«ESKI DARD» XURUJI

449

yoxud AQSh «Floyd voqeasi»dan qanday xulosa chiqarmoqda?

AQSh-Xitoy munosabatlari sovuqlashayotgan, koronavirus pandemiyasi ortidan 41 million nafardan ziyod amerikalik ishsiz qolgan, iqtisodiyot cho'kayotgan, yangi virusdan o'lganlar va kasallaganlar soni bo'yicha dunyoda peshqadamlik qilayotgan Qo'shma Shtatlar boshiga yana bir sinov tushdi. Bu safar qora tanli kishining polisiyachi tomonidan o'ldirilishi AQShni tartibsizlik­lar va talon-torojlik­lar mezboniga aylantirdi. Hatto, AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper mamlakat bo'ylab irqchilikka qarshi namoyish­lar o'tayotgan hududlarni «jang maydoni» deb atashgacha bordi. Aslida, 20 yildan ziyod harbiy formada xizmat qilgan vazirning bunday bayonot berishi jiddiy xato. Harbiylar, odatda, qo'shinlar dushmanga qarshi kurashayotgan hududni «jang maydoni» deb ataydi.

Prezident Tramp g'alayonlar bosilmas ekan, armiyani ishga solish bilan tahdid solyapti. Ammo Pentagon rahbari prezidentning bu ahdiga qarshi. Aksincha, buning o'rniga qurolli kuchlarning zaxiradagi bo'linmasi – Milliy gvardiyani jalb etishni maqsadga muvofiq hisoblaydi. Xullas, muammo yechimini topishda Prezident administrasiyasi va Mudofaa vazirligi qarama-qarshi pozisiyada. Ayrim senator va kongressmenlar ham Trampga hamohang tarzda namoyishlarni bostirish uchun harbiy kuchni ishga solishga chaqirmoqda. Arkanzas shtatidan saylangan respublikachilarning Senatdagi vakili Tom Kotton chetdan kelib namoyishchilarni yo'ldan urayotgan tashviqotchilarga qarshi 101-havo-desant diviziya qo'shinlarini tashlashni taklif etmoqda.
Ma`lumki, o'tgan haftada AQShda yana bir qurolsiz afroamerikalikning oq tanli polisiya xodimi qo'lida halok bo'lishi ortidan ommaviy norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida oq tanli polisiya xodimi Derek Shovin qora tanli Jorj Floydni kishanlab, tizzasi bilan bo'ynini qariyb to'qqiz daqiqa bosib turgani tufayli u halok bo'ldi. 20 dollarlik soxta pulni ishlatishga urinishda ayblangan Floyd Shovinga bir necha marta nafas olishga qiynalayotganini aytib, faryod qilgan. Floyd chekkan aziyatni bir necha guvoh telefoniga yozib oldi va ijtimoiy tarmoqlarda bo'lishdi. Natijada Minneapolisda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Amerika bo'ylab 140 dan ortiq shaharda polisiya zo'ravonligidan g'azablangan amerikaliklar namoyishga chiqdi. Ayrim aksiyalar davomida mahalliy do'konlar talon-toroj qilindi, natijada ba`zi shtatlar Milliy gvardiyani safarbar qilishga majbur bo'ldi. Demak, «eski dard» yana xuruj qildi.
Gap shundaki, AQShdagi afroamerikaliklar huquq-tartibot organlari ularga xolis munosabatda emasligidan bir necha o'n yildan beri shikoyat qilib keladi. Xususan, ular «irqiy profayling», ya`ni polisiya tomonidan shaxslarning terisi rangi, millati, dini yoki jinsi tufayli to'xtatilib, so'roq qilinishi keng tarqalganidan shikoyat qilib keladilar. Qora tanli amerikaliklar mamlakat aholisining 13 foizini tashkil qiladi. Ammo mahbuslarning 60 foizi­ afroamerikalikdir. Qolaversa, polisiya qo'lida nobud bo'lgan qora tanlilar soni oq tanlilarga solishtirganda ancha yuqori. «The Washington Post» gazetasi to'plagan ma`lumotlarga ko'ra, polisiya harakatlari tufayli o'lganlarning 26 foizini qora tanlilar tashkil qiladi. Polisiya otib o'ldirgan qurolsiz amerikaliklarning uchdan bir qismi ham afroamerikaliklardan iborat. Sobiq polisiya xodimi Ronald Deyvis o'tgan yilning kuzida Kongress oldida so'zlagan nutqi davomida polisiya xodimlarining ko'plab qora tanlilarni o'ldirayotgani tasodif emasligini aytdi.
Oq tanli polisiyachilar qora tanli shaxslarga qarshi oshiqcha kuch ishlatganini ko'rsatuvchi video dalillar bo'lsa-da, ular ko'p holatlarda oqlanadi. Shuning uchun Amerikadagi afroamerikalik­lar polisiya ularga xolis munosabatda emasligiga ishonadilar. 2013 yilda yonida quroli bo'lmagan, 17 yashar qora tanli Travon Martin otasini ko'rgani borgan paytda uni 28 yoshdagi oq tanli polisiya xodimi Jorj Simmerman otib o'ldirdi. Sud Simmermanni qotillikda aybdor deb topmadi. Natijada «Black Lives Matter» – «Qora tanlilarning hayoti ham muhim» harakati boshlanib ketdi.
2014-2016 yillar orasida ko'p sonli qora tanlilarning o'ldirilgani polisiya zo'ravonligiga qarshi norozilik aksiyalariga turtki bo'ldi. 2014 yilning iyulida oq tanli polisiya xodimlari Erik Garnerni noqonuniy tarzda tamaki sotishda ayblab, to'xtatdi. Yonida quroli bo'lmagan Garnerni polisiyachi yerga yotqizganini o'tkinchilar videoga yozib oldi. Polisiya xodimlaridan biri 43 yoshdagi qora tanli Garnerning bo'ynini bo'g'di. Havo yetishmayotganini bir necha marta aytgan Garner oradan ko'p o'tmay jon berdi. Ammo uning o'limiga sabab bo'lgan ofiser aybsiz deb topildi.
Garner o'limidan bir oy o'tib, polisiya xodimi Ferguson shahrida o'smir Maykl Braunni otib o'ldirdi. Braun o'ldirilgan paytda uning yonida quroli yo'q edi. Uni o'ldirgan polisiyachi o'zini himoya qilish uchun o't ochganini aytdi va sudda aybsiz deb topildi.
AQShda 1960-yillarda afroamerikaliklar hibsga olinishi ortidan bir necha norozilik namoyishi bo'lib o'tgan. 1965 yilning avgustida polisiya 21 yoshdagi qora tanlini avtomobilini ehtiyotsiz haydagani uchun to'xtatdi. Uning polisiya bilan to'qnashuvi ortidan polisiya zo'ravonligi va og'ir yashash sharoitlariga qarshi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Olti kun davom etgan tartibsizliklar davomida 34 nafar odam nobud bo'ldi, yuzlab imorat ziyon ko'rdi. 1967 yilda asosan oq tanli polisiya xodimlari tomonidan qora tanlilarning hibsga olinishi ortidan Nyu-Jersi va Michigan shtatlarida yana norozilik namoyishlari bo'lib o'tdi. Barcha holatlarda vaziyatni nazoratga olish uchun Milliy gvardiya safarbar qilindi. 1992 yilda oq tanli polisiya xodimlari qora tanli Rodni Kingni dubulg'a bilan ayovsiz kaltaklayotgani videoga tushib qoldi. Buning ortidan Amerika bo'ylab polisiyaning qora tanlilarga nisbatan zo'ravonligi yana qizg'in muhokama qilindi. Kingni kaltaklagan polisiya xodimlari aybsiz, deb topilishi ortidan Los-Anjelesda norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlandi, o'nlab odam nobud bo'ldi.
Davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi barcha qatori qora tanli amerikaliklarni ham mushkul ahvolga soldi. Ammo shtatlardan olingan ma`lumotlarga ko'ra, afroamerikaliklar virusni ko'proq yuqtirdi, o'lganlar orasida ham qora tanlilar soni ko'proq. Mutaxassislarning aytishicha, bu holat afroamerikaliklar gavjum mahallalarda yashashi hamda tibbiy xizmatlardan oq tanlilar bilan teng ko'lamda foydalana olmasligi bilan bog'liq. Qolaversa, ko'plab qora tanli amerikalik olisdan bajarib bo'lmaydigan ishlarda ishlaydi. Bu esa ularning virusga chalinish ehtimolini oshirdi. Bu ham irqchilikning oddiy bir ko'rinishi.
