«O'zekspomarkaz»da xalqaro ko'rgazma

1,043

«O'zekspomarkaz» milliy ko'rgazmalar majmuida an`anaviy «O'zbekis­ton neft va gazi – 2018» va «Energetika, energiya ta`minoti, energiyaning muqobil manbalari – 2018» xalqaro ko'rgazmalari ochildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shafeligi hamda «O'zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati, «Iteca Exhibitions» xalqaro ko'rgazma kompaniyasi, «O'zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko'rgazmalarda mahalliy va xorijlik kompaniyalar o'z mahsulotlari va xizmatlarini namoyish etmoqda.
Yurtimizda neft-gaz tarmog'ini yanada rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, gaz, polietilen va qayta ishlangan neft mahsulotlarining yirik eksportchisi bo'lgan mamlakatimizda qulay sarmoyaviy muhit yaratish bugungi kun talabidir. Shu bilan birga, sohada modernizasiya ishlari ko'lamini kengaytirish, ishlab chiqarish samaradorligi va ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish katta o'ringa ega. Bunda an`anaviy tashkil etilayotgan «O'zbekis­ton neft va gazi» ko'rgazmasi muhim ahamiyat kasb etadi.
— Mamlakatimizda neftning qayta ishlanishi, avtobenzin, dizel yoqilg'isi, mazut, neft moylari, bitum, aviakerosin ishlab chiqarilishi xorijlik sarmoyadorlarning e`tiborini tortadi, — dedi Avstriyaning «Eriell» korporasiyasi tenderlar bo'yicha departamenti boshlig'i To'lqin Yusupov. — Buni ko'rgazmada ishtirok etayotgan xorij kompaniyalari soni yildan-yilga ortayotganida ham ko'rish mumkin. Ko'rgazmada O'zbekiston, Xitoy, Avstriya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Rossiya, Singapur, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Shveysariya kabi mamlakatlardan kompaniya va firmalar qatnashmoqda. Bizning korxona neft va gaz quduqlarini burg'ulashga ixtisoslashgan. Maxsus uskunalarimiz 1500-6700 metrgacha bo'lgan chuqurlikda burg'ulash imkoniyatiga ega.

— Mamlakatingiz barcha sohalar, jumladan, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanmoqda, — dedi «GMS» guruhi tarkibidagi «GMS Kompressorы» biznes tuzilmasining marketing bo'yicha direktori A.Panasova. — Yurtingizda ish yuritish uchun barcha zarur sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Bu nafaqat mahalliy, balki xorijlik ishbilarmonlarga katta qulaylikdir.
«Energetika, energiya ta`minoti, energiyaning muqobil manbalari — 2018» xalqaro ko'rgazmasida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, issiqlik bilan ta`minlash sohasidagi ishlanmalar, uzatish va taqsimlash uskunalari, muqobil energiya manbalari, issiqlik, energiya, gaz, suv hisobini yuritish va nazorat qilish asboblari kabi mahsulotlar qo'yilgan.
Unda O'zbekiston, Xitoy, Italiya, AQSh, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Qozog'iston kabi mamlakatlar kompaniya va firmalari o'z mahsulot va xizmatlarini namoyish etmoqda.
— Ko'rgazmada birinchi bor ishtirok etmoqdamiz, — dedi Xitoyning «Honle» kompaniyasi vakili Gao Peng. — Maqsadimiz — o'zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish. Buning uchun ishtirokchilar e`tiboriga 6 turdagi mahsulotlarimizni taqdim etdik.
Ko'rgazma doirasida «Jahon iqtisodiyotiga integrasiyalashuv — O'zbekiston neft-gaz tarmog'i rivojining yangi yo'nalishi» mavzuida xalqaro anjuman ham tashkil etildi.
Ko'rgazmalarning ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Nodir Otajonov so'zga chiqdi.

Nasiba ZIYoDULLAEVA,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar