QABRISTONGA DABDABA YaRAShADIMI?

639

Ota-onani hurmatlash, davlatining toji deb bilish xalqimizga xos go'zal fazilat. Guruch kumaksiz bo'lmaydi, deganlaridek, bu borada ham ayrim istisnolar borligidan ko'z yumolmaymiz. Ota-onasi hayotligida ularga mehr ko'rsatmay, dunyodan o'tgach, dabdabali marosimlar o'tkazayotgan, hashamatli qabrtosh o'rnatayotgan qalbi so'qir kimsalar  oramizda uchraydi.

“Nuroniy” gazetasida Abdulahadqori Tojiboev shu mavzuda hayotiy misollar asosida kuyunchaklik bilan fikrlarini bayon etgan.

Maqola bilan quyida tanishing.

Mushohada uchun mavzu

QABRISTONDAGI DABDABA

yoxud ota-onasini vafotidan so'ng eslaydiganlar xususida

Xom sut emgan bandamiz, ba`zan bilib turib, xato qilsak-da, noshud, oqibatsiz va xudbin ekanligimizni tan olmaymiz. Besh kunlik dunyoning orzu-havasi, deb baxtimiz bog'bonlari – ota­-onamizni ham unutib qo'yamiz. Vaqti kelib, ayrilgandagina ularning qadrini bilamiz.

Bir paytlar ahamiyatsiz tuyulgan o'gitlari qulog'imiz ostida sehrli navo kabi jaranglaydi-yu, o'zlarini topolmaymiz. Nolon ko'zyoshimiz yuzimizni yuvsa-da, qalbdagi armon sitamini aritolmaydi. Oramizda shundaylar borki, hayotligida qadrlamagan ota-onasini vafotidan so'ng yodga olib, keraksiz dabdabaga zo'r beradi. Go'yoki, bu ham uning o'zi kabi xudbin maqsadi yo'lidagi yana bir imkoniyat.

Qishloqdagi bir tadbirdan qaytayotgandim, qo'l telefonim jiringladi. Shaharda dong'i chiqqan, bir paytlar jo'ramiz bo'lgan Azimboy (ismlar o'zgartirilgan) ekan.

— Qori aka, ko'rishsak bo'ladimi? Maslahatli ish bor edi, – dedi u.

— Albatta.

— Hozir yoningizga boraman.

Azimboy zum o'tmay yetib keldi. Bir piyola choydan so'ng maqsadga o'tdi.

— Bilasiz, ikki oy avval onamni tup­roqqa qo'ydim. Shu-shu vaqtim bo'lmayotgandi, o'tgan kuni qabristonga bordim. Onam qo'yilgan joyni topolmay, ancha qiynaldim. Shu bois, bita qabr­tosh yasatmoqchiman. Narxining ahamiya­ti yo'q. Faqat eng zo'ri bo'lsin. Shu masalada yordam bersangiz degandim….

— Qabrtoshining onangizga qanday foydasi tegadi, deb o'ylayapsiz?

— Nega tegmas ekan?  Ko'rgan odam havas qilsin, qoyil qolsin.

— Qabriston havasmandlar manzili emas…

Xayolimda keksaligi “Saxovat ­uyi”da o'tgan Azimboyning yo'liga har kuni intizor ko'z tikkan mushfiq onaning nigohi gavdalandi. Pul gadosiga aylangan boyvachchaning kunda emas, haftada bir onaizorini yo'qlashga vaqti yo'q edi. Hayotligida volidasiga bir juft issiq non ilinmagan bu yigit pulning kuchidan uyni uchta, xotinni ikkita qildi-yu, ammo onasiga mehr berolmadi. Endi esa uning qabriga marmartosh qo'yarmish.

Azimboyga imkoni boricha bu narsaning onasiga foyda emas, zarar keltirishini, undan ko'ra shu pulga kamta`minlangan, nogironligi bo'lgan oilalarga yordam bersa, savobi ko'proq bo'lishi to'g'risida atroflicha ma`lumot berdim. Lekin, u baribir o'z aytaginadan qolmadi.

So'nggi manzildagi manmanlik

Mansur bobo nabirasini olib, rahmatli kampirini yo'qladi. Tilovatdan so'ng yon-atrofni xas-xashakdan tozaladi. Qabriston oralab qaytishayotganda nabirasi bir haybatli qabr toshi oldida to'xtab qoldi.

— Vuy, yaraqlashini qarang, bobo!

— Manmanlikning belgisi, bolam. Toshning chiroyiga qiziqma, g'oyat xunuk amal bu.

Nabira-ku, tushunmadi, biroq boboning ko'ngli buzildi. Negaki, bu hamqishlog'i Salim otaning qabriga qo'yilgan marmartosh edi. “O'lding, aziz bo'lding”, deganlaridek, tirikligida yolg'iz farzandi mehriga to'ymagan, kimsan, “falonchi falonchievich”ning otasi bo'lsa-da, rahbar bolasi bilan besh daqiqa suhbat qilolmagan Salim ota hovlida bir o'zi abgor ahvolda yashab o'tdi. Uch-to'rt oyda bir keladigan o'g'li, hatto, mashinadan ham tushmay, otasining qo'liga besh-to'rt so'm bergan bo'lardi-da, “men ishdan, nabiralaringiz o'qishdan ortmayapmiz. Mana, pul, istaganingizni yeb-iching, chollar bilan choyxona qiling. Xullas, maza qilib, davr suring!”, derdi-da ortiga qaytardi. Shundoq ham pensiya pulidan ortganini nimaga ishlatishni bilmay boshi qotadigan ota bir siqim pulga tikilgancha qolaverardi.

Eng yomoni ota yolg'izlik dardidan qutulib, dorilbaqoga ketganidan so'ng ro'y berdi. Tirikligida keragicha yo'qlayolmagan o'g'il katta-katta ma`rakalar qilib, odamlar orasida go'yo mehribon o'g'il sifatida nom qozonmoqchi bo'ldi. Qabristondagi yodgorlik ham manman o'g'ilning obro' orttirish maqsadida qilgan amali edi. 

Qabrtosh qo'yish shartmi?

Aslida, qabriston ziyorati sunnat amallardan hisoblanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz (s.a.v.) hadisi muboraklarida shunday deganlar: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana, endi qabrlarni ziyorat eting, zero, u sizlarga oxiratni eslatadi. (Imom al-Buxoriy rivoyati).

Ha, qabriston tiriklar uchun ibrat manzili hisoblanadi. Ba`zilar qabrtoshi qo'yib, shu joyning muvaqqat egasiga aylanmoqchi bo'ladilar. Holbuki, qabriston odobiga ko'ra, marhum qabriga kichikroq biror belgi yoki lavh qo'­yishning o'zi kifoya. Demak, ulug'larimiz nomi bilan bog'liq ziyoratgohlardan farqli o'laroq, qabrga ortiqcha hasham berish ma`naviyatsizlik belgisi.

Xullas, manmanlik ortidan qabris­tonda nojo'ya xatti-harakat qilayotgan kishilarga aytarimiz shu: ko'r-ko'rona amallaringizni marhumlar maskaniga tiqishtirmang. Bu bilan ikki dunyoingiz g'aflatda qoladi.

Abdulahadqori TOJIBOEV,

Burxoniddin Marg'inoniy

masjidi imom-xatibi.

Andijon viloyati

2019 yil 23 yanvar

“Nuroniy” gazetasi, 4-son.

Boshqa xabarlar