Mamlakatimiz uchun urbanizasiya qanchalik muhim?

485

Prezidentimizning 2019 yil 10 yanvardagi «Urbanizasiya jarayon­larini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni biz uchun nechog'li ahamiyatli? Urbanizasiya jarayonining asl mohiyati nimalardan iborat?

Urbanizasiya lotincha «urbanus» so'zidan olingan bo'lib, mazmun-mohiyatiga ko'ra jamiyat rivojida shaharlar, shahar madaniyati va shaharlarga xos boshqa munosabatlarning rivojlanish jarayoni demakdir. U qishloq aholi ­pun­k­t­­larining shaharlarga aylanishi, shahar atrofi zonalarining kengayishi hamda ­qishloq aholisining shaharlarga ko'chib borishi hisobiga yuz beradi.
Ushbu jarayon yildan-yilga jadallashib bormoqda. Statistik ma`lumotlarga ko'ra, 1800 yilda dunyo aholisining atigi 2 foizi shaharlarda yashagan, 1950 yilda bu ko'rsatkich 30 foizni tashkil qilgan, hozirda esa 50 foizga teng. 2050 yilga borib esa sayyoramiz aholisining uchdan ikki qismi shahar mintaqalarida istiqomat qilishi taxmin qilinmoqda.

Urbanizasiya jarayoni 3 ta asosiy bosqichda rivojlanadi. 
Dastlabki shakllanayotgan urba­nizasiya bosqichida shahar aholi­sining ulushi 50  foizdan  past ko'rsatkichda bo'lib, yangi shaharlar vujudga keladi va ayrim qishloq joylar shahar maqomiga ega bo'ladi. Yirik shaharlarning tez sur`atlarda o'sishi  boshlanadi. Eng yirik shaharlarning o'sishi ayrim hollarda «soxta» urbanizasiya tarzida, aniqrog'i, shahar chekkalarida qishloqdan ko'chib kelgan past daromadli aholi uy-joylarining zichlashib borishi ko'rinishida kechadi. Hozirgi kunda Osiyo va Afrika qit`alaridagi qator rivojlanayotgan mamlakatlar urbanizasiyaning ana shu bosqichini boshdan kechirmoqda. 
rivojlangan urbanizasiyaning ikkinchi bosqichi «millioner» shaharlarning yuqori sur`atlarda o'sishi hamda yirik shaharlar atrofida aglomerasiyalarning vujudga kelishi bilan  tavsiflanadi. Shaharliklarning jami aholiga nisbatan ulushi 50 foizdan ortib ketadi, yangi shaharlar deyarli vujudga kelmaydi, mavjud shaharlar, ayniqsa, yiriklari tez rivojlanib, shahar manzilgohlarining tizimlari shakllanib boradi.
Urbanizasiyaning ushbu yuqori bosqichi Sharqiy Yevropa, Lotin Amerikasi, Janubi-G'arbiy Osiyo, Shimoliy Afrika, MDH davlatlari hamda Okeaniya mintaqasidagi ko'plab mamlakatlarga xosdir.
Yana farmon mazmun-mohiyatiga qaytamiz. Unga ko'ra, joriy 1 iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Ma`lumki, umumjahon miqyosida mulkdor huquqining himoya qilinishi — iqtisodiy faoliyatning muhim shartlaridan biri sifatida e`tirof etilgan. Tasavvur qiling: siz mulkdorsiz! O'zingiz yoxud farzandingiz uchun hovli qurmoqchisiz, zavod, fabrika ochib, ishga tushirmoqchisiz. Lekin ish boshlashingizdan avval sizda biroz hadik bor! Qurayotgan uy yo fabrikamni keyinchalik buzib yuborishmasmikan, o'rniga bosh­­qa ob`ekt qurilmasmikan? Aynan mazkur farmon fuqarolarimizning xususiy mulkka bo'lgan huquqini kafolatlaydi. Endilikda siz qonun doirasida sotib olgan mulkingizga istaganingizcha egalik qilishingiz, lozim topsangiz, investisiya kiritishingiz mumkin.
Sal oldinroq kun.uz saytida Iqtisodiy rivojlanishga ko'maklashuv markazi rahbari Yuliy Yusupovning ushbu mavzu yuzasidan bildirgan ­fikrlari e`lon qilingan edi. Uning quyidagi fikrini aynan keltiramiz:
– Agarda mulkdorlik huquqi himoya­lanmagan bo'lsa, iqtisodiyotimizga investisiya kiritishni istaydiganlar ko'p bo'ladimi? To'g'ri: judayam kam bo'ladi! Shu bois (va boshqa sabablar bilan) bizda investorlar juda kam. Natija esa aniq: raqobatbardosh ishlab chiqarish kam, ish o'rinlari kam, maoshlar past.
Dunyoda eng qimmat yer Tokiodagi ko'chalardan birida joylashgan. Tabiiyki, ko'cha osmono'par binolar bilan to'la: yerning har bir qarichi qimmat turadi. Va mana shu super hashamatli va zamonaviy inshootlar orasida kichkinagina ikki qavatli uy joylashgan. Judayam kichkina, xunuk, shahar dizaynini buzuvchi uy. Badbasharalikmi? Estetika nuqtai nazaridan javob beradigan bo'lsak, ha. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan esa ulkan yutuq: mulkdor huquqi himoyalanganining belgisi! Va uning egasi osmono'par imorat qurishni ham, yerini sotishni ham xohlamaydi. Xohlamaydi, tamom-vassalom. Va hech kim unga qarshi hech nima qila olmaydi!
Mazkur farmonda ipoteka bozorini rivojlantirish, ipotekani kreditlashning yangi shakllarini ishlab chiqish haqida ham to'xtalingan. Ya`ni «… ipotekani kreditlashning yangi shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o'rta va uzoq muddatli ipoteka obligasiyalarini chiqarish hamda ularni institusional investorlar orasida joylashtirish orqali ipoteka bozorini rivojlantirish, shuningdek, milliy ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mab­lag'larini jalb qilish» belgilanishi ko'rsatilgan. Bunga muvofiq, beriladigan ipoteka kreditlari oddiy fuqarolarga ham, tadbirkorlarga ham birdek foyda keltiradi. Chunki har ikkisi ham kelajagi uchun investisiya kiritish imkoniga ega bo'ladi. Xususiy mulki bo'lgan fuqaroga ipoteka krediti berish afzal, albatta. Garov mavjud bo'lishi banklarga kredit qaytarilmasligi xavfini pasaytiradi. Bu imkoniyat foiz stavkalarini pasaytirish ham deganidir.
Ilgari aksariyat hollarda yer oldi-sotdisi yashirincha va ba`zan noqonuniy amalga oshirilar edi. Endi esa bularning barchasi qonun asosida ochiq va shaffof tarzda yuz beradi. Binobarin, ushbu farmon xufyona iqtisodiyotdan chekinish va korrupsiyaga qarshi kurashda muhim qadamdir.

Davronbek ORIPOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar