O'zXDP raisi Ulug'bek Inoyatov 2,5 million so'm maoshga kamida ikki oilani boqish mumkinligini isbotlamoqchimi?

1,072

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug'bek Inoyatov partiya hududiy kengashlari ishtirokida o'tkazgan videoselektor yig'ilishida barcha darajadagi deputatlar va partiya faollariga yordamga muhtoj bo'lgan bittadan oilani otaliqqa olib, karantin tugaguncha oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlab turish vazifasini yuklagan. Bu haqda ismini oshkor qilmaslikni so'rab andijonlik mahalliy kengash deputatlaridan biri “ishonch.uz”ga murojaat qildi.

“Aslida yomon topshiriq emas, – deydi deputat. – Buning ahamiyatini har kuni odamlar orasida yurgan deputat juda yaxshi tushunadi. Partiya rahbarlari qiynalganlarga yordam ko'rsatish yo'lida izlanayotgani yaxshi. Lekin chuqur o'ylamasdan, bu tashabbus qanday natijaga olib kelishini ko'ra olmasdan, shoshma-shosharlik qilib, savobli ishni gunohga aylantirayotgani achinarli”.

Murojaatgo'yga ko'ra, jami mahalliy deputatlar orasida tadbirkor, fermer hamda rahbarlik lavozimida ishlovchi, tirikchiligidan orttirib, birovga xayriya qila oladiganlar nari borsa yigirma foizni tashkil qiladi. Qolganlarning aksariyati oylik ish haqidan boshqa daromadi yo'q insonlar.

“Ko'pchilik mahalliy deputatlar oylik ish haqini nimalarga sarflashini oldindan rejalashtirib yashaydigan, kommunal to'lovlardan qarzdor bo'lib qolsa, boshqalarga gapi o'tmay qolishini bilgani uchun ham topganini o'ngu so'lga hisobsiz sarflay olmaydiganlardir. Agarda orttira olsa, elga ovoza qilmay biror muhtojning ko'ngini ovlaydi. Yuqoridagi kabi topshiriqlar esa deputatlarni partiyadan bezdirishga xizmat qiladi, xolos.

Nomida “xalq” so'zi bor partiya rahbarlari ushbu tashabbusi bilan o'z oilasidan orttirib, boshqa birovga xayriya qila olmaydigan deputatlarning ko'ngidan nimalar o'tayotganini tushunishga qodir emaslar, shekilli. Undan ko'ra, barcha deputatlar chin yurakdan qo'shiladigan tashabbus ko'rsatish mumkin emasmi?” deydi u.

“ishonch.uz” muxbiri yuqoridagi iddaolarga aniqlik kiritish uchun partiyadagi o'z manbasi bilan bog'lanib, O'zXDP markaziy kengashi tomonidan yuborilgan ayni masalaga daxldor rasmiy xat hamda ilova namunasini qo'lga kiritdi. Manbaning ta`kidlashicha, markaziy kengash tomonidan deputatlar xayriya va homiylik ishlarini qanday amalga oshirayotgani xususida kunlik ma`lumot ham talab etilmoqda.

O'zXDP markaziy kengashi Ulug'bek Inoyatov o'tgan yilgi saylovoldi chiqishlaridan birida besh kishidan iborat oilani boqish uchun bir oyda 2,5 million so'm yetishi haqidagi fikrlari bilan qizg'in bahs-munozaralarga sababchi bo'lgandi.

Nurillo No'`monov.

Boshqa xabarlar