Pandemiya va karantin sabab…

1,207

xodimlar va ish beruvchilar tomonidan eng ko'p berilayotgan savollarga javoblar

Savol: Shifokorman. Pensiya yoshidaman. Qandli diabet bilan «D» nazoratida turaman. tuman KTMPda ishlayman, 1-tizimda. Immunitetim past. Karantin davrida maoshim saqlangan holda uyda qolishga haqqim bormi?

Javob: Afsuski, yo'q. Amaldagi mehnat qonunchiligi bunday huquqni nazarda tutmaydi. Ammo Prezidentning 2020 yil 19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmonining 18-bandida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, jumladan, karantinga oid choralar amal qilishi davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa, homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan hamda surunkali kasallikka chalingan shaxslarni, ularning roziligi bilan, masofadan turib ishlash usuliga, qulay ish grafigiga yoki uydan turib ishlashga o'tkazishlari mumkinligini nazarda tutuvchi tartibni joriy qilish topshirilgan. Shunga binoan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 25 martdagi 9-2020/B sonli buyrug'i bilan Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o'tkazishning vaqtinchalik tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlangan (Adliya vazirligida 2020 yil 28 martda 3228-raqam bilan ro'yxatga olingan).
Ushbu nizomda belgilangan tartibga ko'ra, ish beruvchi tegishli xodimni masofaviy ish usuliga yoki moslashuvchan ish grafigiga yoxud uyda ishlashga o'tkazishi mumkin.
Xodim faqat qonunchilikda belgilangan hollardagina ish haqi saqlangan holda ishga chiqmasligi mumkin. Masalan, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida, qon topshiruvchi donor bo'lsa, qon topshiradigan kuni va uning ertasiga, mehnat ta`tilida bo'lganda, agar xalq maslahatchisi bo'lib saylangan bo'lsa, sud majlisida xalq maslahatchisi sifatida ishtirok etadigan davrda, harbiy majburiyat bilan bog'liq chaqiruvlarda ishtirok etish davrida va h.k.
Undan tashqari, bugungi kundagi vaziyatni va salomatligingizni inobatga olgan holda, Sizga ish beruvchining roziligi bilan qisman ish haqi saqlanadigan ta`til berilishi ham qonunchilikda taqiqlanmagan.

Savollarga O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Mehnatni muhofaza qilish va Yuridik bo'limi mudirlari
Nodira Karimova, Hamidulla Pirimqulov javob berdi

Boshqa xabarlar