Mehmonxona nufuzi ko'rsatilayotgan xizmatlar sifati bilan belgilanadi

668

«Ichan qal`a» devorlari bo'ylab besh daqiqa piyoda yursangiz, shundoq yonboshda «Shams Xiva» mehmonxonasiga ko'zingiz tushadi. Ikki qavatli, G'arb va Sharq uslublarini o'zida mujassam qilgan bino O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan ­bunyod etilgan bo'lib, ikki yildan buyon mehmonlar xizmatida.

Ostona hatlab ichkariga kirishingiz hamon o'zbek milliy kiyimlari, matolari, suvenirlari, milliy qahramonlarimiz siymolari aks etgan chinni buyumlar, kulolchilik mahsulotlari diqqatingizni tortadi. O'zingizni xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilasiz. Xohlasangiz, hujjatlar to'ldirilgunga qadar zamonaviy, yumshoq mebellarda orom olishingiz mumkin. Bu uncha ko'p vaqt olmaydi. Sizni hurmat bilan xonangizga bosh­lashadi. 30 o'rinli mehmonxonada 2 ta bir kishilik, 10 ta ikki kishilik, 4 ta lyuks xonalar mavjud bo'lib, ularning barchasi keng va yorug'. Devorlarga asabni tinchlantiruvchi, ruhiyatni ko'taruvchi gulqog'ozlar yopishtirilgan. Pardalar xona jihozlari bilan uyg'un kompozisiya hosil qilgan. Evropa andozalariga mos divanlar, mini-bar, choy ichish yoki gazeta-jurnal mutolaa qilish uchun stol va stullar, shkaf, sputnik antennali televizor, muzlatgich va kondisioner o'rnatilgan, telefonlar WI-FI tizimiga ulangan. Har bir xonada alohida vanna. Yo'laklar va xonalarga Xiva gilamlari to'shalgan.
Xorijlik yoki mahalliy sayyoh bu yerda o'zbekona mehmondo'stlikning barcha ko'rinishlaridan bahramand bo'lishi mumkin. Shirin muomala, xona xizmati, ertalabki nonushta, dazmollash xizmatlaridan tashqari tansport, sayrbon topib berishda ham jamoa bajonidil ko'maklashadi. Bu yerda faoliyat ko'rsatuvchi xodimlarning deyarli barchasi ingliz va rus tillarida ravon gaplasha oladi.
– Xodimlarimizga bizning mehmonxonamiz jahondagi eng yaxshi mehmonxonalardan biri bo'lishi kerak, sayyohlar xotirasida bu yerda o'tkazgan kunlari bir umr yodda qolsin deb ko'p takrorlayman, – deydi yosh va intiluvchan boshqaruvchi Nodirbek Matyoqubov. – Hozirda nafaqat mamlakatimizdagi, balki xorijiy davlatlardagi sayyohlik firmalari bilan ham mustahkam aloqa o'rnatish choralarini ko'ryapmiz.
Mehmonlarga hurmat-ehtirom, ayniqsa, nonushta tayyorlash jarayonida yaqqol ko'zga tashlanadi. Ko'pincha milliy ruhdagi taomlarni so'rashadi. Shu bois sutli mahsulotlar, quymoqlar bilan birgalikda murab­bolar, gumma va somsalar ham taqdim etiladi.
– Oddiy bir o'xshatish. Uyingizga mehmon kelsa, nima qilasiz? Avvalo, uni eng chiroyli xonangizga boshlaysiz. Eng sifatli idishlarda tansiq taomlar tortiq etasiz. Oila a`zolaringizning eng yaxshi fazilatlarini ko'rsatishga harakat qilasiz. Sayyoh, bu – O'zbekistonning mehmoni. Unga ham xalqimizga xos eng go'zal odatlarni, an`analarni ko'rsatishimiz kerak. Shukurki, bizda ko'z-ko'z qilishga arzigulik jihatlar juda ko'p, – deydi Nodirbek.
Mehmonxona jamoasi doimiy izlanishda. Ichkari hovlida mehmonlar kunduzgi sayrdan keyingi charchoqni chiqarish uchun milliy va jahon klassiq musiqalari sadolari ostida raqs tushishi, bir finjon qahva yoki bir piyola ko'k choy ichib, suhbatlashishi mumkin. Hovli atrofini o'rab turgan rango-rang gullar kayfiyatga yanada ko'tarinkilik baxsh etadi.
– Menimcha, mehmonxona nufuzini binoning katta-kichikligi emas, ko'rsatilayotgan xizmatlar sifati belgilaydi, – deydi boshqaruvchi. – Biz har bir mehmonga individual yondashishga, uning ko'nglini topishga harakat qilamiz. Shu maqsadda yangiliklar yaratishdan charchamaymiz. Devordagi bitta bezak yoki xonadagi bitta detal ham xizmat sifatiga ta`sir ko'rsatadi. Ozodalik, sarishtalik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Men xodimlarimizga sayyohlar bizning timsolimizda xalqimizning turmush tarzini ko'radi, shunga ko'ra harakat qilishimiz kerak, deb ko'p ta`kidlayman.
Yaqinda bir sayyoh «men Parijni ham, Rimni ham ko'rdim. Sizning mehmonxonangizdagi shart-sharoitlar ulardagi mehmonxonalarnikidan aslo qolishmaydi», dedi. Bunday e`tiroflar jamoani ruhlantirib, o'z vazifalariga yanada dildan yondashishga undaydi.

Muhabbat TO'RABOEVA

Boshqa xabarlar