Ishonchning qudratli kuchi

939

Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatida bo'lgan tabiiy ofatdan so'ng zudlik bilan ushbu hududlarga yetib borgani, holat bilan yaqindan tanishgani, talafotlarni bartaraf etish bo'yicha topshiriqlar bergani xalqqa ko'tarinki ruh, katta kuch bag'ishladi

Necha ming yillik tariximiz davomida ona Vatanimiz qanchadan-qancha balo-yu ofatlarni, musibatlarni ko'rgan. Har safar iroda, matonat, sabr, birdamlik bilan bunday sinovlardan omon-eson o'tilgan, kulfat va g'am-tashvishlar ortda qolgan.
Joriy yilning 27 aprelidan 28 apreliga o'tar kechasi qo'shni Turkmaniston hududidan yopirilib kelgan bo'ron biz uchun ana shunday sinov bo'ldi. Qator viloyatlarimiz, xususan, ko'hna Buxoro aholisining uy-joyiga, mol-mulkiga, bir qancha infratuzilma ob`ektlariga jiddiy shikast yetdi. Qirqdan ortiq fuqaro jarohat oldi, bir nafar vatandoshimiz halok bo'ldi. Ammo hayotning o'zgarmas qonuniyati bor: ko'ngilsizliklar sinov o'laroq kelib-ketaveradi, ammo irodamiz toblanib, mehr-oqibat, xalqqa, ona yurtga muhabbat singari yuksak insoniy fazilatlar bardavomligicha qoladi. Atoqli shoirimiz Muhammad Yusuf aytganidek, «Mehr qolur, muhabbat» qolur.

Odamlar tabiiy ofat ta`sirida sarosimaga tushib qolgan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning zudlik bilan ushbu tumanlarga yetib borgani, holat bilan yaqindan tanishgani, talafotlarni bartaraf etish bo'yicha topshiriqlar bergani xalqqa ko'tarinki ruh, katta kuch bag'ishladi. Mamlakatimiz aholisi, qolaversa, pandemiya balosiga qarshi kurashayotgan dunyo hamjamiyati kuni kecha diyorimiz timsolida ana shunday mehr-muhabbatning, el-yurtga g'amxo'rlikning yuksak namunasiga guvoh bo'ldi.
Prezidentimiz mahalliy rahbariyat, jamoatchilik vakillari, deputatlar, mahalla raislari, nuroniylar bilan uchrashdi. Muxtasar aytganda, og'ir damda Yurtboshi xalq bilan birga bo'ldi.
Moziydan ma`lumki, qiyin paytlarda buyuk rahnamolarning, ulkan yo'lboshchilarning ruhni ko'taruvchi so'zlari, g'alabaga bo'lgan qat`iy ishonchi ulus qaddini ko'tarib, bir yoqadan bosh chiqarib, musibatni yengib o'tishi hamda zafar qozonishida hal qiluvchi omil bo'lgan. Sohibqiron bobomizning ibratomuz hayoti va faoliyati buning yorqin misolidir.
Davlatimiz rahbarining uchrashuv chog'i bildirgan quyidagi hayotbaxsh so'zlari ham ulug'vorligi va jasoratga da`vati bilan ahamiyatlidir: «Albatta, bu hammamizning boshimizga tushgan katta sinov. Bu sinovdan biz qudratli bo'lib chiqamiz. Bironta xonadon, bironta korxona, bironta fermerga zarar yetishiga yo'l qo'ymaymiz. Mehnat qilamiz, jipslashamiz. Ertaga daromadimiz bundan ham ko'p bo'ladi. Hamma kuch-vositalarni beramiz, belimizni mahkam bog'lab, sarosimaga tushmay, yangilanib olamiz».
Muloqot asnosida mahalliy faollar Prezidentimizning og'ir damlarda xalq bilan hamisha birga ekanini, xususan, 2008 yilda Kogon tumanida ro'y bergan texnogen ofatni bartaraf etishda jonbozlik ko'rsatganini ham alohida e`tirof etishdi. Shavkat Mirziyoev o'sha ­mudhish falokatni eslarkan, bunday balolar diyorimizga boshqa yo'lamasin, deya tilak bildirdi. Yurtboshimizning endigi falokat asoratlarini bartaraf qilish, elga madad berish borasidagi g'ayrat-shijoatini ham ulkan davlat arbobining galdagi jasorati sifatida baholash mumkin.
– Muhtaram Prezidentimiz bilan yuzma-yuz suhbat asnosida u kishining har bir so'zida, yuz-ko'zidagi har bir ifodada O'zbekistonimizga, shu ulkan oilamizning har bir a`zosiga bo'lgan cheksiz muhabbatni ko'rdim, – deydi «Nuroniy» jamg'armasi Olot tumani bo'limi raisi Saidquli Oqqiev. – Ayniqsa, «Diyorimizdagi har bitta mahalla, har bitta xonadon men uchun aziz» degan so'zlari hammamizni to'lqinlantirib, ruhlantirib yubordi. Albatta, nogahoniy ofat tufayli boshimizga tushgan tashvish­lar bir tomon, davlatimiz rahbarining taskinbaxsh da`vatlari bir tomon bo'ldi. Biz, yosh-u keksalarning vazifasi karantin tartiblarini saqlagan holda hududlarimizda tiklash, yangilash ishlarini olib borish, aholining davlatimiz siyosatiga ishonchini mustahkamlash, odamlarni jipslashtirishdir. Prezidentimizning biz bilan shaxsan uchrashib, yo'l-yo'riq ko'rsatganlari hammamizga ulkan kuch-g'ayrat berdi.
Qorako'l tumanidagi «Kumush kalava» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Asror Mansurov ham o'z mulohazalari bilan o'rtoqlashdi:
– Tabiiyki, katta talafot bo'ldi. Lekin, eng muhimi, elimiz tushkunlikka tushgani yo'q. Hayot doimgidek davom etyapti. Odamlarning kayfiyati a`lo. Barchaning ko'zida ishonch, xatti-harakatida dadillik. Prezidentimiz tashrifi hammamiz uchun xayrli bo'ldi. U kishining yordami, bevosita rahnamoligida qisqa vaqt ichida Olot, Qorako'l va ziyon ko'rgan boshqa joylarda ahvolni o'nglashga kirishdik. Nafaqat o'nglaymiz, avvalgidan ham ziyoda qilib, obod etamiz. Bu ishlarda biz, tadbirkorlar ham kamarbastamiz.
– Yurtboshimizning otalarcha g'amxo'rligi, ofatdan aziyat chekkan har bir xonadon, har bir muasasasa, har bir fermer xo'jaligi davlat himoyasiga olinishi, ko'rilgan zarar qoplanishi, har ikki tuman batamom yangilanishi xususida bildirgan fikrlari barcha qatori meni ham ruhlantirib yubordi, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne`matova. – Pandemiya sharoitida ko'rilayotgan chora-tadbirlar, mana bu bo'ron balosidan keyingi tiklash yumushlaridagi oqilona siyosatlari uchun u kishidan har qancha rozi bo'lsak, minnatdor bo'lsak, arziydi. Shaxsan o'zim hududimizdagi ko'p­lab xonadonlarda bo'ldim. Aholi bilan uchrashuvlar chog'ida odamlarimizning qat`iy ishonchiga, ko'tarinki kayfiyatiga amin bo'ldim. Xudo xohlasa, Prezidentimiz boshchiligida bu og'ir kunlardan chiqib olamiz. Xuddi zilziladan so'ng Toshkent qanday obod qilingan bo'lsa, Olot ham shunday obod bo'ladi.
– Ilohim, bunday falokatlar ortda qolgani rost bo'lsin, – deydi Qorako'l tumanidagi xalqaro matematika maktabi direktori Temirqul Ro'ziev. – Yo'lboshchimizning boshimizga shunday katta tashvish tushganda hozir bo'lganlari, bunday g'amxo'rliklari, ­sa`y-harakatlari barcha uchun ibratlidir. Ayrim xorijiy davlatlar rahbarlari kabi u kishi ham mas`ul vakilini yuborishi mumkin edi. Lekin Shavkat ­Mirziyoevning shaxsan o'zlari kelib, odamlarning g'am-tashvishlariga sherik bo'lishi, ularning ruhini ko'tarib, ahvolni o'nglash borasida mutasaddilarga yo'l-yo'riq berganlari alohida tahsinga loyiq.
Tashrif davomida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, aholi, fermer va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha vazirlik va idoralar mutasaddilariga topshiriqlar berildi.
Shu kunning o'zida Prezidentimiz Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Yaratgandan xalqimizga tinchlik-osoyishtalikni, Vatanimizni turli balo-qazolardan asrashni tilab duo qilindi.
Ta`kidlash joizki, ofatdan so'ng tez orada Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida elektr, gaz ta`minoti bilan bog'liq uzilishlar qayta tiklandi. Zarar ko'rgan binolarni, xonadonlarni ta`mirlashga, ko'chalarni tartibga keltirishga kirishildi.
Bugun talafot yetgan hududlarda ish qizg'in. Barcha bunyodkorlikka bel bog'lagan. Qudratli texnikalar ovozi birdam tinmayapti. Uzoq-yaqindan madad kuchlari kelmoqda. Barcha birdam bo'lib, ofat talafotlarini bartaraf etyapti. Ularning yuz-u ko'zida ishonchni, ertangi kun umidini ko'rasiz.
Bularning tub zamirida – yuksak g'amxo'rlik va e`tibor mujassam. Xalqparvarlikning oliy namunasi odamlarni shunday birlashtirdi, ularning vujudida o'zgacha g'ayrat va shijoat, qalbida chuqur ishonch uyg'otdi. Bu eng katta va qudratli kuchdir.

Rustam IBROHIMOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar