Suyanch bo'lolsak, baxtlimiz!

648

Kengashimiz tasarrufida 80 ta tashkilot bo'lib, 4881 nafar kasaba uyushma a`zosini o'z atrofiga birlashtirgan. Ibratli ishlardan andoza olish, ilg'or tajribalarni o'rganib, uni amaliyotga tatbiq etish har qanday sohada samaradorlik garovidir. O'z o'rnida biz ham bunga e`tibor qaratyapmiz. Elektron tizimning takomillashtirilgani ish sifatini birmuncha oshirdi. Ma`naviyat, dam olish xonalari kerakli jihozlar bilan boyitildi. «Kasaba uyushmasiga a`zo bo'ling» mavzuidagi bukletlar, kasaba uyushmasiga a`zolik afzalliklarini ifodalovchi stendlar muhim targ'ibot vositasi bo'lib xizmat qilmoqda.

Faoliyatimizdagi takomillashuvni a`zolarimiz ham e`tirof etishyapti. Buni ijtimoiy sug'urta mablag'i hisobidan sihatgohlarda dam olib, salomatligini tiklash imkoniga ega bo'layotganlar soni ko'payishi misolida yaqqol ko'rishimiz mumkin.
O'rni kelganda, bu yilgi sog'lomlashtirish mavsumi haqida ham to'xtalib o'tsak. Yozgi ta`til davrida tumanimizdagi maktab oldi oromgohida 160 nafar bola dam oldirildi. E`tiborli jihati, faqat dam olish maskanining o'zida tadbirlar uyushtirish bilan cheklanmay, Dehibalanddagi «Imom Hasan-Imom Husan» ziyoratgohi, Nurota shahridagi «Chashma tarixiy majmuasi» hamda madaniyat va istirohat bog'iga sayohatlar uyushtirildi. Shuning barobarida, stasio­nar oromgohlarda 120 nafar o'g'il-qiz, bundan tashqari, Zarafshon shahrida joylashgan «Zarafshon» oromgohida kam ta`minlangan iqtidorli bolalardan 100 nafari mazmunli hordiq chiqardi.
Xodimlar o'rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga e`tibor qaratilishi ish samaradorligini yaxshilashda mustahkam zamin yaratmoqda. Misol uchun, «Sport – salomatlik garovi» musobaqasining tuman bosqichi ko'tarinki ruhda o'tkazilib, g'oliblar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi. Ta`lim xodimlari o'rtasida «Sog'lom oila» shiori ostida kechgan «Otam, onam va men» sport musobaqasining tuman bosqichi ham sport bilan oilaviy tarzda shug'ullanishni rag'batlantirdi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan shaxmat musobaqasi esa alohida ko'tarinkilik baxsh etdi. «Aql gimnastikasi» bahsida sohada faoliyat ko'rsatayotgan 18 nafar xotin-qiz va 26 nafar o'quvchi-qiz o'zaro kuch sinashdi va yuqori natija egalari munosib rag'batlantirildi.
Navro'z bayrami arafasida «Chevar», «Binafsha», «Feruza», «Yulduz» MTMlarida bo'lib o'tgan «Sizga ta`zim, onajonlar» nomli uch avlod uchrashuvlari tadbirlariga 18 nafar nuroniy onaxon taklif etilib, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatildi.
Soha faxriylari, qolaversa, mehrga muhtoj insonlar hech vaqt e`tiborimizdan chetda emas. Bayramlarda ularni yo'qlab, ko'nglini ko'tarishga harakat qilamiz. Xususan, nafaqadagi 11 nafar, bemor bo'lgan 4 nafar xodimning holidan xabar olinib, kam ta`minlangan 32 ta oilaga moddiy yordam ko'rsatildi. Muborak Ramazon oyida ko'p bolali va ehtiyoj­mand oila vakillarining 42 nafariga xayr-ehson ko'rsatildi.
Ichki turizmni rivojlantirishga hissa qo'shish ham faoliyatimizning ajralmas qismiga aylangan. Eng muhimi, bundan oddiy ishlovchilar, kasb egalari manfaatdor bo'lyapti. Jumladan, Xiva, Samarqand va Buxoro shaharlariga faxriylar, kam ta`minlangan va hozirda sohada faoliyat olib borayotgan 200 nafardan ortiq xodimlar ishtirokida uyushtirilgan sayohat taassurotlarga boy bo'ldi.
Mehnat jamoalarida «Ustoz-shogird» an`anasini rivojlantirish maqsadida kengashimiz tomonidan amaliyotni yaxshi o'tagan kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridan 24 nafariga eng kam ish haqining 20 foizi, ularning ustozlaridan 4 nafariga 50 foizi miqdorida moddiy yordam ajratildi.
Mehnat xavfsizligini ta`minlash jiddiy vazifa hisoblanadi. Buning uchun nafaqat e`tiborlilik, balki maxsus bilimga ega bo'lish ham talab qilinadi. Ta`lim muassasalari o'rtasida «Mehnat muhofazasi bo'yicha jamoat nazoratini eng yaxshi tashkil etish yuzasidan Respublika ko'rik- tanlovi»ning tuman bosqichi ana shu maqsadga xizmat qildi. Tanlov yakuniga ko'ra, faoliyati yuqori baholangan 2-umumta`lim maktabi kasaba uyushma qo'mitasi viloyat bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Mazkur maktabda faoliyat uchun barcha sharoit yaratilgan bo'lib, xodimlar Mehnat kodeksi hamda jamoa shartnomasi asosida belgilangan imtiyozlardan to'liq foydalanmoqda.
Joriy yilda «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» ko'rik-tanlovining tuman bosqichi g'olibi – 13-MTM tarbiyachisi Shahnoza Bavoevaning viloyat bosqichida 2-o'rinni egallagani faxrlanarli voqealardan biri bo'ldi.
Bugungi kunda ta`lim sifatini yuksaltirish, mahoratli o'qituvchilarni qo'llab-quvvatlash, mehnatini qadrlashga e`tibor oshgan bo'lib, tumanimiz o'qituvchilari buni o'z faoliyatida yaqqol his etishmoqda. O'quv yili arafasida uyushtirilgan an`anaviy Avgust kengashida 17 nafar ilg'or pedagogga sovg'a berilgan bo'lsa, O'qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan 46 nafar faxriy va 136 nafar ilg'or pedagog xodimlar qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Yana bir jihat, joriy yilning shu kuniga qadar 48 nafar ko'p yil mehnat qilgan o'qituvchiga sihatgohlarga yo'llanma ajratildi.
Murojaatlar bilan ishlash masalasi hamisha jiddiy yondashuvni talab etadi. 2018 yilning to'qqiz oyi davomida xodimlardan 9 ta yozma va 35 ta og'zaki murojaat kelib tushgan bo'lib, barchasi atroflicha o'rganilib, muammolarga kerakli yechim topildi. Shuningdek, moddiy yordam so'ralgan 318 ta arizaning barchasi qoniqtirildi. Sanatoriyga yo'llanma so'ralgan 50 ta arizadan 44 tasiga ijobiy javob berilib, qolganlarini kelgusida qondirish rejalashtirildi.
Sog'lom va barkamol avlodni ­voyaga yetkazishdek ezgu ishda kamarbasta bo'layotgan tarmoq xodimlarining har biri e`tibor va rag'batga loyiqdir. Ular mehnatining munosib qadrlanishi esa kasaba uyushmasi faoliyati bilan uzviy bog'liq bo'lib, bu esa o'z navbatida tinimsiz harakat qilishni taqozo etadi.

Q.RAHMONOV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari
kasaba uyushmasi Nurota tumani kengashi raisi

Boshqa xabarlar