Kasaba uyushmasi aralashgach, BOSh VRACh IShDAN KETDI

415

Shu yil 1 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlar yana “portladi”. Unda Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Baxtiyor Boltaboevning xodimlar (ular orasida xotin-qizlar ham bor) bilan o'ta qo'pol va axloqiy me`yorlarga to'g'ri kelmaydigan tarzdagi muomilasi “aks etgan” edi.

Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bu “tomosha”ga befarq bo'lolmadi. Kengash holat bo'yicha Sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupalievga rasmiy xat bilan murojaat qildi.

Unda jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan bir vaqtda B.Boltaboevning xodimlar, ayniqsa, ayollar sha`ni va qadr-qimmatini kamsitib, ularni kurakda turmaydigan so'zlar bilan haqorat qilgani kechirib bo'lmaydigan holat ekan, va bu holat javobsiz qolishi adolatdan emasligi bayon qilindi.

Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashidan ma`lum qilishlaricha, joriy yilning 2 iyun kuni Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xizmat tekshiruvi o'tkazib, mutaxassislar holatni chuqur o'rganishgan.

Ular taqdim qilgan xulosalarga ko'ra, bosh vrach Baxtiyor Boltaboevning masalasi muhokama qilinib, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko'rildi. Sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rahbarining tegishli bo'yrug'i bilan B.Boltaboev ushbu vazifadan bo'shatildi.

Va yana… Shu kunning o'zida sobiq rahbarning barchadan, xususan, kasaba uyushmalaridan “kechirim so'rash” videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Uning muloyimgina bo'lib, “kechiringlar” deyishini ko'rgan kishi avvalgi vajohatli holati bilan taqqoslab, “tanimay qolgan” bo'lsa ham ajab emas…

Yo'q, bu bilan, o'ylaymizki, masalaga bugun nuqta qo'yilmadi. Hali “mohiyat”gacha ish bor, chamasi…

Alijon Abdurahmonov,

Ishonch

Boshqa xabarlar