Pandemiya sharoitida sanatoriylar qanday ishlaydi?

343

Anchadan buyon davom etayotgan koronavirus pandemiyasi davrida aksariyat yurtdoshlarimiz uyda qoldi yoki masofadan ishladi. Umuman olganda, tabiat go'zalliklaridan bahra olish, sayohatlarga chiqish cheklangandi. Yozning jazirama kunlari boshlanishi ko'pchilikda tabiat qo'ynida hordiq chiqarish, bahavo joyda dam olish va sog'lig'ini mus­tahkamlash istagini paydo qilgan bo'lsa, ajab emas. Biroq hozirgi vaziyat sayohat qilishga imkon bermaydi.
Xo'sh, unda sanatoriylarda dam olish, salomatlikni mustahkamlash mumkinmi?

Ha, albatta. Maxsus komissiya qarori bilan joriy yilning 1 iyunidan boshlab sanatoriylar va dam olish ­maskanlari faoliyatiga ruxsat berilgan.
Tabiiyki, bugungi vaziyat sanatoriylarga dam oluvchilarni davolashda tibbiyot xodimlariga katta mas`uliyat yuklaydi. Shu maqsadda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­si tasarrufidagi sanatoriylarda ishlovchi tib­biyot xodimlarining pandemiya sharoitida ­hushyorligi va bilimini oshirish uchun muntazam videoseminarlar o'tkazilmoqda. Hozirga qadar barcha sanatoriylar hududi dezinfeksiya qilinib, hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarining xulosalari olindi.
Ammo pandemiya sharoitida dam olishning ham o'ziga xos talablari va mas`uliyati bor.

Qaysini tanlaysiz?

Ma`lumki, mamlakatimizda koronavirus tarqalishi holati hududlar kesimidagi tahlilga asosan karantin cheklovlari joriy yilning 8 mayidan boshlab uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma-bosqich bekor qilib borilmoqda. Shu bilan birga 1 iyundan «yashil» hududlarda «sariq» hududlarga qo'shimcha ravishda ruxsat berilgan faoliyat turlari orasida sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyati ham kiritilgan.
Shunga ko'ra, har bir sanatoriy o'zi joylashgan hududiy tuman inqirozga qarshi kurash komissiyasi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xulosasi asosida faoliyatini bosh­laydi.
Bugungi kunda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimidagi 21 ta sanatoriydan 20 tasi davolanuvchilarni qabul qilishga shay holga keltirildi.
Har bir sanatoriyning umumiy sanitar-gigienik holati, oshxona, yashash xonalari, tibbiyot punkti, sanitar-gigienik shoxobchasi, himoya va zararsizlantirish vositalarining mavjudligi, ob`ekt­­ga kirish joyida sanitayzer o'rnatilgani, ijtimoiy masofa sharoiti, xodimlarga instruktaj o'tkazilgani hamda muhandislik tarmoqlari holati o'rganib chiqildi. Sanatoriylarga kirish joyida filtrlar tashkil etilib, dezinfeksiya moslamalari, shaxsiy himoya vositalari bilan ta`minlandi.
Profil yo'nalishi, shuningdek, kasaba uyushmasi chegirmalarini hisobga olmagan holda yo'llanma bo'yicha to'liq kurs o'rtacha qiymatini ko'rsatib, kasaba uyushmasi tizimiga tegishli sanatoriylar ro'yxatini taqdim qilmoqdamiz.

Yo'llanmani xarid qilish tartibi

Agar siz yozni sanatoriylardan birida o'tkazishga qaror qilgan bo'lsangiz, yo'llanma sotib olish xususida oldindan qayg'urish kerak. Yo'llanmaning muddati odatda 10-12 kundan iborat bo'ladi. Yo'llanmani xarid qilayotgan dam oluvchi yashash, ovqatlanish va davolash muolajalari uchun ham haq to'laydi.
Davolanuvchilar xavfsizligini ta`minlash maqsadida sanatoriy hududiga faqat yo'llanmasi bor bemorlar kiritiladi. Yo'llanmasiz kelganlarga tibbiy xizmatlar ko'rsatish taqiqlanadi.
Sanatoriyga yo'llanma sotib olishning bir nechta usullari bor. Masalan, yo'llanmani ish joyingizdagi kasaba uyushma tashkiloti yoki turis­tik firma orqali hamda to'g'ridan-to'g'ri sanatoriyga murojaat qilib olishingiz mumkin.
E`tiborli jihati shundaki, kasaba uyushmasi a`zolari kasaba uyushmasining qoidalari va imkoniyatlariga muvofiq yo'llanmalarni chegirma bilan sotib olish huquqiga ega. Bundan boshqa hollarda yo'llanmaning to'liq qiymati bo'­yicha xarid qilinadi.
Shuni yodda tutish kerakki, yo'llanma borish rejalashtirilayotgan kundan bir hafta oldin kechiktirmay rasmiylashtiriladi. Uni rad etish ham shu muddatdan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Bu yashash joyidagi poliklinikada dam oluvchining sanatoriy-kurort kartasini rasmiylashtirish zarurati bilan bevosita bog'liq.
Dam oluvchi sanatoriyga yo'llanma olishdan uch kun avval viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga COVID-19 kasalligini tekshirish uchun yuboriladi. Virus aniqlanmagan taqdirda, bu haqida ma`lumotnoma beriladi. Ushbu ma`lumotnoma asosida dam oluvchiga yo'llanma beriladi. Har bir yo'llanma bir fuqaroga beriladi. Ya`ni bitta yo'llanmadan ikki kishi foydalanishiga yo'l qo'yilmaydi.
Sanatoriyga borish vaq­tida o'zi bilan sanator-kurortga yo'llanma, yetarli miqdorda tibbiy niqob, antiseptiklar hamda viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining COVID-19 kasalligiga topshirilgan tahlil natijalari bo'yicha ma`lumotnomani olib borish kerak bo'ladi. Sirdaryo viloyatidan yuboriladigan fuqarolarga esa niqob va qo'lni dezinfeksiya qilish vositalari sanatoriylar tomonidan beriladi.

Sanatoriyda

Har bir dam oluvchining tana harorati o'lchab turiladi. Agar davolanuvchida tana harorati ko'tarilishi, yo'tal, aksirish kabi belgilar kuzatilsa, u vaqtincha izolyatorga yotqiziladi hamda hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga xabar beriladi.
Shu bois, har bir kishi sanatoriyga kirgach, o'zi va ­boshqalar salomatligi uchun muayyan qoidalarga amal qilishi kerak. Dam oluvchilar sanatoriy hududida ikki metrlik ijtimoiy masofa saqlashi, navbatlar yuzaga kelmasligi uchun davolash bo'limida har bir dam oluvchining muolajaga boradigan vaqti aniq belgilanadi. Qolaversa, ovqatlanish tartibi ham jadval asosida tashkil etiladi.
Madaniy va ma`rifiy tadbirlar, konsert, uchrashuvlar o'tkazilishi taqiqlanadi. Sanatoriyda kirish-chiqish rejimiga qat`iy amal qilinadi. Unga ko'ra, bemorlarning sanatoriy hududidan tashqariga chiqishi va ularni ko'rish uchun qarindoshlar kelishi mumkin emas.

A`zamjon ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar