Jahon tajribasi – faoliyat asosi

1,811

«GM O'zbekiston» AJ Xorazm viloyati filialida o'tkaziladigan har bir yig'ilishda mehnat xavfsizligini ta`minlash birinchi darajali masala sifatida ko'rib chiqiladi. Mehnat muhofazasi, harakat xavfsizligi va ekologiya bo'linmasi boshlig'i Doniyor Sobirov «Korxonamizning muvaffaqiyatga erishishi aynan xodimlarning mehnat muhofazasiga bog'liq», deya ta`kidlashdan charchamaydi.

Doniyor intiluvchan yoshlardan biri. 2013 yilda «GM O'zbekiston» AJ Xorazm viloyati filiali «Xorazm Avto» zavodi tashkil qilingach, unda shu jamoada ishlash fikri tug'ildi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o'tib, mehnat muhofazasi muhandisi lavozimida ish boshladi. Birinchi kunlardanoq qurilish-montaj ishlarini olib borgan pudratchi tashkilotlar quruvchilariga xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, uni xavfsizlik qoidalariga muvofiqlashtirish va qurilish baxtsiz hodisa hamda jarohatlarsiz amalga oshirilishida jonbozlik ko'rsatdi. «GM O'zbekiston» AJ Xorazm viloya­­ti filialida ishlab chiqarish sexlari to'liq ishga tushgandan keyin unga mehnat muhofazasi, harakat xavfsizligi va ekologiya bo'linmasiga yetakchilik qilishni ishonib topshirishdi. Ishchilar orasida xavfsizlik qoidalarini targ'ib etish va ularning amalda bajarilishi nazorati asosiy vazifaga aylandi.
Korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida ishchi-xodimlar uchun mehnat muhofazasi bo'yicha turli o'quv mashg'ulotlari tashkil etilib, kasb, ish turlari va lavozim yo'riqnomalari, kirish va ish joyi­dagi yo'riqnoma jurnallari hamda xavfsizlik texnikasi bo'yicha ishlarning namunali tarzda yo'lga qo'yilgani, baxt­­­siz hodisalarning oldini olishga yo'naltirilgan chora-tadbirlar o'z vaqtida bajarilishi ta`minlanayotganiga guvoh bo'ldik.
Xorijiy tillarni yaxshi bilganligi bois Doniyor Sobirovga jahon tajribasini o'rganish va amaliyotga tatbiq qilish qiyin emas. Bir necha bor Janubiy Koreyada, Tailand va Hindistonda malaka oshirib qaytdi. Uning innovasion g'oyasi asosida filialda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi va mehnatni muhofaza qilish komissiyasining, jamoatchilik vakillirining ishlashi, kamchiliklarning o'z vaqtida tahlil qilinishi va bartaraf etilishiga xizmat qiluvchi onlayn dastur yaratildi.
– Bu dastur kamchiliklarni onlayn tarzda yagona bazaga kiritish, mas`ul xodimlarni ogohlantirish va muammoni to'liq yoritib berish hamda bartaraf qilish, jarayonni nazorat qilib borishga xizmat qiladi, – deydi Doniyor Sobirov. – «GM O'zbekiston» AJ qo'shma korxona hisoblangani uchun bu yerda Xalqaro GM standartlari bilan mahalliy talablarni uyg'unlashtirgan holda ish olib boramiz.
2017 yildan filialda yangi «Xalqaro xavfsiz ish joylari tizimi» dasturi amalga tatbiq qilinyapti. Nainki, GM-GMS tizimi People Involvment (ya`ni xodimlarni jalb qilish) prinsipi bo'yi­­cha zavod eksperti hisoblanadi. Bu tizim butun jahon bo'yicha GM zavodlarida xavfsiz ish joylarini tashkil qilgan holda, sifatli avtomobillarni ishlab chiqarib, samaradorlikka erishish uchun xizmat qiladigan vosita hisoblanadi.
Mahoratli mutaxassisning izlanishlari, samarali mehnatlari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­si e`tiboriga tushdi, albatta. D.Sobirov ikki yil avval «Mehnat muhofazasi bo'yicha jamoat nazoratini eng yaxshi tashkil etish» yuzasidan res­publika ko'rik-tanlovida birinchi o'rinni, bu yil esa «Mehnat muhofazasi ­bo'yicha eng yosh mutaxassis» respub­lika ko'rik-tanlovida ikkinchi o'rinni egalladi.

Marat EShMETOV,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
bo'lim mudiri

Boshqa xabarlar