Haftalik taassurotlari: «OSh» DEB ShAVLA TORTSALAR…

347

Shu yilning 2-8 iyun kunlari «Sevimli» telekanali orqali «Madaniy karantin» loyihasi doirasida «Xorazm madaniyati va san`ati» haftaligi tashkil qilingani san`atsevar xalqimiz uchun munosib tuhfa bo'ldi.

Tan olish kerak: poytaxtdan ancha olisdagi hududdan jonli ijrodagi konsertni elga armug'on qilish oson bo'lmagan, albatta. Shu ma`noda Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi va boshqa qator tashkilotlar vakillari karantin sharoitida xalqimizga xushnudlik baxsh etish maqsadida ko'rsatgan jonbozliklarini alohida qadrlaymiz. Ko'pchilikka manzur bo'lgan konsertlarning efirga uzatilishida «Sevimli» telekanali bilan birga Xorazmdagi «S Iqbol» teleradiokanali jamoasining ham xizmati katta.
Aytish mumkinki, konsertlar davomida ekranda berib borilgan xabarlar san`atkorlarning chiqishi ko'pchilikka manzur bo'lganini ko'rsatdi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Rahmatjon Qurbonov, Og'abek Sobirov, To'lqin Jabborov, «Nihol» mukofoti sovrindorlari Dilmurod Sultonov, Murod Qilichev, Bunyod Saidov hamda Hulkar Abdullaevaning muxlislari nafaqat respublikamizda, balki qo'shni davlatlarda ham ko'pchilikni tashkil qilishiga guvoh bo'ldik.
Xo'sh, san`atsevar xorazmliklarning o'zlari ushbu dasturlar haqida qanday fikrda?
– Konsertlarni yayrab tingladik, – deydi mehnat faxriysi Quvondiq Safarboev. – Har biri o'ziga xos. Ular bizning madaniy dam olib, hordiq chiqarishimizga yordam berdi. Sozandalarimiz kuylarni mahorat bilan ijro qilishdi. Xorazm maqomlari, yalla qo'shiqlari, zamonaviy estrada san`ati, xalq og'zaki ijodi namunalari barchaga ma`qul keldi, deb o'ylayman. Ushbu ­dastur mualliflariga, uni amalga oshirganlarga katta rahmat!
– Menga haftalikning oxirgi kunidagi dastur juda yoqdi, – deydi Shovot tumanidagi «Bo'yrachi» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Narimon Otajonov. – O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Og'abek Sobirov, maqom qo'shiqlarining mohir ijrochisi Azamat Otajonov ijrosidagi maqom-u suvoralarni eshitib dilimimiz yayradi. Dastur to'rt soatdan ziyod davom etdi. Agar u ­tonggacha davom etsa ham ekran qarshisidan jilmagan bo'lardik.
Ochig'i, konsertlardan ko'ngli to'lmaganlar ham yo'q emas, albatta.
– Dasturlardan muxlis sifatida ko'nglim to'lmadi, – deydi Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Xorazm viloyati bo'yicha mas`ul tashkilotchisi Muyassar Rahimova. – «Xorazm madaniya­­ti va san`ati haftaligi» haqida e`lon qilishganida juda ko'p narsadan ­umidvor bo'lgandim. Madaniyat va san`at keng qarmovli tushuncha. U faqat kuy-qo'shiq yoki raqsdan iborat emas. Deylik, ko'rsatuvlarning birida Xorazm viloyat teatri jamoasi sahnalashtirgan «Jaloliddin Manguberdi», «To'maris» spektakllaridan parchalar namoyish qilish mumkin edi. To'g'ri, ko'rsatuvlarning ayrim sonlarida viloyat qo'g'irchoq teatri jamoasi qatnashdi. Ammo, ularning chiqish­lari muxlislarni qoniqtiradigan darajada bo'lmadi. Qisqasi, haftalikka teatrlar ham jalb qilinsa, ayni muddao bo'lardi.
– Ushbu haftalikning Ichan ­qal`ada o'tkazilganini inobatga olsak, uni yanada jozibador qilib tashkil qilish imkoniyatlari ko'p edi, – deydi mehnat faxriysi Qurbonbika O'rozmetova. – Aytaylik, Hulkar Abdullaevaning konserti mashhur Islomxo'ja madrasasi oldida bo'lib o'tdi. Ushbu ­madrasa hozirda muzey. Shu muzeyga besh daqiqalik sayohat tashkil qilinsa, uni uyushtirishda Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasining hissasi borligi bilinardi. Zero, boshlovchi necha marta shu tashkilotga minnatdorchilik bildirmasin, ushbu idora vakillarining konsert uchun astoydil ter to'kishgani sezilmadi.
Ayrim yurtdoshlarimiz Xorazmda jonli ijroni «qiyib qo'yadigan» hofizlar ko'pligini, ammo ular konsertda ko'rinmagani, umuman, dasturga tor doiradagi san`akorlar taklif qilingani, oqibatda esa Xorazm san`ati bor bo'y-basti bilan ko'rinmaganini aytishdi.
Ha, fikrlar xilma-xil bo'lishi tayin. Zero, har kimning o'z qarichi, o'z didi bor. Ushbu ­dasturlarni tomosha qilgan muxlis sifatida mening ham ko'nglimdan qator fikrlar o'tdi. «Sevimli» telekanali jamoasining mehnatlari e`tirofga loyiq. Haqiqatan, katta loyihaga qo'l urilgan. Davlat byudjeti hisobiga kun ko'rib o'tirgan telekanallar amalga oshirishi mumkin bo'lgan loyiha ushbu telekanal tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Shuni ta`kidlash joizki, karantin kunlarida To'rtko'l tumanining «TTV» telekanali ham jonli ijrodagi konsertlar tez-tez efirga uzatib, Xorazm san`ati muxlislarini xushnud qilmoqda. Lekin «Sevimli»dan farqli o'laroq, ushbu telekanalda mumtoz ashulalarga, maqom va suvoralarga keng o'rin berilmoqda. Mashhur san`atkorlar bilan bir qatorda yosh iste`dodlar ham o'z imkoniyatlarini sinovdan o'tkazmoqda. Ushbu telekanaldagi jonli ijrodagi konsertlarning yana bir ustun jihati shuki, unda muxlislar xabar yozib, oila a`zosiga, yana kimlargadir salom yo'llamaydi, aksincha, san`atkorlarga turli tilaklar, savollar bilan murojaat qilishadi. Bu esa konsertning saviyasi tushishiga emas, oshishiga xizmat qilmoqda. «Sevimli» telekanalida efirga uzatilgan dasturdagi bachkana tabriklar tomoshabinlar ensasini qotirdi, deb o'ylayman. Agar o'sha xabarlar telekanalga daromad keltirayotgan bo'lsa, ularni shunchaki ekranda namoyish qilib o'tish kifoya edi.
«Xorazm madaniyati va san`ati haftaligi» doirasidagi eng katta xato – Xorazm san`atining onasi bo'lmish baxshichilik san`atining e`tibordan chetda qolgani bo'ldi. E`tibor qilgan bo'lsangiz, Og'abek Sobirov o'z chiqishida bunday sahnaga O'zbekiston xalq hofizi Farhod Davletov juda yarashishini aytib o'tdi. Jonli ijrodagi konsertlarga O'zbekiston xalq baxshilari Norbek Abdullaev, Qalandar Nurmatov, maqom san`atining mohir ijrochilari Ochilbek Matjonov, Otamurod Nurmatov, Anvar Bekjonov, Umidjon Rahimov va yana o'nlab san`atkorlar juda yarashgan bo'lardi. Bu san`atkorlar sahnaga chiqib olib, «mazam bo'lmayapti, ovozim bo'g'ilib turibdi…» deya o'zining aybini qanday yashirishni bilmaganlardan ko'ra ming chandon ustun edi. Ular xalqqa xushnudlik bag'ishlagan bo'lardi.
Xorazmda yana dunyoda o'xshashi yo'q xalfachilik san`ati ham bor. To'g'ri, Xulkar Abdullaeva ushbu yo'nalishda ashulalar ijro qildi. Ammo, xorazmlik asl xalfalar ashulani o'zlari akkordeon va doira chalib aytishadi. Buning jozibasi, tarovati butunlay boshqacha.
Hammaga ma`lumki, Xorazm hunarmandchiligi, gilamchiligi va minatyura san`ati yetti iqlimga doston. Konsertlar yozib olgan maydonlarda ularning ko'rgazlari ham tashkil qilishsa yaxshi bo'lardi, deb o'ylab yurgandim. Dasturning oxirgi kunida ginalarim andak aridi. Ko'rgazma tashkil qilindi. Biroq, hunarmandlarning mehnati baribir ochib berilmadi. E`tibor qilgan bo'lsangiz, shu kuni Samandar Hamroqulov hunarmandlar mehnatini ham, Nurillaboy saroyi tarixini ham ochib berishga harakat qildi. Ammo, qo'lida ma`lumotlar yo'qligi pand berdi.
Haftalik doirasida madaniyatimizning yuragi bo'lgan she`riyat hech kimning yodiga tushmadi. Vaholanki, Xorazmda Ogahiyning yuzlab izdoshlari barakali ijod qilishmoqda. Xorazmda yana iste`dodli rassomlar, haykaltaroshlar ham ko'p. Umuman, haftalikning har bir kuniga oxirgi kundagi kabi yondashilganda, muxlislarga yanada ko'proq ma`qul-u manzur bo'lardi.
Tashkilotchilar bu fikr-mulohazalarga javoban «karantin»ni bahona qilishlari mumkin. Ushbu haftalikni tashkil qilishda ko'plab tashkilotlar, insonlar ishtirok etgani, vaqt ham yetarlicha bo'lganligini inobatga olsak, bu bahonadek tuyuladi. Fikrlarimiz madaniyat va san`at haftaliklari ­boshqa viloyatlarda tashkil qilinganida inobatga olinsa, tadbirlarning «ismi jismiga mos» o'tishiga xizmat qilardi. Yo'qsa, ushbu ­dasturlarni shunchaki bir qancha san`atkorlarning konserti sifatida nomlash maqsadga muvofiq.
Zero, shavla «osh» deb tortiq qilinsa, uni ta`tib ko'rmasdan farqiga boradiganlar ham bor va ular ko'pchilik, axir!..

Muhabbat To'raboeva,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar