Bog'dan turib berilgan savollarga tog'dan javob berasizmi?

878

ochiq xatga Xalq ta`limi vazirligi tomonidan berilgan javoblar xususida

“Ishonch” gazetasining 2020 yil 30 maydagi 54-55 sonida xalq ta`limi vaziri Sh.Shermatovga “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam…” deb nomlagan ochiq xatimiz e`lon qilingan edi. 2020 yilning 25 iyun kuni ushbu ochiq xatga vazirlik huzuridagi Respublika ta`lim markazi direktori Sh.Sattorov imzosi bilan javob xati yo'llanibdi. Avvalo, mutasaddilarga murojaatimizni bee`tibor qoldirmaganliklari uchun o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Javoblar bilan tanishish asnosida ayrim mulohazalar ham tug'ildiki, ular haqida aytmasak bo'lmas.

Birinchidan, ochiq xat shaxsan xalq ta`limi vaziriga yozilgan bo'lsa-da, rasmiy javob xati negadir boshqa bir mas`ul shaxsning imzosi bilan chiqarilgan. Vazirlarning vaqti nihoyatda tig'iz, ishi haddan ziyod ko'p bo'lishini yaxshi bilgan va tushungan holda respublikaning nufuzli ommaviy axborot vositasi orqali e`lon qilingan ochiq xat xodimlar tomonidan tayyorlansa-da, shaxsan murojaat etiluvchining o'zi imzo qo'yishi va berilayotgan javoblar bilan qiziqishi, bizningcha, xizmat etiketiga muvofiq bo'lardi.

Ikkinchidan, ochiq xatga javob berish muddati o'n kunga kechiktirilgan. Javob xati shunchalik xafsalasizlik bilan yozilganki, hatto unda ochiq xat e`lon qilingan sana ham 2020 yil 10 iyun, gazetaning soni esa 58-son deb noto'g'ri ko'rsatilgan.

O'zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunining 28-moddasida idora va tashkilotlar murojaat kelib tushgan sanadan boshlab “o'n besh kun ichida, qo'shimcha o'rganish va (yoki) tekshirish, qo'shimcha hujjatlarni so'rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo'lgan muddatda” ko'rib chiqilishi belgilab qo'yilgan. Xalq ta`limi vazirligi va uning tarkibidagi tashkilotlar ushbu qonun bilan o'zlarining e`tiroflari bilan aytganda “yaqindan tanishib chiqishlari maqsadga muvofiq bo'lardi”.

Qonunga muvofiq murojaatni ko'rib chiqish muddati bir oyga qadar uzaytirilgan taqdirda ham bu haqda tahririyat yoki ochiq xat muallifi yozma ravishda ogohlantirilishi shart edi. Ammo vazirlik mutasaddilari buni yo bilmaganliklari yo pisand qilmaganliklari bois e`tiborga olmadilar.

Uchinchidan, maqola tarzidagi murojaatlarimizni shu paytgacha vazir bee`tibor qoldirishiga yoki kechikib javob qaytarishiga o'rganib qolganmiz. Azbaroyi, ochiq xat bo'lganligi uchun berilishga majbur bo'lingan javoblardagi mantiqsizlik ham kishini taajjubga soladi. To'g'risi, ochiq xatga bunchalik loqaydlik va bepisandlik bilan javob yoziladi, deb o'ylamagandik.

Xususan, hozirgi kunda ta`lim sifati va samaradorligi, darsliklar mazmuni haqida bildirilgan mulohazalarga Xalq ta`limi vazirligi tomonidan “Umumiy o'rta ta`limning Milliy o'quv dasturi” ishlab chiqilayotganligi, dasturning maqsad va vazifalari, mazmun-mundarijasi to'g'risida so'z yuritilib, uni joriy etish ta`lim sifatini yangi bosqichga ko'tarishi javob sifatida qayd etilibdi.