May oyida irqchilik bilan bog'liq tanglik allaqachon keskinlasha boshlagan edi. 5 may kuni qo'liga qurol tutgan ikki nafar oq tanli shaxs bir nafar afroamerikalikka hujum qilgani aks etgan video tarqaldi. 23 fevralda esa nafaqadagi polisiya ofiseri Gregori Makmaykl hamda uning o'g'li Trevis Makmaykl kuppa-kunduz kuni 25 yoshdagi Ahmad Orberining yo'lini to'sdi. Makmaykllarning so'zlariga ko'ra, ular Orberi yaqinda sodir etilgan ikki o'g'irlikka aloqador bo'lishi mumkin, deya taxmin qilishgan. Trevis Makmaykl va Orberi janjallashib qolishi ortidan Makmaykl uni otib o'ldirdi. Bu holat ortidan ham mahalliy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Ushbu holat haqida polisiyaga boshidan ma`lum bo'lgan bo'lsa-da, to'qnashuv videosi keng tarqalganidan keyingina ota-o'g'il Makmaykllar qo'lga olindi.
25 may kuni qora tanli Kristian Kuper Nyu-Yorkdagi markaziy parkda itini sayrga olib chiqqan oq tanli ayolni qoidalarga amal qilishga va itini bog'ichga boylashga chorladi. Oq tanli ayol esa polisiyaga telefon qilib, afroamerikalik erkak unga tahdid solayotganini iddao qildi. Kuper bu holatni videoni yozib oldi, uning singlisi esa uni internetda ulashdi. Video tez orada 40 million martadan ko'p ko'rildi.
Ayni damda AQSh kongressi «irqiy profayling»ni tugatish qonun loyihasini ko'rib chiqmoqda. Loyihada polisiyaning irq, millat, din va jins asosida xulosa chiqarishini va chora ko'rishini man etish nazarda tutilgan. Darhaqiqat, ko'zni ochish davri keldi. Aks holda, mamlakat halokatga yuz tutadi. Ijodkor Robin Vest «Siyosiy konstitusionalizm» asarida bejiz jamiyatdagi illatlarni qalamga olmagandi: «Qo'shma Shtatlarning siyosiy tarixi aksariyat hollarda qullarga nisbatan ongsizlarcha shafqatsizlik, tub amerikaliklar – hindularga nisbatan genosid, oq tanli bo'lmaganlarga nisbatan irqchilik, ayollarga nisbatan shovinizm tarixidir». Bu kabi ta`na-dashnomlar, tanqid va tahqirlar muammoni oxir-oqibat Kongress minbarlarigacha olib chiqilishiga sabab bo'ldi.
Xullas, jinoyatchi kim bo'lishidan qat`i nazar, albatta, jazosini olishi darkor. Jinoyatchilarni terisining rangiga qarab farqlash adolatdan emas. Nima ham derdik? O'tgan asrning 70-yillaridan e`tiboran «Amerika bunga kelgan barcha irq, millat va elatlarni doshqozonda eritib, yaxlit qotishma qiladigan yurt», degan mafkuraviy g'oya ustuvor edi. Bu dargohda hech qachon millatchilik, mahalliychilik bo'lmaydi, hamma teng va erkin degan shiorlar zamirida ham ziddiyatlar borligi, bular qachonlardir yuzaga chiqishi, kuchayishi va hatto portlashi mumkinligi siyosatchilarning «etti uxlab tushiga ham kirmagan» edi. Ko'pmillatli (polietnik) davlatlarda o'ta nozik va hushyor milliy siyosat olib borilmasa, destruktiv (buzg'unchi) kuchlar, albatta, bu omilni bo'rttirib, barqarorlik va tinch­lik tamoyil­lariga zid ishlarda bundan foydalanishiga tarixda ham, hozirgi kunda ham istagancha misol topish mumkin. Demak, irqchilik, millatchilik, shovinizm siyosati ko'p millatli davlatni parokanda qiladi. Bu AQShga xos bo'lgan muammo emas. Amerikani 10 kundan beri zir titratayotgan to'qnashuvlardan boshqa dunyo davlatlari ham jiddiy saboq va xulosalar chiqarishlari kerak.

Abduvali SOYIBNAZAROV,
sharhlovchi

Boshqa xabarlar