Noyob ohanglar tarovati

632

Tantanali ravishda o'tkazilgan Forumning ochilish marosimi chog'ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutlab, bundan ko'zlangan asosiy maqsad jahon xalqlarining musiqiy xazinasiga aylangan maqom san`atini ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish ekanini alohida ta`kidladi.
San`at ustalari tomonidan tayyorlangan dasturda xalqimizning sevimli san`atkorlari bebaho merosimiz sanalgan «Shashmaqom» namunalarini ijro etishdi.
Farg'ona-Toshkent, Buxoro, Xorazm maqom san`ati maktabi ijrochilari tomonidan taqdim etilgan «Sarahbori buzruk», «Sarahbori Dugoh», «Chor zarb mavragi», «Katta suvora», «Safti suvora» ashulalari anjuman ishtirokchilari tomonidan zo'r qiziqish bilan qarshi olindi.
Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, anjumanda ko'plab san`at jamoalari va maqom dastalari o'z mahoratini namoyish etmoqda. Ular tomonidan tayyorlangan turli teatrlashtirilgan tomoshalarda xalqimizning boy tarixi, madaniyati, o'lmas san`at namunalari haqida lavhalar o'z aksini topgan. Milliy hunarmandchilik mahsulotlari, dorbozlar san`ati, turli folklor dastalarining tak­rorlanmas chiqishlari jahonning yetmishdan ortiq davlatidan kelgan mehmonlar e`tiboriga havola etilayotir.
— Sobiq sho'rolar davri ta`sirida o'zligimizni yo'qotib qo'yayozgan edik. Bugungi san`at anjumani milliy merosimiz, liboslarimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, o'zligimizni qaytarib berishga bemisl hissa qo'shadi. Qarang: bu yoqda momo nevarasiga gilam to'qishni o'rgatmoqda, bu yoqda kulol o'g'illari bilan loyni pishitib, ko'za yasayapti. Bu yoqda esa mohir usta otlarga egar yasash bilan mashg'ul. Duradgor esa dutor yasab, milliy cholg'ularimizni kelajak avlodga yetkazishni maqsad qilgan, — deydi shahrisabz­lik san`at muxlisi Sayfulla Nazarov.
Yuraklarga hayajon va faxr ulashadigan bunday lavhalarni nafaqat xorijliklar, balki xalqimiz ham katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

Anjuman ishi haqida bir guruh xorijlik nufuzli mutaxassislar o'z taassurotlarini bildirishdi.
Magdalina VALDIVIA, san`atshunos (Meksika):
– Sharq xalqlarining mumtoz san`atiga qiziqishim nihoyatda baland. «Ellarni tillar emas, kuy birlashtiradi», deganlari rost. Buni maqom misolida his qilmoqdaman. Undagi har bir ashula va musiqada o'ziga xos noyob ohang, kishiga ruhiy quvvat beruvchi kuch mujassam.
Dmitriy TOPERMAT,
sozanda (Isroil):
— Otam menga O'zbekis­ton haqida juda ko'p ma`lumotlarni aytib bergan. O'zbek san`ati ustalari ijodidan yaxshi xabardorman. Turg'un Alimatovning tanbur va sato asbobida ijro etgan musiqiy asarlarga g'oyibdan shaydo bo'lganman.
Xalqaro maqom san`ati anjumanining ochilish marosimida o'zbek mumtoz san`ati ustalari ijodini jonli tarzda kuzatib, juda hayajonlandim. Munojot Yo'lchievaning ijrosini ko'rish orzum edi. Niyatimga erishdim. Hayratlarim bir olam.
Buxoro va Xorazm maqom san`ati ustalari ijro etgan ashulalar, maftunkor milliy liboslar kiygan raqqosalar ijrosidagi dilbar raqslar ham qalbimni g'oyat to'lqinlantirdi. Bundan tashqari, mazkur anjuman tufayli Sohibqiron Amir Temur tug'ilib o'sgan go'zal Shahrisabz bilan tanishish imkoni tug'ildi.
Ishonchim komilki, ushbu anjuman dunyo san`atiga, shuningdek, o'zbek turizmi rivojiga katta hissa qo'shadi.
— 31 yil shifokorlik sohasida ishladim, — deydi Toshkent shahrining «Durdona» xalq folklor ansambli xonandasi Qo'ziboy Bekjonov. — O'zim asli Xorazmdanman. Komiljon Otaniyozovning shogirdi ekanimdan faxrlanaman. Ansamblimiz 2006 yilda turli kasb egalari bo'lgan san`atsevarlardan tashkil topgan. Ko'plab xorijiy davlatlarda bo'lib o'tgan ko'rik-tanlovlarda qatnashib, sovrindor bo'lganmiz. Ammo Shahrisabz­dagi tadbirning tarovati va shukuhi boshqacha. Mazkur xalqaro anjuman ularning hech birini takrorlamaydi.
— «Chiroqchi chiroqlari» ansambli a`zosiman, — dey­di Oybek Tojiev. — Repertuarimizdan xalq qo'shiqlari, laparlar, termalar keng o'rin olgan. Xorijdan kelgan mehmonlar momolarimiz chanqovuz chalganda, xalq ijodidan namunalar ijro etganimizda raqsga tushib ketishyapti. Bu unutilmas lahzalardir va ular bizni yangi izlanishga undaydi.
— Milliy musiqa merosimizni avlodlarga yetkazish yo'lida katta islohotlar bosh­landi, — deydi O'zbekis­ton xalq artisti Munojot Yo'lchieva. — Bu yo'lda kamarbastalik qilish esa ulkan vazifamizdir. Aslida maqom ashulalari inson qalbini yoshartirib, ruhini pok­laydi. Masalan, mumtoz adabiyotning yetuk vakillari Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy va boshqa ajdodlarimizning yaratgan ijod namunalarida umr falsafasining go'zal ifodasi, chuqur mazmun-mohiyatga ega bebaho ma`naviy o'gitlar mujassam. Ushbu asarlarni kuyga solib, uning sehrini qalblarga tarannum etish baxti esa maqom ijrochilariga nasib etgan, deb ko'ksim to'la g'urur bilan ayta olaman. Zotan, musiqa inson ruhiyatining nozik xilqatlarida chechak ochadi, bu chechakning bog'boni esa ilohiy iste`dodga ega hofizlar bo'lib, ularning ijro mahorati ila betakror ijod mahsuli yaraladi.
Shu o'rinda ta`kidlash joizki, anjumanning xalqaro doirada o'tkazilishi maqom san`ati rivoji uchun juda katta imkoniyat yaratishi shubhasiz. Zero, u milliy musiqa an`analarini saqlab qolish, ularni butun dunyoga tarannum etishga xizmat qiladi.
…Muazzam Oqsaroy maydoni cholg'u-sozlar sehri va takrorlanmas maqom ijrolari og'ushida. Dillarni dillarga, ellarni ellarga bog'laydigan, qalblarni ezgulik yo'lida birlashtiradigan yirik san`at anjumani tafsilotlari hali yana kengayadi.

Akmal ABDIEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar