«KARANTIN YeNGILLAShGANI, VIRUS TUGAYaPTI DEGANI EMAS»

1,346

Yurtimizda COVID-19 bilan bog'liq vaziyat biroz yaxshilangan. Ammo «Call-center»larda telefonlar jiringi tinmaydi. Kimnidir koronavirus haqida ma`lumot olish, kimnidir esa sog'lig'idagi o'zgarish «1003» raqamlarini terishga undamoqda. Bugungi suhbatdoshimiz ana shu qizg'in nuqtada faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi, dosent Mirhotam TOJIEV bo'ladi.

– Mirhotam Hoshimovich, Toshkent pediatriya tibbiyot akademiyasi qoshida tashkil etilgan «Call-center»ga kelib tushayotgan murojaatlar virus bilan kasallanishning oldini olishga qay darajada yordam beryapti?

– Koronavirus ­bo'yicha tashkil etilgan «Call center»ga kuniga minglab murojaat kelib tushyapti. Fuqarolarimizning turli savollariga mutaxassislarimiz imkon qadar, o'z vakolati doirasida batafsil javob berishga harakat qilmoqda. Bir kunda taxminan 200 nafarga yaqin yurtdoshimiz o'z sog'lig'i bilan bog'liq savollariga javob oladi. Xususan, koronavirus belgilarini so'raydi. Isitmasi chiqayotgani, yo'talayotganini aytadi. Ularning aksariyati shamollash belgilari kuzatilayotgani bois, aniq ma`lumotga ega bo'lish maqsadida biz – mutaxassislarga sim qoqadi. Bunday holatlarda ularga oilaviy poliklinika shifokori yoki tuman sanitariya va epidemiologiya bo'limiga murojaat qilishni tavsiya etamiz.

– So'nggi kunlarda Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida aholi orasidan ham virus yuqtirganlik holatlari ko'paydi. Buning sababi nimada?
– Avvalo, bir narsani tushunib olish kerak. Karantinning yengillashgani virus tugadi, degani emas. Ammo, afsuski, hamma ham vaziyatga to'g'ri baho bermayapti. Karantin chora-tadbirlari birinchi navbatda iqtisodiyotimizni qo'llab-quvvatlash maqsadida yumshatildi. Ko'pchilik buni suiiste`mol qilib, ko'chada maqsadsiz yurish, mehmonga borish, gigiena talablariga rioya qilmaslik holatlari ko'paydi. Bu esa aholi orasida virus yuqtirganlar sonining oshishiga olib keldi.

– Bugungi issiq kunlarda virusni yuqtirgan insonlarda kasallikning kechishi bahordagisidan farqlanadimi?
– Albatta, haroratning ta`sirida biroz farqlanadi. Odamlarning 80 foizidan oshig'ida kasallik yengil kechadi. Ayrimlarda esa o'pka zararlangani uchun nafas olish qiyinlashadi. Ana shu toifadagilar issiqda yanada qiynalishi mumkin. Shuning uchun bemorlarning salqin sharoitda bo'lishiga va ko'proq suyuqlik ichishiga e`tibor qaratiladi. Koronavirusning yangi shtammlari og'ir shakldagi pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Uy sharoitida sog'lom yurtdoshlarimizga ham profilaktika uchun turli meva sharbatlaridan iste`mol qilib, immunitetlarini oshirishni, xonani salqinlantiruvchi vositalardan foydalanishni va imkon qadar o'zaro muloqotni cheklashni, eshik va zinapoya tutqichlarini ushlagandan so'ng burun va ko'zlarga qo'l tekkizmaslikni, darhol qo'llarni sovunlab yuvishni maslahat beramiz.

– Karantin davrida tashkil etilgan onlayn poliklinikada ham faoliyat yuritayotgan ekansiz. Mazkur poliklinikaning aholiga qanchalik foydasi tegyapti?
– Aprel oyida tashkil etilgan bu poliklinika shu kunga qadar 7 ming nafardan ortiq yurtdoshimizga onlayn xizmat ko'rsatdi. Poliklinikada 200 nafardan oshiq shifokor barcha yo'nalishlarda kattalar va bolalar uchun 24 soat davomida ASKDOKTOR.UZ sayti orqali aholiga bepul maslahatlar berib kelmoqda.

– Koronavirus infeksiyasini aniqlash testi haqida ham aytib o'tsangiz. Fuqarolar undan ­mustaqil foydalanishlari mumkinmi?
– Mamlakatimiz koronavirus infeksiyasini aniqlash test tizimini Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Rossiya va Germaniyadan olgan. Testlar Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi virusologiya laboratoriyalarida o'tkaziladi. ­Mustaqil foydalanish uchun test tizimini sotib olish mumkin emas.

– Suhbat yakunida o'quvchilarimizga yana qanday tavsiyalar berasiz?
– Karantinga rioya etmaslik har birimizning hayotimizga koronavirus balosini olib kirishi mumkin. Shu bois, hozirgacha amal qilgan odatlarini to'xtamaslikni – qo'llarni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, xonani shamollatish va yaxshi ovqatlanishni, ko'chaga faqat oziq-ovqat va dori-darmon uchun chiqishni maslahat beraman. Hali mamlakatimizda kasallik yuqishi to'xtagani yo'q, shunday ekan, o'zimizning ham, yaqinlarimizning ham hayotini garovga qo'ymaylik.

Mirhotam TOJIEV,
tibbiyot fanlari nomzodi, dosent:

«Ishonch» muxbiri
Zebo NAMOZOVA
suhbatlashdi

Boshqa xabarlar