Ezgulik g'alabasi va tarixiy adolat

1,498

«Insoniyat tarixi urushlar tarixidir» degan edi muarrixlardan biri. Garchi bu so'zlarda andak qochirim va kinoya bo'lsa-da, mohiyatan olganda, tarixchining ­fikrini dastaklash mumkin. Zotan, kuzatsangiz, tarix g'aladonidagi tanazzullar, insoniyat duchor bo'lgan misl­siz fojialarning aksariyati urushlar hisobiga to'g'ri kelishiga guvoh bo'lasiz.

Albatta, urushlar tarixi – insoniyatning o'z tarixi kabi ko'hna. Biroq nisbatan yangi tarix, deb qaraydiganimiz hozirgidan oldingi asrlarda yuz bergan ikki urush ko'lami va talafoti jihatidan mislsiz, deyiladi. Ular birinchi va Ikkinchi jahon urushlari…
Mana, tugaganiga 75 yil bo'layotgan Ikkinchi jahon urushining dard-u sitamlari, odamlar qalbidagi og'riqlari unutildi, deb kim ayta oladi? Kim ayta oladiki, fashizm dahshatlari olis tarix, oddiy bir cho'pchak, deb? Aksincha, uning jarohatlari hamon dillarni o'rtaydi, o'z fojeiy kulfatlari va ko'lami bilan insoniyatni mud­hish xatolardan tiyib turishga xizmat qiladi…­

Ikkinchi jahon urushida o'sha zamon dunyosidagi mustaqil 73 ta davlatning 62 tasi ishtirok etgan edi. Urush yer shari aholisining 80 foizini qamrab olgan. Jangovar harakatlar 40 ta davlat, uch qit`a va to'rt ummonda olib borilgan. 110 million qurolli askar ishtirok etgan bu urushda, taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, 60 million, ba`zi ma`lumotlarga ko'ra esa, 85 million nafargacha inson halok bo'lgan. Urush ortidagi o'lgandan battar azob tortgan insonlar taqdiri bu oltita nolli raqamga kiritilgan emas. Aslida esa bu urush insoniyatni nafaqat jisman, balki ruhan ham mavh etgan. Urushda g'olib bo'lmaydi, degan purma`no gap mana shu yerda asqotishi mumkin. Zotan, bu urush insoniyatga millionlab jasadlar bilan birga siniq qalblar, mumsik diydalar, og'ir yo'qotishlar azobi – firoqni meros qoldirdi…
Shu o'rinda men bugun ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzularda aytilayotgan ko'p mulohazalarga qo'shilolmaymanki, blogosferadagi ko'p qarashlarda bir tomonlamalik, tarixni bilmaslik, ba`zi kuchlarga ko'r-ko'rona ergashish ta`sirlari sezilib turibdi. Kimdir bu sanani «G'alaba kuni» desa, kimdir «Xotira kuni», yana kimdir esa uni «bizga aloqasi yo'q o'tmish» deya umuman eslamaslikni targ'ib qilgan… Yana kimlardir siyosiylashtirishga harakat qilgan. Emishki, bu kunni eslash kolonial (mustamlaka) zamonlarni qo'msash bo'larmish…
Ayni damda qo'ri so'ngan kulni kavlashdan – mavzuga qaytmoqdan ne naf dersiz? Nazarimda, bu kerak! Shuning uchun ham kerakki, gurunglar gap-gashtakdan virtual olamga ko'chgan, g'iybatlar ham mahalladan chiqib, «o'rgimchak to'rlari»da kezayotir va bunday vaqtda befarq qarab bo'lmaydi. Ayni shu mulohazalar meni bir necha kundirki tinch qo'ymaydi. Tizginsiz savollarga esa donishmand zamondoshim faoliyatidan, ko'rsatayotgan yo'riqlaridan va fikrlaridan javob topaman. Ularni qayta-qayta tahlil qilar ekanman, bu ishlarda o'sha davrning so'nmas bir ruhini – insonning betakror vatanparvarligini ko'raman.
Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushida erishilgan G'alabaning 75 yillik bayrami hamda Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqini ting­lar ekanman, ko'nglimdan o'tgan ko'plab savollarga javob topdim. Qalbimni iliq bir tuyg'u qamrab oldi.
O'zbekiston Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaga ulkan hissa qo'shgan. Ba`zi bir tarixchilarning bitmish­lariga kirmagan yana bir jihatni yoddan chiqarmaslik kerak bunda. Bu –frontorti janglari, qahramonlik­lari, fidoyiliklari…
Mirziyoevning vatanparvarligi, xalqimizga, o'tmishimizga bo'lgan cheksiz muhabbati yana bir tashabbusda yorqin namoyon bo'ldi: 9 may kuni ochilishi bo'lgan poytaxtimizdagi G'alaba bog'i.
O'tgan yili Prezident dilidagi gaplarni aytgandi – ajdodlar matonati va jasoratini ko'rsatib beradigan yaxlit bir majmua bo'lsa, va u avlodlar uchun saboq maydoniga aylansa…
Bu tashabbus g'oyaligicha qolmadi. Majmuaning kichik detaligacha Davlatimiz rahbarining sinchkov nigohidan o'tdi, boyitildi, o'ziga xos kompozisiya yaratildi.
Har biri alohida mavzuga ega bo'lgan ikki qismdan iborat – biri o'zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi hayot aks etgan kompozisiyada xalqimiz qahramonligi to'liq ifoda etildi.
Yuqorida boshlagan mulohazalarimizni davom ettirib, shuni aytamanki, ushbu g'oyaga o'zgacha qarayotganlar, avvalo, bir nafas yuzakilikdan to'xtab, mavzuga chuqurroq kirishsin, ushbu bog'dagi har bir detalni sinchiklab kuzatishsin. Bog'dagi badiiy kompozisiya, motiv va tasvirlarga singdirilgan o'sha davr ruhiyati mash`um urush va g'alabaning bizga ham juda-juda aloqasi bor ekanidan hikoya qiladi. Ya`ni, bog'dagi tarixning haqiqiy suratlari, chin tuyg'ulari har qanday siyosiy o'ylardan yuqoriroq va samimiyroqdir. Men shu ma`noda aytamanki, ikkinchi jahon urushidagi fashistlar ustidan qozonilgan g'alaba kommunistlarning emas, tinchliksevar insoniyatning g'alabasidir. Jumladan, O'zbekistonning, xalqimizning ham g'alabasidir. Buni siyosiylashtirish tarixga, ota-bobolar ruhiga xiyonatdir. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari ko'p bora ta`kidlab kelardiki, O'zbekiston xalqining G'alabaga qo'shgan hissasini chuqurroq o'rganish zarur… Bu gapning tagida katta asos bor ekan… O'tkazilgan tadqiqotlar ko'rsatdi. Tarixiy hujjatlar chuqur o'rganildi. Natijada esa bizga shu kungacha noma`lum bo'lib kelgan yana yuzlab qahramon ajdodlarimiz nomi kashf etildi.
Masalan, shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O'zbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma`lumotlarga ko'ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgan.
Tasavvur qilyapsizmi? Salkam 500 ming nafar inson, yarim million o'zbekistonlik urush qatnashchisi ro'yxatidan «tushib» qolgan…
O'sha vaqtda O'zbekistonda 6,5 milliondan oshiq aholi yashaganini inobatga olsak, mamlakatda istiqomat qilgan har uch kishidan biri urushga jalb etilgan. Yurtda qolganlarning aksariyati esa ayollar, keksalar va bolalar bo'lgan. Ular ham front ortida tinimsiz mehnat qilgan. Yana minglab urush qatnashchilari O'zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Yangi aniqlangan ma`lumotlarga ko'ra, urush o'chog'iga aylangan o'lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuasiya qilingan. Xalqimiz ularga o'z uyidan joy berib, so'nggi burda nonini ham baham ko'rgan. Mana shu fakt va raqamlardan keyin ham Ikkinchi jahon urushidagi g'alabada bizning ham munosib hissamiz bor desak, xo'sh, bunga kim qarshi chiqadi yoki inkor eta oladi?!
