Oqibat

908

Otam har safar qovun yeganida bizga bir hikoya aytib berardi. Bizning esa vujudimiz quloqqa aylanardi.

– Qoravoy amakim juda savodli, badavlat va saxovatli inson bo'lib, chorva mollarining hisobini o'zi ham bilmasdi, – deya hikoya qiladi otam.
Afsuski, sobiq tuzum ziyolilarga «och ofatday» yopishgan davr bizning ajdodlarimizni ham chetlab o'tmagan. Amudaryo orqali bir necha ­ziyolini olib ketayotganlarida, amakim qochib qutulgan ekan. Uzoq yillardan so'ng uyga qaytgan. Aytishlaricha, Toshkent viloyatining qaysidir tumanida qishloq xo'jaligi uchun dori ishlab chiqariladigan joyda ishlagan emish. Amakimning yil sayin sog'lig'i yomonlasha borgan. Buvim Jamila ena mashhur tabib bo'lsa-da, o'g'lining dardiga chora topolmagan.
Bir kuni amakim otamni chaqirib, «Inim, G'ozovot ­qishlog'ida Iskandar oshpazda qovun bor ekan, shu kishidan bitta qovun olib kelsang, zora dardimga shifo bo'lsa, ichim juda yonib ketyapti», deydi. Qo'shko'pir tumani markazidan tong qorong'usida yo'lga chiqqan otam ikki soatcha yayov yurib, ko'zlagan manziliga yetib borgan va Iskandar oshpazga muddaosini aytgan. «Esiz, bolaginam, bitta qovun qolgandi, kecha mehmonlarga so'yib bergandim, deya yo'l-yo'riq ko'rsatgan: «Xivadagi kalta minor to'g'risidagi Sharif qassobda pishiqchilikkacha qovun topiladi».
Otam Qoraqum orqali yana yayov Xivaga yo'l olib, aytilgan uyni topib borgan. Sharif qassobga salom berib, dardini aytgan va yig'lab yuborgan. Sharif qassob katta bir qovunni otamning qo'liga tutqazib, «Bolam, buni orqang­ga ortib ham, qo'lingda osiltirib ham ketmagin. Faqat ikki qo'ling bilan quchoqlab ol, yo'l uzoq, yumshab qoladi, axir qovun ekadigan payt keldi» debdi.
Otam yo'l bo'yi ham quvonib, ham yig'lab kelaveribdi. Tikanlar, saksovul nishlari oyog'iga necha marta kirib chiqqanini ham sezmabdi. Uyga kirib kelganida vaqt xufton bo'lgan ekan. Qoravoy amakim «Inimdan aylanay» deya otamni quchoqlab yig'labdi. Qovundan har kuni bir tilimdan yeb, otamni yig'lab, duo qilishdan sira charchamabdi.
Shu voqeadan so'ng amakim olti oy umr ko'ribdi. O'limi oldidan «Inim, sen mehnatkash, vijdonli bolasan, o'tganimdan keyin ikki o'g'lim senga omonat, ularni yaxshi tarbiyalab, o'qitib, uyli-joyli qilsang, men u ­dunyoda bemalol yotaman. Ilohim, Alloh mening umrimni ham senga qo'shib bersin» deb duo qilibdi.
Otam amakimning vasiyatini to'la ado qildi. Amakivachchalarimning ikkalasi ham ziyoli, jamiyatda o'z o'rniga ega inson bo'lib voyaga yetdi.
Padari buzrukvorimiz hozir 97 yoshdalar. Otam har doim mol-dunyo o'tkinchi, og'a-inilaringizning, opa-singillaringizning ko'nglini og'ritmang, deb nasihat qiladi.
Uy-joy talashib necha-necha og'a-inilar yuz ko'rmas bo'lib ketganini, qilgan kichkinagina yaxshiligini bir umr minnat qilganlarni ko'rsam, otamning nasihatlari yodimga tushadi. Hadis-u sharifda qarindosh­lik rishtalarini uzgan gunoh, qarindoshlik rishtalarini qayta bog'lash savob ekani aytilgan. Keksa otaxon-u onaxonlarimiz o'gitlariga amal qilib yashasak, avlodlarimizga o'rgatsak, ular qalbiga ezgulik, yaxshilik urug'larini eksak, hayotimiz yanada go'zal va fayzli bo'ladi.

Qurbonbika O'ROZMETOVA
Xorazm viloyati,
Urganch shahri

Boshqa xabarlar