Jasur va mard alloma

676

O'zbekiston yozuvchilar uyushmasida taniqli adabiyotshunos olim, akademik Matyoqub Qo'shjonov tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan adabiy kecha tashkil qilindi. Unda ustozning shogirdlari, shoir-yozuvchi, munaqqidlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

Matyoqub Qo'shjonovning ilmiy merosi XX asr o'zbek adabiyotining rivojlanish tamoyillari, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va yozuvchi mahorati masalalariga bag'ish­langan. Olimning tadqiqotlarida Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov singari qalam ahllarining mahorati o'rganilgan va badiiy asarning syujet, kompozisiya, xarakter va konflikt masalalari tahlil qilingan.
– Oybek, Abdulla Qahhor kabi zabardast yozuvchilarimizning asarlari Matyoqub Qo'shjonovning tahlili, munosabati tufayli kitobxonga yanada yaqin bo'lardi, – deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov. – Domladan o'tkazib u yoki bu asar haqida gapirish mushkul bo'lib, adabiyotda yaratilayotgan mazmunli asarlar haqida yangi gap aytish, o'quvchini asl kitoblar mutolaasiga oshno etish hadisini olgan edi u kishi.
Tadbirda Muhammad Ali, Suvon Meli, Rahimboy Jumaniyozov kabi olim va yozuvchilar ustozning ijod va hayot yo'li haqida to'xtalib o'tishdi.
M.Qo'shjonovning «O'zbekning o'zligi», «Abdulla Oripov», «Tepki bosildi», «Alam», «Dagish», «Armon» kabi ko'plab asarlari o'zbek kitobxoni ma`naviy olamini boyitishi, ularga estetik zavq berishi shubhasiz.

Davronbek ORIPOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar