Sportsevar xodimlarga rag'bat

812

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi ishchi-xodimlarning sport bilan shug'ullanish­i, sog'lom turmush tarziga rioya etishini rag'batlantirish maqsadida turli sport tadbirlari tashkillashtirmoqda. Xususan, Federasiyaning sport jamoasi joriy yilda vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari o'rtasida o'tkazilgan «Do'stlik spartakiadasi»da sportning shaxmat turi bo'yicha birinchi, shashka musobaqalarida ikkinchi, futbol turi bo'yi­­cha esa uchinchi o'rinni egalladi.

Bundan tashqari, joriy yilning 18 avgustidan 2 sentyabrigacha Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo'lib o'tgan XVIII Osiyo o'yinlarida 17 nafar kasaba uyushma sportchisi O'zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, xalqaro maydonda sportning og'ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish va eshkakli slalom turlari bo'yicha 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo'lga kiritdi. Bu yutuq sport sohasida tarmoq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar ko'lamini kengaytirish, kasaba uyushma a`zolarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish, yangi marralarni zabt etish va yanada yaxshi natijalarni qayd etishga undaydi.
Kasaba uyushma a`zolarining sportdagi muvaffaqiyatlarini taqdirlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda «Do'stlik spartakiadasi» g'olib va sovrindori bo'lgan 12 nafar kasaba uyushma sportchisi rag'batlantirildi.
Tadbirda xodimlarning sport bilan muntazam ravishda shug'ullanishi uchun sharoit yaratish, erishgan muvaffaqiyatlarini o'z vaqtida taqdirlash hamda bu orqali jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, kelgusida O'zbekis­ton kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi tasarrufidagi Jismoniy tarbiya va sport-sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha rejalar belgilandi.

A`zam ABULFAYZOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar