, deb holi-joniga qo'ymayotgan emish…
Xullas, gapiraversang gap ko'p.Shu bois endi tezroq yurtimizdan ket! Axir, ishimiz, o'qishimiz qolib ketayapdi.Quvib solmasimizdan daf bo'l!

“Hurmat va ehtirom” ila
Dilorom DAVRON qizi

Boshqa xabarlar