Kasaba uyushmalari – islohotlarga kamarbasta

2,395

 

Xalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta`minlashga qaratilgan 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, shak-shubhasiz, tizimli islohotlarning  «yo'l xaritasi»ga aylandi.

Harakatlar strategiyasi aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, aholining muhtoj qatlamlariga ko'rsatiladigan ijtimoiy yordam sifatini, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog'liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta`lim muassasalarining qulayligini ta`minlash, umumiy o'rta ta`lim, o'rta maxsus va oliy ta`lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish kabi masalalarga alohida e`tibor qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Shu munosabat bilan joriy yil boshida Samarqand shahrida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tashabbusi bilan davlat va jamoat tashkilotlari hamda ushbu tashkilot va muassasalarning viloyatlar rahbar hamda mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili talablarining bajarilishida jamoat tashkilotlari rolini oshirish» mavzusida uch kunlik amaliy seminar o'tkazildi.

Anjuman yakunlari, unda ishlab chiqilgan tavsiyalarga asosan Samarqand viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi, tarmoq kasaba uyushmalari vakillari, mahalliy hokimliklar, hamkor jamoatchilik tashkilotlari vakillaridan iborat jamoatchilik guruhlari tashkil etilib, joylarda aholining yashash holatini o'rganish bo'yicha viloyat hokimligi, tuman va shahar hokimliklarida shtablar tuzildi, yanvar-fevral oylarida deyarli barcha aholi xonadonlari o'rganib chiqildi.

Jumladan, o'zim ham tarmoq kasaba uyushmalari shahar kengashlari raislari, hamkor jamoat tashkilotlari vakillari bilan Samarqand shahridagi xonadonlarda bo'ldim. Muloqotlar jarayonida aniqlangan muammolarning ko'pi joyida yechim topdi. Qolganlari yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich hal qilinishi uchun tegishli tashkilotlarga taqdim etildi.

Shuningdek, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tashabbusi bilan Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishini ta`minlash maqsadida iyun ­oyida Toshkent shahrida «Yurt taraqqiyoti yo'lida birlashaylik» shiori ostida kasaba uyushma faollarining Forumi o'tkazildi. Tadbir doirasida Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yelkadosh bo'lish, bu borada kuchlarni birlashtirish maqsadlariga xizmat qiluvchi Ko'maklashish dasturi va Forum ishtirokchilarining barcha kasaba uyushma a`zolariga Murojaat­nomasi qabul qilindi.

Yana bir muhim jihat, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholining kam ta`minlangan qatlamlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori ijrosini ta`minlash borasida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamda hududiy birlashmalarda ishchi guruhlari tuzilib, barcha viloyat, tuman, shahar hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida aholining ehtiyojmand qatlami o'rganilib, ro'yxatlar ­shakllantirildi. O'rganishlar davomida kam ta`minlangan oilalarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida imtiyozli kredit mablag'lari ajratib berilmoqda.

Ha, maqsad aniq, harakat dadil bo'lsa, muammolar hal bo'laveradi. Jamoat tashkiloti bo'lmish kasaba uyushmalari ham ezgulik yo'lidagi harakatlarga doimo kamarbastadir.

Sirojiddin IZZATULLAEV,

Transport, yo'l va kapital

 qurilish, qurilish industriyasi xodimlari Samarqand viloyat birlashgan kasaba uyushma

 qo'mitasi raisi

Boshqa xabarlar