ILM UChUN JAHD-U JADAL

481

yoxud xalqchil siyosatning ustuvor yo'nalishlari

Dunyo odamzot uchun yaratilgan. Binobarin uni asrab-avaylash, jihozlash, zarur bo'lganda qutqarish ham odamzot va uning ezgu amallariga bog'liq. Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoevning BMT minbarida turib, «Ma`rifat va diniy bag'rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiyani qabul qilish to'g'risidagi taklifi, 2020 yilning «Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb nomlanishi shunday amallardan bo'ldi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayoti yangi yuksalish bosqichiga yo'naltirildi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Insoniyat bu yorug' olamda tinch-totuv, ahil-inoq yashashi uchun, eng avvalo, bir-birini to'g'ri tushunishi, hurmat qilishi, ilmiy ixtirolari samaralarini o'zaro baham ko'rishi, yer, suv va havoni toza saqlashi, yuzaga keladigan muammolarni aql-idrok, fahm-farosat bilan hal etishi zarur. O'zbekistonning dunyo hamjamiyati oldidagi ijtimoiy va ma`naviy nufuzi keyingi yillarda muttasil oshib borayotganining boisi ham shunda: biz ilm, fan taraqqiyotiga, yangi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishga, raqamli iqtisodiyotni yo'lga ­qo'yishga, yangicha dunyoqarashga ega bo'lgan kadrlarni tayyorlashga, muxtasar aytganda, ilm-ma`rifat yo'lini tutib, odamlarning turfa xil talab va ehtiyojlarini to'la qondirish, jamiyatning barcha a`zolari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, o'z hayotlaridan rozi bo'lib yashashlariga erishishni o'zimiz uchun bosh maqsad qilib belgiladik. Bundan to'rt yil avval boshlangan bu yo'l davlatimiz rahbari olib borayotgan yangi xalqchil siyosatning ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.
To'rt yil tarixan qisqa muddat. Ammo uning har kuni, har bir soati o'ziga xos mazmun-mohiyatga ega. Ichki va tashqi siyo­sat sohasida yangi sahifalar ochildi, yetakchi xorijiy davlatlar, birinchi nav­batda, qondosh va jondosh qo'shni mamlakatlar bilan do'stona aloqalar qayta tiklandi. Yo'llardagi sun`iy to'siqlar olib tashlandi, O'zbekiston rahbarining yaxshi qo'shnichilik, o'zaro ishonch va hurmat-ehtiromga asoslangan siyosati mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy hamda ma`naviy-madaniy hayotiga ijobiy ta`sir ko'rsatdi. Davlat-jamiyat-shaxs munosabatlari erkinlashdi. Har bir kishida, ayniqsa, yoshlarda amalga oshirilayotgan yangi islohotlarga bevosita daxldorlik tuyg'usi paydo bo'ldi, faol tashabbuskorlik kayfiyati yuzaga keldi. Aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash tizimi takomillashayotgani, yosh oilalar har jihatdan qo'llab quvvatlanayotgani, ularga, muhtoj va nogironlarga uy-joy berilayotgani dunyo miqyosida olganda ham yangilikdir.
O'zbekiston bugun davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovasion rivojlanish yo'liga o'tdi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki milliy taraqqiyotga erishishning boshqa samarali yo'li yo'q. Zamon shiddat bilan rivojlanib bormoqda, endilikda jamiyatga yangi fikr, yangi g'oya, yangi innovasion siyosat, yangi yetuk kadrlar zarur. Busiz ko'zlangan ulug' marralarga yetib bo'lmaydi. Bunday yo'lni tanlaganlar, shubhasiz, yutadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya va boshqa davlatlar ayni shu yo'lni tanlab, qisqa vaqt ichida mamlakat iqtisodiyotini yo'lga qo'ya olganlar.
Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish hech qachon eskirmaydigan, kun tartibidan tushmaydigan vazifa. Shundan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoev «Davlat xizmati to'g'risida»gi qonunni ishlab chiqish vaqti kelganini ta`kidladi. Ushbu qonunning qabul qilinishi, davlat tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, xalq bilan muloqot mamlakatda korrupsiya, poraxo'rlik, ta`magirlik kabi jinoiy xatti-harakatlarning oldini oladi. Davlat o'z xizmatchisining buguni, ertasi va, umuman, taqdiriga kafil ekan, bunday aynishlarga o'rin qolmaydi. Demakki, jamiyat hayotida ma`naviy tozarish jarayoni yuzaga keladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev davlatning funksiya va vakolatlari haddan tashqari markazlashib ketganini ro'y-rost aytib, bu usuldan voz kechish zarurligini uqdirdi. Chunki har qanday markazlashuv zamirida quyiga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati mavjud bo'ladi. Tuman hayotiga taalluqli oddiy muammoni markaziy idoralar orqali hal etish, buning uchun qanchadan-qancha qog'oz qoralash, navbat kutish, imzo qo'ydirish, dimog'dor «to'ra»larning qabulxonalarida sarg'ayib o'tirish jamiyatning bugungi darajasiga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.
Har bir yil o'z o'tmishdoshidan farq qiladi. Xuddi shunday, dunyo ham kechagi dunyo emas. Muhim strategik chorrahalarda turfa darajadagi davlatlar manfaatlarining o'zaro to'qnashuvlari kuzatilmoqda. Uning zamirida tabiiy boylik, mo'may xomashyo zaxiralari tasarrufini qo'lga kiritish, o'zga xalqlarning asrlar davomida shakllangan turmush tarzi va milliy qadriyatlarini «zamonaviylashtirish», yoshlarni befarqlik, mas`uliyatsizlik kasaliga mubtalo qilish, milliy madaniyat asoslarini olomon madaniyatiga almashtirish maqsadi yotadi. Mafkuraviy xuruj ko'rinmas ofat yanglig' xalq, millat hayotiga qo'ng'iroq chalmay kirib keladi, chuqur ildiz otadi, odob-axloq qoidalarini yemiradi, ong-shuurda xiyonat va sotqinlikka mayl uyg'otadi.
O'zbekiston bugun ilm, fikr jamiyatiga aylanmoqda. Uyg'oq fikr davlat va jamiyatni harakatda, kurashda, izlanishda, demakki, rivojlanishda ushlab turadi. Fikrlar xilma-xilligi milliy taraqqiyot yo'llarini ochadi. Fikr mudray boshlasa, unga ehtiyoj susaysa, jamiyat ham mudray boshlaydi. Abu Homid G'azzoliyning quyi­dagi fikriga e`tibor bering: «Sunnatda bir soat fikr qilish bir yillik nafl ibodatidan yaxshidir. Allohning kitobida ham tadabbur va e`tibor, mulohaza va tafakkur xususida ko'p targ'ib­lar bor. Fikrning nur kaliti va fahmlash ibtidosi ekani sir emas. U ilmlarni ovlaydigan to'rdir…».
Ilmlarni egallashdagi sustkashlik, beparvolik xususida ko'p va xo'b yozilgan. Abdulla Qodiriyning «Ahvolimiz» she`rida o'qiymiz:
Ko'r bizning ahvolimiz, g'aflatda
qanday yotamiz,
Joyi kelgan chog'ida vijdonni
pulga sotamiz.
O'g'limizga na adab, na fan,
na yaxshi so'ylamak,
Na Xudoni buyrug'i bo'lgan ulum
o'rgotamiz.
Qornimiz shundan iborat bo'ldi
ushbu chog'ida,
O'ntadan bedona boqib, yozu qish
sayrotamiz.
Hamda har kun takyalarda nasha,
ko'knori chakib,
Bachchaga kokil solib, oh-voh
bilan o'ynotamiz.
Kelingiz, yoshlar, ziyolilar, bu kun
g'ayrat qiling,
Uxlaganlari agar Qodir esa,
uyg'otamiz.
Taniqli mutafakkir Ismoil Gasprinskiy «Tarjimon» gazetining 1883 yil 15-sonida e`lon qilingan «Mehnat va taraqqiyot» nomli maqolasida kuyunib yozgan edi: «Muallimlik (bizda) ­qadrsiz, sharafsiz. Maktablar nochor. Madrasalar nochor. Londonga boring-da, birinchi duch kelgan maktabga kiring: 10-12 yoshlik bolalarning fikr-qarashlari qanaqa? – Bizdagi qirq yoshlik kishilardek fikrlaydilar. Bir necha til o'rganadilar, yetti-sakkiz fan o'qiydilar… Maktabda ilm o'rgatiladi. Ko'chaga chiqsangiz, oddiy odamlar huquq va falsafa, ijtimoiyot va siyosat haqida shunday fikrlaydilarki, hayron qolasiz. Kutubxonalarda xilma-xil tillarda millionlab kitoblar… Fab­rika-zavodlarga kirgudek bo'lsak, unda ko'rganlarimiz biz uchun oxirzamonning naqd o'zi: besh yuz yillik eman qalinligidagi ma`danni yog'day kesadilar, ming pudlik temir cho'kich uni dazmollab, inja (nafis) tunukaga aylantiradi. Inglizlar bunga mehnat va bilim tufayli erishdilar…».
Bunday ayanchli ahvolni Tavallo juda o'xshatib hajv qiladi:
Ovrupo ahli, siz quloq tutingiz,
Biz hunarlar yozub tonushtiramiz.
Kelturung zanbarak, qurol
necha xil,
Bizni sobqon bila otushtiramiz.
Aftomobil arobangiz qayda,
Ho'qand arba bilan chopushtiramiz.
Biz bilurmiz, siz to'g'ri
so'zni(ng) quli,
Lek biz yalg'onlar qotushtiramiz.
Do'stni dushman etub, solib ig'vo,
Gap toshub o'rtaga choqushtiramiz.
Shunday bo'ladiki, hayotimizda, turmush tarzimizda mavjud ayrim kamchiliklar, fe`l-atvorimizdagi nuqsonlar, tarbiyaning buzilayotgani, beparvolik, tanballik, o'zimbo'laychilik kayfiyatlari xususida gap ochilsa, ko'plar bularning hammasiga bugungi «alg'ov-dalg'ov, ur ketdi, sur ketdi» zamon aybdor dey­di. Zimmasiga hech nima olmaydi. Aslida-chi? Bu savolga shoir Tavallo o'z vaqtida g'oyat o'rinli javob bergan:
Teskari demang, zamon, bizning
yurishlar teskari,
Eldin ibrat olmayin, bizda
turishlar teskari.
Yo'q demang, bizda muharrir, shoir,
ey, ahboblar,
«Oy yuzungdan, voy ko'zungdan»
deb yozishlar teskari.
O'zgalar tong otmayin maktabga
yuzlanganida,
Tushgacha uyg'onmayin bizda
yotushlar teskari…
«Taraqqiy topgan millatlar erta tongda saf-saf bo'lib, ilmu ma`rifatga yo'l tutsalar, biz to'da-to'da bo'lib oshga chopamiz», deydi Fitrat domla. Shoir Mis­kinning quyidagi misralari yanada ta`sirchan:
«Ilmsizlikdan bo'lur bo'lsa qayu
millat xarob,
Ilmsizlikdan kelur
millatga kelsa har azob.
Ilmsizlikdan qilur cho'x g'ayrilar
bizga itob,
Ilmsizlikdan erur to'ti uyi
joyi g'urob,
Ey musulmonlar, bizim sizdan bu
odat istariz,
Ilm uchun jahdu jadal qilmoq
davomat istariz.
Barcha millat ichra bizlar ilm
uchun muhtojmiz,
Ilmsizlikdan mudom muztar o'lub,
qallochmiz,
To'ydilar begonalar ilm ila,
bizlar ochmiz,
Ilm bog'ida hama bulbul esa,
qashqochmiz,
Ey musulmonlar, bizim sizdan bu
odat istariz,
Ilm uchun jahdu jadal qilmoq
davomat istariz…».
XX asr boshlarida «Ilmsizlik millatni oxir-oqibat xarob qiladi, el-yurt boshiga neki azob, neki xaroblik kelsa, bilingki, bu – ilmsizlik oqibatidir. Bosh­qalar ilm bulog'idan bahramand bo'lib, to'yib turganlarida, biz och-yalang'och o'tiribmiz. Bas, biz ham ilm olishga jahd-u jadal qilaylik, ilm bog'ida bulbuldek sayraylik. Umr behuda o'tib ketadi, choyxona-yu mayxonani makon aylab, yonboshlab yotavermaylik. Olim-u fozillar bois, din-u millat obod bo'lg'ay», deya o'z vatandoshlarini ilm ziyosiga da`vat etgan Miskin domlaning bu iztirobli ­satrlari hamisha yodimizda bo'lishi kerak.
Bugungi murakkab sharoitda har bir davlat o'zi ko'zlagan maqsad sari intilar ekan, ilm-fan yutuqlaridan g'oyat samarali foydalanishga harakat qilmog'i lozim. Mutafakkir bobolarimiz ayni shu haqiqatni ko'p bor takrorlashgan. Bugungi kunlarimizning eng yorqin voqealaridan biri davlatimiz rahbarining ilm-fan rivojiga alohida e`tibori desak, mubolag'a bo'lmaydi. Deyarli falaj ahvolga tushib qolgan Fanlar Akademiyasi tomirlariga jon kirdi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, akademiya tarkibida qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar tashkil etildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarining soni sezilarli darajada oshdi, nufuzli xorijiy o'quv yurtlarining filiallari ish boshladi, kechki va sirtqi bo'limlar tiklandi. Umrini ilm-fan taraqqiyotiga bag'ishlagan muhtaram olimlarimizga e`tibor kuchaydi, «Ustoz-shogird» maktablari faoliyati yo'lga qo'yildi. Oliy o'quv yurtlari rahbarlariga ma`lum mustaqilliklar berildi. Eng muhimi, «kvota» degan to'siq bekor qilindi. Faqat futbolda emas, ilmiy yo'nalishda ham o'ziga xos «seleksiya» bilan shug'ullanish, iqtidorli yoshlarni imtiyoz asosida o'qishga qabul qilish topshirig'i berildi. Hududlarda Prezident maktablari tashkil etildi. Ijodkorlarni qo'llab-quvvatlovchi «Ilhom» jamoat fondining tashkil etilishi, madaniyat va san`at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida «Do'stlar klub­lari» faoliyat boshlagani, «Adiblar xiyoboni» yangidan qad rostlagani ham quvonchli voqealar safidan joy oldi. Muhimi, vatandoshlarimizda O'zbekis­tonning ertangi yanada yorug' kunlariga ishonch mustahkamlandi.

Ahmadjon MELIBOEV,
O'zMU dosenti

Boshqa xabarlar