Bizningcha, bunday taxmin qilishga hali ancha ertaligini “Milliy o'quv dasturi” bilan tanishib chiqqan mutaxassis darhol anglaydi. O'quv dasturining kirish qismida qilingan shakliy o'zgarishlarni hamda “Adabiyot”dan deyarli har bir sinfda hadislardan namunalar kiritilganligini hisobga olmasa, milliy dastur amaldigisidan deyarli farq qilmaydi. “Adabiyot” fani o'quv dasturiga hadislarni kiritishdan avval yangi joriy etilgan “Tarbiya” fanining mazmun-mundarijasi bilan qiyosiy o'rganish zarur edi. Hadislarning tarbiyaviy ahamiyati katta bo'lsa-da, ularni so'z san`ati namunasi sifatida adabiyot darsliklariga kiritilishi qanchalik to'g'ri bo'lishini avval mutaxassislar bilan maslahatlashish lozim.   

Ochiq xatdagi huquqiy-normativ hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta`limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to'g'risida”gi qarori loyihasi haqidagi jiddiy e`tirozlar deyarli javobsiz qoldirilgan.  Mentor lavozimini joriy etish bo'yicha bildirilgan e`tirozlarga berilgan javobni o'zgarishsiz e`tiboringizga havola etishni lozim topdik: “mentor so'zi metodist so'zining sinonimi hisoblanadi va uning vazifasi metodistning vazifasidan kengroq. Bugungi kunda metodist ma`lum bir fanni o'qitish metodikasi bo'yicha mutaxassis hisoblanadi. Mentor – bu ishning samarali usullarini biladigan, o'qituvchini mustaqil o'rganishga yo'naltira oladigan, fanni o'qitishni rivojlantirishga, ta`lim mazmunini yaxshilashga javlb qiladigan mutaxassis”.

Mentor so'zi metodist so'zning sinonimi bo'lsa, uni o'zgartirishdan ne naf? “Mentor” mazmunan “metodist” so'zi bilan deyarli bir xil ma`noni ifodalar ekanu, vazifasiga kelganda esa kengayib qolarkanmi?

Agar masala javobdagi tarzda tushuniladigan bo'lsa, shu paytga qadar metodist sifatida faoliyat yuritgan xodimlarning mehnatini yerga urgan bo'lamiz. Chunki xalq ta`limi tizimida metodistlar o'z sohalari bo'yicha mentorga nisbat berilayotgan barcha ishlarni, hatto undan ko'ra ko'prog'ini bajarib kelishgan.

Muqobil darsliklar va ularni yaratish mexanizmi shu holatda yaroqsiz ekanligi haqidagi tanqidlarga berilgan javob hammasidan taajjublanarli. Savollarimizga javob topish uchun hurmatli mutasaddilar Vazirlar Mahkamasining “Umumta`lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o'tish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida” 2019 yil 5 apreldagi 281-son qarori bilan tasdiqlangan “Muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish to'g'risida”gi nizom bilan yaxshilab tanishib chiqishni tavsiya qilishibdi. Koshki hurmatlilar shu Nizom va muqobil darsliklarni yaratuvchi mualliflar guruhi uchun ishlab chiqilgan yo'riqnoma bilan tanishib chiqqanimiz uchun ham bizda ochiq xatda qayd etilgan mulohazalar paydo bo'lgan va e`tirozlar uyg'onganini tushunsa?! Tavsiyaga amal qilib Nizom bilan qayta-qayta tanishib chiqsak, mazmun o'zgarib qolarmikin yoki javobi yo'q savollarga jo'yali javob topilib qolarmikin?

Ona tili fani uchun ajratilgan soatlarning qisqartirilishi bo'yicha keltirilgan vajlar ham qumdan qurilgan qal`adek omonat. Javobda qayd etilishicha, O'zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018 yil 27 aprelda “Umumiy o'rta ta`lim maktablarida ta`lim olish sharoiti va tashkil etilishiga qo'yiladigan sanitariya-epidemiologik talablar”ga o'zgartirish kiritilib, 0341-16 (1)-son Sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari tasdiqlanibdi. Juda soz, biz ham o'quvchilarning haftalik yuklamalari me`yordan ortib ketishiga qarshimiz. Lekin o'sha hujjatda ortiqcha yuklama faqat ona tili va adabiyot fanlarini qisqartirish hisobidan amalga oshirilsin, degan qoida belgilab berilmagan bo'lsa kerak?! Ona tili va adabiyot fanlarini qisqartirish masalasida hozirgi kunda urfga kirgan usuldan unumli foydalanilgan: xorijiy mamlakatlar tajribasidan misol keltirilgan. Ayrim o'z fikri va argumentlarini asoslay olmaydiganlar uchun xorijiy mamlakatlar tajribasini ro'kach qilish vaziyatdan chiqishning qulay usuliga aylangan bo'lsa-da, ta`limda ko'r-ko'rona ko'chirish, xorijiy tajriba ekan deb ergashib ketaverish o'zini oqlamasligini yana bir bor ta`kidlamoqchimiz. Ona tili soatlarini o'qitishda har bir davlat o'z milliy tilining xususiyatlarini, murakkablik darajasini hisobga olishi, bu borada islohot qilishdan oldin tajriba-sinovdan o'tkazishi kerak.

Xalq ta`limi vaziri chiqishlaridan birida bunga quyidagi izohni ham berdi: “Hamma maktabda o'qigan. Bizda grammatika masalalari juda ko'p va ona tilini o'qitish qiyin. Ko'rib turganingizdek, buning natijasida hamma tomon savodsizlik bo'lib ketdi. Bizning maqsadimiz songa emas, sifatga e`tibor qaratish. Butun dunyoda ham tendensiya bor. Ingliz tilini ham qarang, Shekspir davridagi inglizcha she`rlarni hozir o'qib tushunmaysiz. Ular ham hozir ingliz tilini soddaroq qilib ishlatish yo'nalishidan ketmoqda. Biz ham sekin-sekin ona tilini sodda va ravon ishlatishga o'tishimiz kerak. Bunda grammatikadan ko'ra amaliy ko'nikmalarga, ya`ni gapirish, eshitish va yozishga ko'proq e`tibor berishimiz kerak. Keyinchalik esa kirish imtihonlarida ham shu ko'nikmalar asosida imtihon olish darajasiga chiqishimiz kerak”. “Bizda grammatika masalalari juda ko'p”ligi, “hamma tomon savodsizlik bo'lib” ketganligi ona tili va adabiyot fani soatlarini qisqartirish uchun asos ham, yechim ham emas. Bilimsizlik va savodsizlikni muammosini aynan ona tili fanining qisqartirish orqali hal etishga urinishning o'zi mantiqsizlik emasmi? Yoki vazir janoblarining ona tilini sodda va ravon ishlatish to'g'risidagi e`tiroflarini bemisl qudrat deb ta`rif etilgan tilni kambag'allashtirish, uning beqiyos ta`sir kuchini asta-sekin o'ldirish, faqat oddiy muloqot vositasiga aylantirish deb tushunish kerakmi? 

Vazirimizning javoblari va javob xatidagi quyidagi jumlalar mutasaddilarning ona tili bo'yicha bilimlarini oshirish kerakligini ko'rsatadi: “O'quv dasturlarini chuqur tahlil qilish natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy ma`lumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yo'naltirilgan mavzular o'quv dasturlaridan qisqartirildi”.

Tushunishimizcha, ushbu o'rinda xat mualliflari nutq jarayonida va o'quvchining kundalik faoliyati uchun zarur bo'lmagan qoidalar, grammatikaga oid murakkab, shuningdek oliy ma`lumotli filolog mutaxassislarni tayyorlash uchun mo'ljallangan ilmiy mavzular ona tili fani o'quv dasturidan chiqarildi, demoqchi bo'lishgan. Lekin grammatik va uslubiy jihatdan noto'g'ri shakllantirilgan jumla fikr saktaligini vujudga keltirgan.

Ochiq xatimizda ko'tarilgan boshqa masalalar esa javobsiz qoldirilgan. Xulosa qilib aytganda, murojaaatchi sifatida Xalq ta`limi vazirligining javobidan qoniqish hosil qilmadik. Mazkur qoralama yana javob olish maqsadida yozilmayotganini qayd etgan holda, keng jamoatchilikdan ta`lim tizimidagi muammolarga befarq bo'lmaslikni so'raymiz. Zero, ertangi kunimiz, kelajagimiz ta`lim tizimi qay darajada yo'l qo'yilganligi, uning mazmuni va sifatiga bog'liq.

Shahnoza Ergasheva,

filologiya fanlari nomzodi 

Boshqa xabarlar