Davlatimiz rahbari o'z nutqida shunday raqamlarni keltirdi: Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofiserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Shu vaqtgacha bu ko'rsatkich 120 ming nafar deb qayd etilardi. Ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o'zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 nafar ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor bo'lgani hujjatlar orqali o'z tasdig'ini topdi.
Mirziyoevning fidoyiligi va vatanparvarligi bilan tarixiy adolat tiklanmoqda. O'zbek xalqining jasorati qanchalik buyuk ekanini tarix isbotlamoqda.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan barpo etilgan «Shon-sharaf» muzeyida ana shunday shonli tarix o'z ifodasini topgan. Bu o'rinda Prezidentning so'zlaridan iqtibos keltiramiz:
«Bu muzeyning paydo bo'lishi adolatning tiklanishi demakdir. Tariximizning bir qismi bo'lgan urush voqealarini bir joyda namoyon etadigan bunday maskan yo'q edi. Bu ishlardan maqsad-muddaomiz – xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaga qo'shgan buyuk hissasini tarixga muhrlab qo'yish, yosh avlodlarga yetkazish. Yuz yillardan keyin ham odamlar kelib, urush voqealari va oqibatlarini, tinchlik qadrini bilishi kerak».
«Xalq qahramonlarini unutmaydi» degan naql bor. Ammo avval o'sha qahramonlar kimligini ham bilish kerak. Bugungi avlod esa ularni unuta boshlagandi, nazarimda. Bu esa aslida tarix ilmiga, ma`naviyat va ma`rifat, tarbiya sohalaridagi ahvolimiz haminqadarligini ko'rsatadi. Birgina misol. Afsuski, mening nevaralarim bugun Ikkinchi jahon urushining o'zbek qahramonlari kimlar ekanini yaxshi bilmaydi. Ochig'i, keyingi yillarda atay mum tishlaganimiz, bu urushning tafsilotlaridan ko'z yumganimiz bor gap. Hatto o'zimizning qahramonlarni ham gapirmay kelganimizning achchiq hosilasi bu.
Shu o'rinda Prezidentning yana bir fazilatini eslab o'tishni joiz deb bildim: bu kengfe`llik va keng­fikrlilik. Aytish joizki, uzoq va sirli tortishuvlar ortidan Ikkinchi jahon urushining buyuk va jasoratli qahramoni Sobir Rahimov nomi yurtimizda tilga olinmay qolgan, hatto, uning poytaxtdagi haykali ham olib tashlangani ko'pchilikning yodida. Albatta, bu tarixga, tarixiy xotiraga nisbatan hurmatsizlik edi. Shavkat Mirziyoev yaqin o'tmishdagi shu xatoni to'g'riladi. Sobir Rahimov nomi yurtimizga qaytdi.
Prezidentimiz g'oyasi asosida bunyod etilgan «Mangu jasorat» monumenti timsolida men ana shularni angladim. Bu monumentda bo'lgan kishi afsonaviy general Sobir Rahimov kabi harbiy qo'mondonlarimiz, o'zbekistonlik botir jangchilarning xotirasi el uchun so'nmas bo'lishini tushunib yetishi aniq.
Albatta, bu – tarix. Uni qo'lda chizish, bo'y-bastidan urib qolish yoki bo'rttirishning salbiy oqibatlarini odamzod ko'p ko'rgan. Jumladan, jamiyatimizda Ikkinchi jahon urushiga nisbatan keyingi paytlarda shakllangan qarashlar ham shunday xatolardan xoli, deb bo'lmaydi. O'zbekis­tondagi bugungi xolislik va tarixiy adolatni tiklash yo'lidagi ishlar ana shunday haqiqatga suyanishi bilan ahamiyatlidir. Mening nazarimda, bunday ishlarni o'z Vatanini chin dildan sevgan, millati bilan g'urur tuyadigan odamgina qila oladi!
Gap tarixiy adolat xususida ketar ekan, bir haqiqatni tan olishimiz darkor: urush yillarida xalqimiz «Hamma narsa – front uchun», deya bor-budini jangga jo'natdi – o'zi och va yupun bo'lsa-da, «Hamma narsa – G'alaba uchun!» degan e`tiqod bilan tinimsiz mehnat qildi. Bu ulkan matonat edi. Erlar urushga ketdi, ayollar sadoqat bilan ularni kutdi, vafo tuyg'usini ulug' bildi.
Xalqini sevgan, uning tarixini va dardini chuqur anglagan davlatimiz rahbari o'tgan yilgi bayramda o'zbek ayollari, o'zbek xalqining mana shunday buyuk jasorati, sabr-u bardoshiga bag'ishlab, «Matonat madhiyasi» degan monument barpo etishni taklif qilgan edi. Ushbu monument va undagi obrazlar haqida o'ylar ekansiz, o'zbek xalqi o'zining yana bir Zulfiyasini topganini ko'rasiz.
Har ikkisi – hayotiy obraz. Har ikkisi – bardosh va iroda, matonat timsoli! Bu, ayniqsa, Mirziyoev tashab­busi bilan ishlangan «Ilhaq» filmida ta`sirli ko'rindi, mohiyat elga, xossatan, bugungi avlodga to'liq ochib berildi.
Filmni tomosha qilarkanman, o'zim ham olis bolaligimga qaytgandek bo'ldim. O'tgan asrning 50-yillarida barcha joylarda bo'lgani kabi Toshkentning eski mahallalari ko'chalarida ham og'ir bir g'amginlik, charchoq va dard kezib yurardi. Hech kim tiliga chiqarib aytmaydigan, birov-birovga zorlanmaydigan, minnat qilmaydigan bu aytib va tasvirlab bo'lmas kayfiyatni qo'ltiqtayoqqa suyangancha papiros tutatayotib olis-­olislarga tikilayotgan sobiq jangchi ko'zlaridan, otasining o'lganini ang­latuvchi «qora xat» kelgan bo'lsa-da, hamon ko'zi eshikka javdirab boqayotgan murg'ak yetimlar yuzidan, bolasini kutib mung'aygan onalar ajinlaridan bilsa bo'lardi… Aynan bolalikdagi shu tasvir-xotiralar mening hayot haqidagi qarashlarimni shakllantirgan edi.
Filmdagi Zulfiya ayaning timsolida ana shu xotiralarim yana jonlandi. Onamni esladim. Urush davridagi g'amgin hikoyalarini – yo'qotilgan yaqinlar va yo'qotilgan umrni, armonga aylangan orzularni…
Yana yodimda qolgani – onamning hikoyalari: 1942 yili 18 yoshida akamni urushga kuzatadilar. Ammo urush tugasa ham, akam qaytmaydi. Xat-xabar ham onda-sonda kelib turadi. «Ko'p shubhaga borardim. Nega urush tugasa ham o'g'lim kelmaydi. Firoq jonimdan o'tganida dardimni suvga aytardim…»
Zulfiya onaning suvga aytgan faryodini ko'rdingizmi? Men kabi bunday xotiralar bilan yashayotgan yana qancha odam o'z onasini ko'rdi ekan bu filmda?..
Urush tugagach, akam keldilar, ammo onamning ko'zidagi o'sha mung, o'sha har tong eshikka tikilgan ko'zlarga xos bo'lgan g'am-g'ussa izsiz yo'qolib ketmadi. Mana, qanchalar qimmatga tushgan biz uchun bu G'alaba!
«Matonat» monumenti ana shunday o'zbek onalarining bardoshiga, o'zbek ayollarining vafo va sadoqatiga qo'yilgan… Unda hayot va haqiqat, o'zbeklar siymosi aks etgan…
Ana endi ayting-chi, bunday urushning g'alabasi biz uchun qanchalik zarur edi?
Ana endi yana ayting-chi, bu G'alabani biz nega nishonlamasligimiz kerak?!
Bu g'alaba ajdodlarimizning Vatanga sadoqati, o'z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilganlarning o'lmas jasoratidan bizga hikoya qilmoqda. Bugungi osoyishta kunlarga shukrona aytishga undamoqda. Bu bizga ajdodlardan qolgan so'nmas xotira…
Biz shuni anglasak bas!

Qudratilla RAFIQOV,
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi,
Oliy Majlis Senati a`zosi

Boshqa xabarlar